2020 yilning 27 oktyabr kuni filologiya fanlari doktori, professor, adabiyot nazariyasi yetakchilaridan biri Dilmurod QURONOV qutlug‘ 60 yoshga to‘ldi!
O‘ZBEK ADABIYOTSHUNOSLIGIDA HODISA
“Nazariya quruqdir, do‘stim,
Lekin yashar hayot daraxti”
deb yozadi ulug‘ olmon shoiri Gyote. Bu bilan u hayotdan ajralib qolgan nazariy qarashlarning ayanch holini bayon etadi. Lekin shunday nazariyalar borki, ularda hayot ufurib turadigina emas, ulardan hayotning o‘zi bino bo‘ladi. Axir, olamni barpo qilar ekan, Yaratganning birgina “Bo‘l!” degan amri nazariyalarning nazariyasi emasmidi! Ulkan imoratlar tarxi ham, avvalo, olimning xayolida paydo bo‘ladi, deydi Sharq shoiri Rumiy hazratlari. Inchunun, xayolga, nazariy fikrga mensimay qarab bo‘lmaydi. U hayotni, haqiqatlarni yaratadi. Demak, xayoldan xayolning, nazariyadan esa nazariyaning katta farqi bor ekan. Shu ma’noda, kuni kecha (2018, noyabr) filologiya fanlari doktori, professor Dilmurod Quronovning “Akademnashr” “tandiridan issiqqina uzilgan” “Adabiyot nazariyasi asoslari” kitob-darsligini “tomirlari”da hayot oqib turgan adabiyot nazariyasidir, deyish mumkin. Chunki u adabiyot haqidagi, uning yaralish, yaratilish va yashash qonuniyatlarini o‘zida aks ettirgan g‘oyat salmoqli tadqiqotdir. Albatta, “Adabiyot nazariyasi asoslari”gacha ham mazkur kitob “Adabiyotshunoslikka kirish” nomi ostida 3 bor nashr qilingan edi. Lekin bunisi endi tamomila boshqa – jiddiy qayta ishlangan, to‘ldirilgan hamda mukammallashtirilgan nashridir.
Bizda tahlil hamisha bo‘lgan, bor, ishonamanki, kelgusida ham bo‘ladi. Eslayman: 1989 yoki 1990 yil edi. Kamina universitet yotoqxonasiga tasodifan borib, o‘sha yerda hamkasblarining oldiga kelgan Dilmurod Quronov bilan ko‘rishib-suhbatlashib qoldim. Adabiyotimizning ayrim masalalari to‘g‘risida gaplasharkanmiz, o‘rtada qizg‘in bahs ham qo‘zg‘aldi. O‘shanda men Quronov bilan har qancha keskin munozara qilgan bo‘lsam-da, muxatobimning siymosida masalaga chuqur ilmiy-nazariy yondashish malakasiga ega nazariyotchi olimni ko‘rgan, buni (sezdirmaygina) tan olishda o‘zimda kuch topa olgan edim. Kamina Respublikamizda dong‘i chiqqan olimlarning qo‘llarida tahsil olganman va bundan har doim faxrlanib yuraman. Lekin tan olish kerak, biz o‘qigan paytlarda va undan birmuncha keyin ham mamlakatimizning til va adabiyot yo‘nalishidagi eng obro‘lisi hisoblanmish o‘zbek filologiyasi fakultetida adabiyot fanining nazariy qismi birmuncha bo‘sh o‘qitilgan. Shundan bo‘lsa kerak, biz adabiyot haqida bahsu munozara qilishni sevardigu ammo buning ham o‘ziga yarasha yo‘llari – ilmiy metodlari borligiga ko‘p ham iqror bo‘lavermas edik. Adabiyot va hayotga bo‘lgan cheksiz muhabbat, ozgina hayotiy tajriba va shularga yarasha jaydari falsafiy qarash bilan har qanday durdona asarni ham tahlil qilib tashlaymiz, deb o‘ylardik. Holbuki, adabiyotku adabiyot, hatto bir chechakning ochilishi va so‘lishi ham qat’iy ilohiy qonuniyatga asoslanishini keyinroq tushunib yetdik. Buni bizdan bir muncha erta tushunib yetgan Dilmurod Quronov o‘sha kuni gapning burovini tinmay qonuniyatlarga olib borib bog‘lamoqchi bo‘lar-u, men esa uni toqatim toq bo‘lib eshitar ekanman, xayolimdan: “odam ham hayot darsligi bo‘lgan adabiyot haqida shunday “sovuq” mulohaza yuritadimi!..”, degandek o‘y kechar, bahsning jilovini butkul qo‘limga ololmaganimdan jig‘iybiyronim chiqar, qonunlardan, qoidalardan zada bo‘lib qochar, “ozodlik”ka talpinar edim. Ammo ana shu xatti-harakatimning o‘zi ham muayyan qonunga bo‘ysinishini yo yoshim taqozosi, yo ta’limim “aybg‘inasi”, yoki ikkisi bir bo‘libmi, ishqilib, uncha tushunib yetmagan edim o‘shanda.
Yaqinda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutidagi himoya jarayonlaridan birida, tanaffus paytida filologiya fanlari doktori, professor Boqijon To‘xliyev koridorda hamkasblari bilan gurunglashib turgan Dilmurod Quronov tomon odimlarkan, yo‘lakay xitob qildi: “Nazariyani ham badiiy asardek yozadimi odam! O‘qib mazza qilvordim!” Bu Quronovning eng so‘ng chiqqan ilmiy- nazariy maqolalar to‘plamiga berilayotgan o‘ziga xos yuksak baho edi. So‘rashib bo‘lishgach, To‘xliyev domla yana qo‘shimcha qildi: “kishi o‘zi gapirayotgan yoki yozayotgan narsasini tushunib yetsa, ifodasi ham mana shunday sodda, ravon bo‘ladi!”. Boqijon akaning mulohazalarini kamina qo‘llab-quvvatladi: “To‘g‘ri aytasiz, Boqijon aka! Men ham kuzatganman: olim mavzu mohiyatini tushunib yetsa, demak, u ma’noning ustiga chiqib olgan hisoblanadi va hamma narsani yuqoridan ko‘rib turadi. Natijada o‘ta murakkab masalalarni ham sodda jumlalar vositasida o‘quvchiga yetkazib bera oladi. Mabodo, aksincha bo‘lsa, ya’ni mavzu mohiyatini olimning o‘zi to‘liq anglab ololmagan bo‘lsa, demak, u ma’noning ostida qolib eziladi, natijada murakkab jumlalar tuzib hammaning boshini qotirib tashlaydi. Dunyoda sodda qilib tushuntirib bo‘lmaydigan deyarli hech narsa yo‘q”.
Xo‘sh, Quronov murakkab nazariy masalalarni sodda ifodalar bilan tushuntirish darajasiga qanday erishgan? Buning uchun, nazarimda, Quronov suv ichgan buloqlarni eslash kerakdek. Bunday desak, axir, biz ham o‘sha buloqlardan suv ichmadikmi? Nega unda ikki xil olam, ikki xil manzara?..
Qayeradadir “Quronovni ozmi-ko‘pmi bilaman”, deya katta ketgan joyim bor mening. Demak, o‘sha “ketish”larni yordamga chaqiradigan bo‘lsak, ayon bo‘ladiki, Quronov maktabni o‘zbek va rus sinflarida o‘qib tamomladi. Keyin Andijondagi Xorijiy tillar institutining rus filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdi. Oliy ta’lim asnosida esa dastlabki filologik ta’lim poydevori biz ko‘rmagan, biz bilmagan, keyinchalik chet elga ko‘chib ketgan o‘zga millatga mansub ustozlar ko‘magida bunyod etildi. Bir muddat o‘tib, Quronov Toshkentda avval aspirantura, so‘ng doktoranturada (endi biz bilgan, biz hurmat qilgan ustozlar rahbarligida) o‘qidi va poydevorni yanada mustahkamlab oldi. Ma’lumki, o‘zingda yo‘q – olamda yo‘q. Agar Quronovning o‘zida bo‘lmaganda, uning yuqorida sanalgan joylarda kazo-kazo olimlar qo‘lida dars olganligidan biron foyda chiqishi gumon bo‘lardi. Demak, eng muhimi – hammasi, avvalo, uning o‘zida bor edi. Rus va o‘zbek filologiyasidagi ta’lim esa uning o‘zida bor ana shu javharning ro‘yobga chiqishini ta’minladi.
Qolaversa… Balki, bu fikrimizni “qolaversa”ning zimmasiga yuklamasligimiz kerakdir, aytmoqchi bo‘layotganimiz ham juda muhimdir. Xullas, Dilmurod Quronov badiiy ijoddan yiroq odam emas. U o‘z vaqtida hikoyalar yozgan, ularni e’lon qilgan. Bu hali hammasi emas. Uzoq bir yili, Quronov Toshkentga safarlaridan birida kaminaning ijodxonasida bir necha kun turadigan bo‘ldi. Yozuv-chizuv uchun mendan kompyuter so‘radi. Berdim. Akaning ishlari bitib, o‘zi Andijonga yo‘l oldi. U ketgach, kompyuterning bosh sahifasida bitta yangi fayl paydo bo‘lib qolibdi. Qarasam, she’rlar. She’r bo‘lganda ham fikrchan she’rlar. Qofiyasiz, lekin rosmana she’rlar. Ancha-muncha taniqli, “Men shoirman!” deya ichki faxr tuyg‘usini his qilib yuradigan shoirlarninggina qalamidan to‘kilishi mumkin bo‘lgan intelektual she’rlar! “Kompyuterda she’rlar yozilgan fayl qolibdi, sizga kerakmi?” deya telefonda so‘radim Quronovdan. “Yo‘q, o‘chirib yuboravering” dedi u o‘ziga xos beparvolik bilan. Quronov har qancha beparvo gapirsa ham ichki bir his bilan uning so‘zlash ohangidan nimanidir fahmladim: “Kimniki bu she’rlar? Binoyidek ekan”, dedim. “Ha-a, so‘ramang. O‘chirvoraqoling!” Sezgi sezgiga urilib, informasiyaga aylandi: she’rlar Quronovniki! Dilmurod Quronov she’r yozar ekan!.. Bu men uchun yangilik edi. Hayratangiz yangilik!
Xo‘sh, bu bilan nima demoqchiman? Barchamizga ma’lum, adabiyotshunos olim badiiy asarni tahlil qilar ekan, uni qalb va tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazadi. Busiz mumkin emas. Agar uning o‘zi ham qachonlardir yoki muntazam badiiy ijod bilan shug‘ullan(ayot)gan bo‘lsa, nur ustiga nur. Zero, tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib!
Endi bevosita darslikning o‘ziga keladigan bo‘lsak, qo‘limizdagi ushbu kitob uning qayta ishlangan, to‘ldirilgan to‘rtinchi nashri. Darslik, asosan, filologiya sohasi o‘qituvchilari, talabalari hamda adabiyot bo‘yicha turli mutaxassislarga mo‘ljallangan. U 28 ta alohida mavzudan iborat bo‘lib, har biri atroflicha tahlil va talqin qilinar ekan, o‘tilgan mavzuni mustahkamlash uchun “Tayanch tushunchalar”, “Savol va topshiriqlar” bilan birga, shu fasldagi masalaga aloqador “Adabiyotlar” ham berilgan. “Adabiyotshunoslik fan sifatida”, “Adabiyotning mohiyati”, “Adabiyot ijtimoiy ong sohasi sifatida”, “Adabiyot va mafkura”, “Badiiy adabiyot san’at turi sifatida”, “Adabiy asar haqida” kabi fasllarda “adabiyotning o‘zi nima?”, “u qanday tug‘iladi hamda uning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni, vazifalari nimalardan iborat?”, “adabiyotning boshqa sohalardan, san’atning boshqa turlaridan qanday farqi bor?” kabi ko‘plab savollarga aniq va lo‘nda ilmiy javob berilgan. Adabiyot haqidagi umumiy tushunchalar bilan qurollanib olgan o‘quvchi olim bilan birga sekin-asta adabiyotning “Obrazlilik va badiiy obraz”, “Shakl va mazmun”, “Syujet” “Kompozisiya”, epik, lirik va dramatik tur, adabiy janrlar, adabiy yo‘nalish va oqimlar, adabiy jarayon, badiiy asar tahlili kabi qator spesifik masalalarining ichiga kirib boradi. Ushbu nashrning ilmiy salmog‘ini oshirgan asoslar juda ko‘p. Chunonchi, olim, birinchidan, o‘zbek va jahon adabiyotshunosligining barcha ilg‘or yo‘nalishlari hamda natijalaridan juda yaxshi xabardor, ikkinchidan, u o‘zbek va jahon badiiy adabiyotining umumiy manzarasini teran va atroflicha biladi, uchinchidan, har bir mavzu mohiyati juda tushunarli ilmiy tilda chuqur va siqiq tahlil qilingan, to‘rtinchidan, adabiyot ilmining o‘zak masalalarining deyarli barchasi to‘liq qamrab olingan, beshinchidan, 30 yildan ko‘proq vaqt mobaynida filologiya sohasida talabalarga dars berish asnosida orttirilgan zalvorli tajriba muallifga adabiy jarayonning barcha yo‘nalishlaridagi o‘ziga xos jihatlarni nozik kuzatish va ilmiy xulosalar, umumlashmalar chiqarish imkonini bergan hamda bularning hammasi darslikda aks etgan va h.k… Xullas, ta’bir joiz bo‘lsa, aytish lozimki, “Adabiyot nazariyasi va asoslari” darsligi adabiyot degan sirli-sehrli mamlakatga olib boradigan tanish va notanish juda ko‘p yo‘llarning o‘ziga xos xaritasidir. Bu xaritani qo‘lga kiritgan va yaxshilab o‘qib-o‘rganib chiqqan o‘quvchiki bor, uning adabiyot olamiga safari yanada zavqli, yanada foydali bo‘lishi shubhasiz.
Uzun gapning qisqasi – mazkur “Adabiyot nazariyasi asoslari” darsligi adabiyotga u yoki bu darajada aloqador hammaning, hammamizning ish stolimizda turishi, vaqti-vaqti bilan esa bir-ikki bo‘ylab, adabiyot haqidagi tinib qolgan tasavvur va tushunchalarimizni harakatlantirib olishimiz kerak bo‘lgan yangi o‘zbek adabiyotshunoslik sohasining o‘ta muhim kitoblaridan biridir.
Yozuvchi (umuman, ijodkor) fikr, tuyg‘u va g‘oyalardan bino bo‘lgan obrazlar yordamida dunyoni ko‘radi va aks ettiradi. Adabiyotshunos olim esa, badiiy asarda aks etgan ana shu olamni ilmiy terminlar vositasida tushunadi va tushuntiradi. Qisqaroq aytganda, biri obrazlar, boshqasi esa terminlar yordamida ish ko‘radi. Ularni bir-biridan farqlantirib turadigan narsa bu – ular yurgan yo‘llarning, tanlagan vositalarning har xil ekanida, xolos. Yo‘qsa, har ikkisi ham koshifdir. Chinakam ijodkorning ham, haqiqiy olimning ham maqsadi bitta – kashf etish. “Adabiyot nazariyasi asoslari” ana shunday kashfiyotlardan bino bo‘lgan, olimning 60 yosh oldidan o‘zbek adabiyoti ilmi mutaxassislariga bir arg‘umoni, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zbek adabiyoti ilmi kengliklarida olim tomonidan ko‘tarilgan mahobatli bir “tog‘”dir. Ushbu balandlikka ko‘tarilishni istar ekanmiz, adabiyotshunosligimizdagi ko‘plab katta-kichik muammolarni ilmiy hal etish imkoniga ega bo‘lamiz.
Nashr barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!
Ulug‘bek HAMDAMOV,
filologiya fanlari doktori,
(maqola 2018 yil, noyabrda yozilgan, 2020 yil “O‘z.AS” gazetasida chop etilgan)
Ulug‘bek Hamdam sahifasidan olindi.