BAXTIYOR TURSUNDAN YANGI HIKOYA O‘QING:

KO‘NGILDAN O‘TGAN GAPLAR

       Katta qizim yoshiga yetar yetmas,  xona o‘rtasiga qo‘yilgan xontaxtaga suyanib yurib ilk qadamlarini tashlashni o‘rgana boshlagan damlar edi.

Bir kuni tushlik vaqti ishdan kelib ovqatlanib o‘tirgan vaqtimda qizim xontaxtaga suyanmasdan uy to‘riga qarab o‘zi mustaqil qadam tashlab yura boshladi.

Onasi qandaydir yumush bilan tashqariga chiqib ketgan edi.

Farzandingni ilk qadamlarini ko‘rish qanday quvonch bag‘ishlaydi a.

Xursand bo‘lib kuzatib turibman, “qaranglar qaranglar qizim o‘zi yurayapti, to‘rt qadam tashladi, besh qadam tashladi” deyman uyda hech kim yo‘q, onam ham, singillarim ham o‘z ishlari bilan bo‘lib tashqarida yurishibdi.

Xona to‘rida, ustiga ko‘rpa-ko‘rpachalar yig‘ib qo‘yilgan sandiqqa yaqin borgan vaqti, oyog‘i qoqilib yiqilgan qizchamning yoniga qanday yetib bordim, peshonasi bilan sandiq qirrasiga urilishi mumkin bo‘lgan paytda qanday ulgurib ushlab qoldim, o‘zim ham hayron bo‘ldim.

Baribir sandiqqa boshi tegdi, qoshining tepasidan ozgina joyi shilinib sizib chiqayotgan qonni ko‘rib ichimdan nimadir uzilgandek bo‘ldi.

Agar, ulgurmaganimda-chi? Ushlab qola olmaganimda nima bo‘lardi.

Umrimda birinchi marta yuragimda og‘riq his qildim.

Ichimda cheksiz havotir uyg‘ondi.

Ish bilan bo‘lib hamma tashqariga chiqib ketgan vaqtida, o‘t yoqib qo‘yilgan, qizib turgan pechkani ushlab olsachi?

Qizchamni bag‘rimga bosib o‘tiribman, hayollarimni qurshab olgan havotirlar chek chegarasi yo‘q edi.

Bir ozdan so‘ng xonaga kirib kelgan onamga bo‘lib o‘tgan voqayeni aytib bergandim.

— Ay, bolam-a. Yaxshiyam oldida ekansan, ushlab qolibsan. Alloh asrabdi.

Ehtiyot bo‘linglar, doimo ko‘z quloq bo‘lib turish kerak,– dedi.– Farzanding bir marta yiqilganini ko‘rib shuncha ranging oqarib qo‘rquvga, havotirga tushibsan.

Biz otang bilan sizlarni katta qilguncha nechchi yiqilganlaringni ko‘rdik, ayniqsa sen judayam sho‘x eding.

Onajonimning so‘zlarini eshitib turib olis xotiralarga berildim.

Bolaligimni eslasam, doimo bir ishkal qilib yurardim.

O‘n, o‘n bir yoshlarda edim.

Kuz faslining oxirgi kunlari, havo ancha salqin bo‘lib qolganligi uchun, kechqurun sigir buzoqlarni molxonaga kirigizib bog‘lab, oxuriga xashak tashlab, molxonadan chiqib ketayotsam, shiftda  bolor tubidan chiqib turgan cho‘pga qo‘nib turgan besh oltita chumchuqqa ko‘zim tushdi.

Tashqaridan tosh olib kelib shu chumchuqlarni urib tushirmoqchi bo‘ldim, qo‘limga toshni olib yaqinroq borib qushlarni mo‘ljallab otgan toshim,  qalin yog‘och bolorga tegdi-da qaytib kelib qoshimning ustiga tegib yordi.

Endi o‘ylasam,  beozor qushlarga ozor bermoqchi bo‘lganim Allohga  xush kelmagan ekan-da,  o‘zim otgan tosh o‘zimning  peshonamni  yordi.

Peshonamdan qon oqa boshladi.

Bu holatda uyga qanday boraman,  otam bilsa yaxshigina gap eshitaman deb  o‘yladim-da,  qonni to‘xtatish uchun ustimdagi kurtkani yechib peshonamni  surtaveribman,  bir ikki surtib tozalasam to‘xtab qoladigandek.

Rosa joyiga tekkan ekan shekilli,  hech qon to‘xtamaydi-da.

Uy tarafdan onamning  ovozi keldi.

— Ishlaringni  bitirgan bo‘lsang kel tezroq,  ovqat suzmoqchiman!

— Hozir,  sal turib  boraman,– dedim-u.  Ko‘ylagimni  yechib qoshim ustiga bosib o‘sha joyda  o‘tiraverdim.

Og‘riqdan ko‘ra bu holatda otam bilan onamga ko‘rinishdan qo‘rqdim negadir.

Men boravermagach, “borib qarachi ukangga, bir narsani boshlamabdimi” deya   akamni yuboribdi otam.

Xullas uyga bormasam bo‘lmadi.

Hovliga yoqib qo‘yilgan xira chiroq yorug‘ida  aftimni ko‘rib onam sho‘rlik,  supaga o‘tirib qoldi.

Ovozi zo‘rg‘a chiqdi.

— Senga nima bo‘ldi, bolaam…

      Aftimni  tasavvur qiling,  peshonamdan chiqqan qon bilan basharamni bo‘yab chiqqanman.

Kurtkam qizil bo‘yoqqa  botirib olingandek,  ko‘ylak ham bir ahvolda.

Ahvolimni ko‘rib otam ham qo‘rqib ketdi.

— Nima bo‘ldi?– so‘radi ovozi titrab.

— Buzoqcha  ipini uzib qochib ketdi,  ortidan  yuguraman deb qorong‘uda toshga qoqilib yiqildim,– Bahonaning topila qolganini qarang.

        Bolaligimizda bunaqa sho‘xliklardan qanchasi o‘tgan boshimizdan,  ota-onamizni har safar shunaqa havotirga qo‘yganimizda ichidan bir nima uzilib,  qanchalik  qiynalganlarini mana endi anglab yetayapman.

         O‘n olti, o‘n yetti yosh atrofida bo‘lgan vaqtlarimda ot minishga qiziqib, qishlog‘imiz polvonlariga havas qilib ko‘pkari chopadigan bo‘ldim.

        Bobom akamga minib yursin deya sovg‘a qilgan toychoq uch yoshdan o‘tib  endi-endi ko‘pkari chopadigan otlar qatoriga qo‘shilib borayotgan damlar edi.

Qaysidir qishloqda  ko‘pkari bo‘lishini eshitsak,  akam ikkovimiz  bir kun oldindan tayyorgarlik  ko‘rib erta kelishini intiq kutar edik.

Katta-katta ko‘pkarilarda, bizlarga o‘xshagan havaskorlar uchun asosiy o‘yin boshlanishidan oldin, otlarni badanini qizidirib olish uchun xuddi mashg‘ulot kabi, kichikroq uloq davrga tashlanadi. Biz yoshlar, yoshi kattalar ham bo‘ladi uloqni olib u yoqdan bu yoqqa, ot choptirishga ishqivoz bo‘lardik.

O‘sha kuni kechasi yomg‘ir yog‘ib o‘tgan, uloq chopiladigan maydon loy edi.

O‘zimdan yoshi kattaroq bir polvon uloqni olib, otiga qamchi bosib, otlar to‘dasidan ancha uzoqlashib ketdi.

Katta chavondozlar kabi kiyinib olganman,otimga qamchi urib  uloq olib ketayotgan ot orqasidan quvdim.

 Yaqinlashib borgan vaqtimda, oldinda ketayotgan chavandoz uloqni yerga uloqtirib yuborib ketdi.

Ana shu joyda tajribasizligim, yoshligim pand berdi.

Yerda yotgan uloq ustiga yetib borgan vaqtimda, otimni to‘xtatish uchun jilovini qattiq chap tomonga tortdim.

Loy maydonda, katta tezlikda kelayotgan ot keskin burildi.

Loyda to‘rt oyog‘i baravar toyib, chap tomoni bilan yerga yiqildi.

Tabiiyki mening chap oyog‘im ot ostida qoldi.

Eng yomoni, maydonga yiqilib loyda  to‘rt besh qadam  sirg‘anib borgan ot, joyidan sakrab turdi-yu, uzangiga qisilib qolgan etigim chiqmay qoldi.

Bizlar hali havaskorlar edik, ko‘pkari uchun maxsus kiyiladigan etik sotib olmagandik.

Otam doimo,” ko‘pkariga kirzavoy etik kiymanglar, mabodo otdan yiqilib tushgudek bo‘lsang, bu etik uzangidan sirg‘alib chiqmaydi qisilib qoladi.

Maxsus etik olib bergunimcha qalin poytava o‘rab rezina etik kiyib turinglar ” deya qayta-qayta  tayinlasa ham,  yashirib shu kirzavoy  etikni kiyib  chiqardim.  Sababi otlar galasiga kirgan vaqtlarida,  kimningdir uzangisimi,  yoki qamchisimi tegib ketsa rezina etik yupqaligi uchun oyoqni kirza etikdek himoya qilmasdi.

      Joyidan sakrab turgan ot,  orqamizdan uloq uchun quvib kelayotgan otlardan xurkdimi,  yugurib ketdi.

Yelkam loy yerga ishqalanib  qancha joyga sudralib ketdim aniq esimda yo‘q,  qulog‘imga kirgani.

” Orqasidan quvmanglar!!!  Oldidan kesib chiqib to‘xtatinglar,   ariqqa yetib bormasdan ushlanglar!  Agar daraxtzorga kirib ketsa bola mayib bo‘ladi! ” Kabi baqiriqlar ovozlar qulog‘imga kirayapti,  bu so‘zlarni bir kishi aytayaptimi,  yoki har hil ovozmi farqiga ham bormasdim.

Bu voqealar  soniyalar ichida yuz berdi,  ammo juda ko‘p vaqtdek tuyuladi,  miya yashin tezligida ishlar ekan.

Hayolimdan o‘tganlarini eslasam xuddi soatlab otda sudralib yurgandim deb o‘ylayman.

Hamma quvib kelayotganlar o‘zim tengi yosh tajribasiz polvonchalar,  otni battar xurkitib orqa tomondan kelishayapti,  bu holatda quvib yetisha olmaydi,  shu o‘ylar o‘tdi hayolimdan.

Qanday uddaladim bilmadim,  sudralib keta turib qisilib qolgan chap oyog‘imni silkilayverdim.

Yetik yechilib ketib,  ariq tubiga yetgan joyda otdan uzilib qolib ketdim.

Bir-biriga yaqin bo‘lgan,  bitta ot zo‘rg‘a sig‘adigan ikki tut daraxti orasidan borib  katta ariqdan sakrab o‘tib ketgan otimni ancha joygacha quvib borib ushlab kelishdi o‘zimizning qishloqdan bo‘lgan tengdoshlarim.

Alloh asradi,  bir falokatdan omon  qoldim.

Shu kuni akam meni otning yoniga yaqinlashtirmadi.

Kechqurun uyga qaytsak,  bo‘lib o‘tgan  voqea tafsilotlari vahimali tarzda bizdan oldin otam bilan onamga yetib kelgan ekan.

Onamning rangida rang yo‘q,  meni ko‘rib yig‘lab yubordi.

O‘sha vaqtlarda qanchalik azob chekkan ekan,  endi anglayapman.

Yoshlik beboshlik deb o‘zimizni o‘tgayam,  cho‘qqayam uravear ekanmiz,  har nafasida  bizdan havotir olib ko‘zlari yo‘l qarab, duo qilib o‘tirgan ota onamizni o‘ylamas ekanmiz.

Baxtiyor Tursun