BAXTIYOR TURSUN

(“Musofirchilikda qiziq hangomalar” turkumidan)
“SODDA” (bo’lgan voqea)
Bu voqeaga ikki yildan oshdi.
Uyga telefon qiluvdim,ayolim aytib qoldi.
-Qishloqdan bir bola Moskvaga ketayapti ekan,sovg‘a salom berib yubormoqchimiz.
Nimalar berib yuboraylik?
-Kim kelayapti ekan?,-so‘radim men.
-Falonchi akaning o‘g‘li, Indamasboy borayapti ekan Moskvaga.
-Xa Indamasboy Moskvaga kelayaptimikin?yaxshi bola u.
Avvalo mening telefon raqamimni ber.
Qaysi aeraportga kelayapti ekan,chiqib kutib oladiganlari bormikan?kimlarning oldiga kelayapti so‘ra.
Keyin o‘zing bilasan,xozir ayni bahor vaqti,ko‘k somsani yaxshi ko‘raman,ismaloqdan ko‘k somsa qilib berib yubor.Qurut ham,patir yana.
Bo‘ldi shularni berib yuborsang men xursandda xotinjon,a yana boshingda o‘rab yurgan ro‘molingni ham berib yubor.
-Ro‘molimni boshingizga urasizmi?,-xayron bo‘ldi u.
-Boshimga urmayman,boshimga o‘rab xidingni xidlab yotaman,sog‘indimda seni,-o‘zimning xazilimdan o‘zim mazza qilib kuldim.
-Jinni bo‘psiz siz,-dedi u ham.
Indamasboy haqida ikki og‘iz aytib o‘tsam.
Bola vaqti bir og‘iz gapirmas,doimo bir qo‘lini shimini ichiga tiqib bulbulchasini ushlab yurardi,biror gap so‘rasak pastki labini tishlab olib xo‘mrayib indamasdan turaverardi.
Shu kamgapligi sabab qo‘ni-qo‘shnilar uni Indamas deb nomlab ketishgan,otasi qo‘ygan metirkasidagi ismi esimizdan ham chiqib ketgan.
Xullas Indamasboy keladigan kuni yana uydagilar bilan gaplashdim.
-U bola tog‘alarining oldiga borayapti ekan,tog‘alari kutib olar ekan.Raqamingizni berdim,borib sizga telefon qiladi.Aytgan narsalaringizni hammasini berdim.
-Ro‘molchi,ro‘mol esdan chiqmadimi?,-o‘zimni jiddiy tutib so‘radim.
-Ey boringey,-dedi yu,telefon o‘chdi.
Oradan bir kun o‘tgach tushlikka yaqin telefonim jiringladi.
Qarasam begona raqam.
-Alo,kim bu?-dedim yashil tugmachani bosib.
-O‘o‘o‘o‘o‘ assalomu alaykum,Baxtiyor aka yaxshimisiz?menman aka keldim,-deya xursand ovozi keldi Indamasboyning.
-Eeeee senmisan,xush kelibsan Moskvaga yaxshi yetib keldingmi?
-Rahmat aka,keldim samolyotda,mazza qilib bulutlardan baland uchdimey.
-Yaxshi molodes,qayerdasan xozir?
-Shu Moskvadamanda.
-Moskva kattada,qayeridasan?,-dedimu o‘zimga o‘zim u birinchi marta kelishi bo‘lsa,umrida qishloqdan chiqmagan,kecha kolledjni bitirgan yosh bola bo‘lsa,qayerdan bilsin qayerdaligini dedim.
-Moskvadaman aka,katta katta uylar borku,baland baland shu uylarning oldidaman.
-Oldingda biron kishi bormi?Telefonni ber.
-Xech kim yo‘q aka,bir o‘zimman,hamma ishga ketgan.Bugun kelasizmi?yangam berib yuborgan ko‘k somsalar achib ketadi tezroq kelib olib ketmasangiz.
-Ha boraman,avval seni qayerda ekanligingni bilib olayda.
-Shu aytdimku aka,katta katta uylar oldidaman,nechchi yildan beri yurib Moskvani bilmaysizmi?
Uning javobidan baqirib kulib yubordim.
-O‘vvv ovvpa,-dedim,-Moskvada nima ko‘p baland uy ko‘p,mingta bunaqa uylar,qaysi biridan izlayman seni,xuddi qishloqda turib kelavering Amir supaning oldida turibman deganday gapirasan(qishlog‘imizda Amir supa degan tepalik bo‘lardi yoshligimizda)
-Xay bilmasam unda,-dedi u.
-Balkonga chiqib atrofga qara,bironta ko‘chaning nomi yozilgan bo‘lsa menga ayt.
-Xozir aka,biz yigirma to‘rtinchi qavatda ekanmiz,kecha liftda chiqishda bildim.
-Yaxshi shuni bilishga kallang ishlabdi.
-Chiqdim aka,o‘xo‘o‘o‘ daxshat balandku,voy bo‘o‘o‘o‘,xech qanday yozuv yo‘q.
-Tog‘alaringni telefon nomeri bo‘lsa,telefon qilib so‘rachi?
-Yo‘qda aka,saqlab qo‘ymapman,faqat sizning nomeringiz bor,uni ham yangam qog‘ozga yozib beruvdida.
-Rosa qiziq bola ekansanku? Endi seni qanday topaman.
-Topingda aka,hamma sizni Moskvani besh qo‘lday biladi deydiku.
-Jonga tegdingu Ovvpa,manzilingni aytsang topamanda,qayerdan bilaman sen qayerdasan xozir.
Atrofga qarachi balkondan,nimalar ko‘rinayapti.
-Xozir,Eeeee pastda odamlar yuribdi,ko‘m ko‘k maydoncha,ayollar kuchuk yetaklab yuribdi,bizda ayollar bola yetaklasa,bu joyda kuchuk olib yurarkaney,ana kampirlar xam pishakday kuchuk olib yuribdi,yoki pishakmikin,yaxshi ko‘rinmayapti.
-Senga ayollarga qara demadim,bironta kattaroq bino bormi,Kremlmi? Moskva sitimi?
-Bilmasam aka,Moskva sitisi ham bormi xali?
O‘…o‘o‘.. samolyot o‘tayapti,pastlab o‘tayapti,kecha men minib kelgan samolyot.Rosa pastdan o‘tayaptiyey.
-Qarachi qo‘nayaptimi? Yoki ko‘tarildimi?
-Pastlayapti,ana ana pastlab ko‘rinmay ketdi.
-Xa demak qo‘nayapti,demak sen aeraportga yaqin joydasan,ammo qaysi aeraportga?
-Bilmasam aka.Eeeee ana yana bittasi kelayapti,bu joyda rosa ko‘p ekan a,samolyot.
-Qarachi? Yaxshilab samolyotda biron yozuv ko‘rinadimi?
-Qanaqa yozuv?
-“Xavo yo‘llari” “Aeraflot”,”S-7″.”Yutayer” ko‘pda kompaniyalar,shunaqa yozuv bo‘lishi kerak.
-Ha.. ha..bor,yutayer yozuvi bor ekan.Dumida.
-Demak sen Vnukovo aeraportiga yaqin joyda ekansan,-dedim.O‘zimga o‘zim Sherlok Xolms bo‘lib ketey, deb qo‘ydim.
-Kecha tog‘alaring gaplashganda nahotki bironta ko‘cha nomi esingda qolmadi.
-Bilmasam aka.
-Aeraportdan nimada keldilaring?
-Taksida.
-Tog‘ang taksiga qayerga boramiz dedi.
-Eshitdim,bitta qiziqcha nom aytdi,eslolmayapman.
-Diqqat bilan eshit,men xozir aeraportga yaqin joylarni nomlarini sanayman.
Vnukovo aeraportiga yaqin bo‘lgan Moskva va Moskva viloyatiga qarashli shaxarlar nomlarini birma-bir ayta boshladim.
-“Odinsova”,”Aprelevka” “Kryokshino”,”Troisk”,”Novoperedelkino.”
-Vo‘ vo‘ vo‘ ana shu oxirgi aytdingizku.
-Novoperedelkinomi?
-Xuddi shu esladim taksichiga tog‘am shunday dedi,aniq.
-Endi ko‘chasini qanday topamiz Ovvpa.
-Ey aka,ovpamasmaney,xadeb axmoq qilavermangey.
-Yana nima dey,turgan joyingni bilmasang.
-Esladim esladim aka,kecha taksidan tushgan vaqtim,o‘quvdim ulisa Fedyaakasina deb yozib qo‘yilgan edi.
-E baraka top,kallang ishlaydi ekanku,faqat Fedyaakasina emas,Fedoьsino.
-Xay shuda aka,ko‘rdingizmi kallam ishlaydi.
-Yaxshi,men xozir yo‘lga chiqaman bir soatlarda yetib boraman.
Sen ungacha pod’yezd va uy nomerini ham eslab tur,-dedim.
Prospekt Vernadskoye nomli metro stansiyadan chiqib 497-raqamli marshrutkaga o‘tirganimdan keyin,unga telefon qildim.
-O‘n o‘n besh daqiqalarda yetib boraman.Uy raqamini esladingmi?
-Eslolmadim aka,ammo bizga yaqin joyda magazin bor ekan,kecha tog‘amlar Diski magazin dedi.
-Diksi deyiladi,to‘g‘rilab ayt.
-Xay shuda aka.
Diksi bitta bu joyda,yaxshi bilaman bu joylarni.
Topish qiyin bo‘lmaydi o‘yladim.
Marshrutkadan tushib magazin yaqinidagi 25 qavatli yangi qurilgan binolar oldiga borib telefon qildim yana.
-Men keldim,endi sen qaysi uydasan?Qanday topaman seni.
Rosa sarson qildi o‘ziyam,ko‘k somsa yemay men o‘lay deb yubordim.
Xar bitta uyning oldiga borib telefon qilaman,u derazadan pastga qaraydi.
-Mana men,-deb qo‘limni ko‘taraman.Ko‘rinayapmanmi qo‘lini ko‘tarayotgan odam bormi yaxshilab qara deyman.
-Yo‘q,- deydi u
Uffff oxiri ikkala qo‘limni ham ko‘tardim.Telefon cho‘ntakda naushnik taqib olganman,jinniga o‘xshab qo‘limni ko‘taraman.
O‘tgan ketgan xayron.
Yana biroz shunaqa yursam oyog‘imni ham ko‘tarib yuborardimey.
-Ko‘rdim ko‘rdim sizni aka,ana turibsiz qora kurtkada!!!
-Xudoga shukrey,-deb yubordim.Endi sen qanisan,qaysi tarafga yuray.
-Men bu yoqdaman aka,menga qarab kelavering.
-Obbooo men seni ko‘rmasam,qanday qilib sen tarafga yuraman.
-Men sizni ko‘rib turibmanku.O‘vvv pastda turibsiz derazadan ko‘rayapman.Shu tarafga kelavering.
-Bu joyda millionta deraza bor,qayerdan bilaman sen qaysi biridasan,chiq bu yoqqa ye!!!
-Qayoqqa chiqaman.
-Balkonga chiq,meni chaqir.
-Xa xozir.
Bir payt Bobotog‘da yurganday baqirdiku.
-O‘o‘o‘o‘o‘o‘ Baxtiyor akaaaaaa!!!!! Men bu yoqdaman!!!!
-O‘chaaa o‘ch!!!!telefonda gapira,otangni qishlog‘ida yuribsanmi buncha baqirsaney.
-O‘zingiz chaqir dedingizku.
-Bo‘ldi ko‘rdim seni,xozir chiqaman oldingga,balkonda sakrayvermay ichkariga kirey,katta qirda yurgandek buncha sakraysaney,tushib pushib ketib bir baloni boshlama,-dedim.
Chiqdim ko‘rishdik,ancha gaplashdik.
-Bolaligingda sendan bir gap so‘rab ololmasdik,indamasang tura olmaydigan bo‘lib qolibsanku Indamasboy,qo‘lingni shimingni ichiga solib yurma tag‘in endi uyat bo‘ladi,-dedim atay uni jig‘iga tegib.
-E..aka u paytlarda yosh bola bo‘lganmanda, endi qoldi u qiliqlar,katta yigit bo‘ldim mana Moskvaga keldim,-dedi u o‘zidan mag‘rurlanib.
Shunaqa gaplar bo‘luvdi.
U yigit hozirda Moskvani moskvaliklardan yaxshiroq biladigan bo‘lib ketdi.