TUYA KIMNIKI?


Nabiy sallollohu alayhi va sallam ansorlardan birining bogʼiga kirdilar. U yerda bir tuyani koʼrdilar. Tuya Rasululloh sallollohu alayhi va sallamni koʼrishi bilan ingrab koʼzlaridan yosh toʼkdi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam unga yaqinlashib boshini siladilar. U jim boʼldi. Soʼngra soʼradilar:
-Bu kimning tuyasi?
Аnsorlardan bir yigit keldi va “Meniki, ey Аllohning Rasuli!”, dedi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam unga qarab:
-Аllohdan qoʼrqmaysanmi bu jonivor toʼgʼrisida?! Аlloh uni senga mulk qilib bergan. U menga sendan shikoyat qilayapti. Sen uni qattiq ishlatar ekansan, och qoldirar ekansan, qiynar ekansan!
Bugun oʼzlarini rivojlangan hisoblab bizga inson huquqlaridan lektsiya oʼqiydiganlar bilib qoʼysinlarki, biz 1400 yil oldin insonni uyoqqa qoʼyib turaylik, hatto hayvonlar huquqini talab qilib lektsiyalar oʼqiganmiz. Biz dinimizni yangi tutgan vaqtimizda butun qadriyatlar oyoq ostida edi. Hurmatlar suistimol qilingan, mol, jon halol hisoblanar edi. Biz butun olamga adolat bilan hukm qildik. Insoniyatni taraqqiyot sari yetakladik. Islomga yengil qaragan kunimizda esa ortda qoldik, toʼxtab qoldik. Bu ummatning oxiri avvalgilari tuzalgan narsa bilan tuzaladi. Yaʼni, kitob va sunnat bilan.
Аllohning eng suyukli ismi Rahmondir. Аlloh bandalari ichidan rahmlisini yaxshi koʼradi. Insonga rahmlisini, hayvonga rahmlisini, daraxt va oʼsimliklarga rahmlisini yaxshi koʼradi…
Аlloh bandasiga beradigan rizqning eng goʼzali maxluqotlarga nisbatan rahm va shafqat tuygʼusidir. Chunki, rahm qilmaganga rahm qilinmaydi.
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bir hayvonning och qolishiga, qattiq ishlatilishiga, qiynalishiga rozi boʼlmadilar. Bu din oʼz tobelarini insoniylikning eng yuksak choʼqqisiga koʼtardi. Ularni hayvonlarga rahm qilishga undadi. Insonlarni endi qoʼyaverasiz!
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bizga Bani Isroildagi bir ayol bir mushukni qiynab ovqat bermagani va u mushuk och qolib halok boʼlgani uchun Аlloh u ayolni doʼzaxga kiritganini aytishlari bilan bizga ruhlar, jonlar garchi hayvonniki boʼlsada uni ehtirom qilishni oʼrgatayaptilar.
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bizga bir kishi sahroda ketayotib chanqaganini, soʼngra bir quduqqa tushib suv ichganini, soʼngra oʼsha atrofda bir it nam yerni yalab turganini koʼrib qolganini, unga rahmi kelib oyoq kiyimida suv olib chiqib unga berganini, Аlloh uni shu ishi uchun magʼfirat qilganini aytib berishlari bilan kimki maxluqotga qanaqa sifat bilan muomala qilsa Аlloh ham unga oʼsha sifat bilan muomala qilishini oʼrgatdilar. Kim rahm qilsa rahm qilinadi, kim rahmsiz boʼlsa unga ham rahm qilinmasligini anglatmoqchi boʼldilar.
Imom Zahabiy rohimahulloh aytadi:
“ Masʼud Hamadoniy kechirish va avf qilishni yaxshi koʼrar ekan. U kishilarni ham kechirishga targʼib qilar, unga daʼvat qilar ekan. Kim undan uzr soʼrab kelsa uning uzrini qabul qilar, uni avf qilar unga: “Oʼtmish eslanmaydi” , der ekan. U vafot qilganida solihlardan bir kishi uni tushida koʼrib soʼrabdi:
-Ey Masʼud! Аlloh senga qanday muomala qildi?
Masʼud javob beribdi:
-Аlloh taolo meni huzurida turgʼizib qoʼyib: “Oʼtmish eslanmaydi. Uni jannatga kiritinglar”, dedi.
Аbdulqodir Polvonov telegram kanalidan.