USTOZ ABDUSAID KO’CHIMOV-70 YOSHDA!


Muhiddin POLVON

ISTASANGIZ SHU…

Yaqinlarga she’r o‘qib berish odati yoshligimda, talabalik davrimda yuqqan chog‘i, qayerda yaxshi she’r eshitsam, so‘z qudratining yulduzlar sonidek bisyor qirralarini tasavvurimga sig‘dirolmasam hamqishloq o‘rtog‘im Ravshan Shodiyev va uning Abdusaid Ko‘chimov va Said Alimov singari tengqur kursdoshlari tahsil olayotgan Nizomiy (talabalar mashhur Toshkent Davlat pedagogika institutini shunday atardi)ning Til va adabiyot fakulteti yoki ularning ijara “kvartira”siga yo‘l olardim. Gohida men turgan yotoqqa ular yengil shabbodadek beun uchib kirib kelar, mavzu, yo‘nalish o‘z-o‘zidan hazil-mutoyiba, she’rxonlik, kitobxonlikkka ulanib ketardi.
Tortinchoq, hokisor, kamgap Abdusaidni mushoiraga tortishning o‘zi katta gap. Qistalang qilavermasdan, unga tikilib jim o‘tiraverardik. U xayollarini jamlab olgach, benihoya nafis ovozda yangi tuyg‘ularga to‘la she’rlar shodasidan namunalar o‘qib, bizni go‘zallik olamiga oshufta etardi.
O‘sha she’rga, qo‘shiqqa to‘ymaydigan, raqsga tushib charchamaydigan, o‘qib tolmaydigan, ishlab hormaydigan, yeb qonmaydigan shukuhli 60-70 yillarda Talabalar shaharchasidagi she’riyat va qo‘shiq teatriga aylanib ulgurgan “Rayxon” oshxonasida Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matjon ishtirokida she’riyat kechalari o‘tkazar, She’riyat kechalari to‘g‘risida eshitib qolsak, oyog‘imizni qo‘lga olib, yelib-yugurib yetib borardik. Yaraqlab chiqib sayroqi bulbullar misol xonish qilayotgan Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov, Faxriddin Umarov, Tavakkal Qodirov, Orifxon Hotamov, Olmaxon Hayitova, Botir Zokirov, Dadaxon Hasanov kabi hofizlarning konsertiga ne-ne mashaqqatlar bilan chipta topib, tushardik. Farrux Zokirov, Sherali Jo‘rayev, Gʻulomjon Yoqubov, o‘zbek Robertinosi deb tanilgan Rasuljon O‘raimjonov singari shirali va yoqimli ovozlari bilan radio va televizorda tanilib qolgan tengqur, tengdosh hofizlarni davraga olib tong ovarguncha dilbar qo‘shiqlarini tinglash doimiy ehtiyojimizga aylanib ulgurgan edi. Ko‘ngilga buyurib bo‘lar ekanmi? Ayniqsa, Muslim Magomayev, Bulat Okudjava, Vladimir Visoskiy kabi rus, shuningdek, Janni Morandi, Rikardo Foli, Adreano Chilinitano, Toto Tutunyo, Robertino Loretti… kabi italiyalik xonandalarni eshitish bor ediyu, ko‘rish yo‘q edi. Ular uzoqda edi, “kumir”larimiz ijro etgan qo‘shiqlarning oldini to‘sib ko‘nglimga kirma, deyish qo‘limizdan kelmasdi. Ularning diltortar go‘zal musiqalari, yoqimli ovozlari yozilgan plastinkalar topish anqoning urug‘ini izlash bilan barovar edi. Yotoqxonalarimizning ochiq derazalaridan bu xonandalarning ovozi yangrasa, qalblari eshiklari lang ochilib, ichiga toza havo, nur, chiroy, yoqimli kayfiyat kirardi go‘yo.
Qarang, xuddi bir yigitning umri daryodek oqib o‘tgandek, o‘sha voqealarga ham yarim asrdan oshibdi.
Tengdoshim, ulfatim, yaxshi shoir, yaxshi yozuvchi Abdusaid Ko‘chimov sinfdoshlariyu kursdoshlari, poytaxtda orttirgan do‘stlarini bir-biriga tanishtirib, shunchalik yaqinlashtirib yuborganki, o‘zimiz ham ba’zan kim kim bilan maktabda yoki institutda o‘qiganini adashtirib yuboramiz. Birga Baxmal, Boysun, Zomin, Urgut, Shohimardon tog‘ yonbag‘irlarida o‘sayotgan nozik oq qayinzorlarning sarv qomati, yupqa, nozik barglari, hatto osilib turgan shokilalariga oshufta, mahliyo bo‘lib, kuch va ilhom olganmiz. Uning ba’zi she’rlari hov anavi jilg‘aning ortida yashnab turgan oq qayinzorni eslatadi. Har bir she’rida oppoq orzular, ezgu niyatlar, bokira muhabbat barq urib turadi. Nega oq qayin, qayinzor esimga tushib ketar ekan, hayronman. Nurni, erkalashni, chuchuk suvni, namni yaxshi ko‘rgani, 150 yil va undan ortiq yashagani, turmushda foydasi bisyor ekani yoki Rossiyada o‘qiganim, bu mamlakatda tez-tez bo‘lganim, teatrlariga ko‘p qatnaganimdanmi, kelinchaklar, bokira qizlar, go‘zallik timsoliga aylangan oppoq kuylakli oq qayinga ishqim tushib qolgan, shekilli.

Tug‘ma shoir, samimiy inson, iqtidorli yo‘lboshchi Abdusaid Ko‘chimov ibratli umri davomida Mirtemir, Shukrullo, Asqat Muxtor, Said Ahmad, Shuhrat, Pirimqul Qodirov, Odil

Gulandom, [15.05.21 11:52]
Yoqubov, Ozod Sharofiddinov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Erkin Vohidov, Jamol Kamol, Shukur Xolmirzayev, Abdulla Oripov, Begali Qosimov, Sa’dulla Siyoyev, O‘tkir Hoshimov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Pirmat Shermuhamedov, Shodmon Otabek singari ko‘plab shoir, yozuvchi, adabiyotshunos olimlarning hurmatlarini “joyiga” qo‘yib, Ubaydulla Ibrohimov, Ganja Yoqubov, Naim Gʻoyibov kabi mamlakat teleradio sohasining o‘zidan oldin ishlab ketgan rahbarlarini “boshiga ko‘tarib” ishladi. Ustozlarining suhbatini, ular bilan o‘tadigan uchrashuvlarni orziqib kutadi, tirnoqdek imkoniyat topilsa, yetib borib ko‘ngillarini oladi.
Abdusaid Ko‘chimovdagi odamiylik, odamgarchilik, samimiylik, qo‘li ochiqlik xislatlariga, keksayib yoki bo‘lmasa, betob bo‘lib qolgan shoiru adiblarning hol-ahvolidan doimo xabar olib turishiga biz Azim Suyun, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Adhambek Alimbekov, Abduxoliq Abdurazzoqov, Suyundiq Mustafo Nurotoiy, Abdug‘afur Mamatov, Nasimxon Rahmonov, Ilhom Osmonov kabi jo‘ralari havas qilamiz.
Allomalarning “oq yo‘l” tilab qilgan duosi va rag‘bati Abdusaid do‘stimga qanot bo‘ldi. Yozuvchining ona tabiatni tasvirlashi, tirik hayotni “bayramona ko‘rishi”, tilidagi bo‘liqlik, toza ifodalar, badiiy o‘xshatishlar, ulug‘vor Samarqand, jonajon Urgutning o‘ziga xos urf-udumlaridan mohirona, ijodiy foydalangani, nohaklik, adolatsizlik, vijdonsizlik kabi illatlarni satiraning uchi o‘tkir tig‘i bilan “yorib tashlashi” ularga xush kelardi. Noyob narsa qum ichida ham qimmatini yo‘qotmaydi. Yaxshi she’r ham unga darrov e’tibor qaratmasalar-da, qadri tushmaydi. Shoirning she’rlari ham shunday bo‘ldi. U yaxshi shoir sifatida tanildi, tilga tushdi, ko‘ngil bog‘ida yetilib pishgan mevalari she’riyat muxlislarini shod ayladi.
1991 yilning 31 avgusti shoir uchun chin ma’noda burilish nuqtasi bo‘ldi. Abdusaid Ko‘chimov Mustaqilligimizni shod-xurramlik bilan kutib oldi, ba’zi “o‘yinchi ziyoli”lar kabi o‘zini har tomonga tashlamadi, ularga chuqur afsuslanish nazari bilan qaradi. U Mustaqillikning asl tarafdorlari safida sobit turdi. “Ey dilim, istiqlol nurida yayra!”, “Tanti o‘zbek”, “Istiqlol qo‘shig‘i”, “O‘zbekiston bayrog‘i”, “Mehring bilan yashaymiz, Vatan”, “Vatan yagona”, “Ulug‘ yurt” kabi she’rlari yangilanayotgan turmushimizga chiroqdek xizmat qilmoqda. Ular ijodkorning obrazli qarashlar dialektikasini ifodalaydi. “Qayda bor?” nomli ajib bir she’ri o‘quvchini dunyo bo‘ylab sayohatga boshlaydi. Shoir Amerika qit’asining mavjudligini bashorat qilgan Beruniy bobomizga o‘sha sehrli diyorda haykal qo‘yilmaganidan taajjublanadi. Yupanchni o‘z yurtidan topadi. U Samarqandu, Buxoro, Xiva, boshqa shahar va qishloqlarimizda bo‘lib ajdodlarimizning ruhi shod etilayotgani, tinib-tinchimagan o‘zbek bolasi, bugunini but qilib, ertasi uchun poydevor qo‘yayotganidan ko‘ngli yorishganini yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlaydi. O‘qigan sari vujudingizni titratib yuboradigan bu she’r Vatanni chuqurroq anglashga, qalbingizni tirnab yotgan savollarga javob topishga ko‘maklashgandek bo‘laveradi. Shoir tarixiy mavzularda ko‘p kitob titdi, buyuk bobokalonlarimizning ijodini tinmay o‘rgandi, ularga ergashib, bir qator baquvvat she’rlar yaratdi. “Abdulhamid Cho‘lpon faryodi” she’rida sakson – to‘qson yil avvalgi voqealarni “tiklagan” bo‘lsa-da, ba’zi bir sotqin, noshud, vijdonsiz odamlarga qarata shunday deydi.

Amalu arkonlar kerak ularga,
Urho-ur zamonlar kerak ularga,
Noahil insonlar kerak ularga,
Qashqirlar qo‘lida o‘yinchoqlarim.

Ana shu yozuvchi o‘zining qissalari, hikoyalari, badialari, lirik she’rlari, “Ey, dilim”, “Istiqlol nurida yayra!”, “Yuraklarni yondir endi, vatandoshim!”, “Yerning qulog‘iga shivirlar yomg‘ir”, “Umrim yo‘llari”, “Muhabbat bog‘lari”, “O‘lanchi dunyo”, “Otamning aytganlari”, “O‘rmondagi hangoma”, “Yo‘l boshida”, “Vatan”, “Dunyo kezib”, “Jannat makon”, “Qor” deb nomlangan ruknlarga kiritilgan ocherk va badialari, “Marvarid zarralari”da tizilgan hikmatomuz qayroqi qatralarda oramizda yashayotgan turfa fe’lli odamlarning baxti-saodati, orzu va umidlari, ushalmagan armonlari, qalbi puchmoqlarida bekinib yotgan kechinmalari, bokira his-tuyg‘u

Gulandom, [15.05.21 11:52]
lari, insoniy hasratlari va quvonchlari chuqur hayajon va jo‘shqin ifoda bilan tasvirlangan. Qahramonlarining ilg‘or fikrlari, tabiat manzaralarining chinakam poetik tarzda yoritilgani o‘quvchini tamomila rom qilib qo‘yadi. Hayotiy va ijodiy pozisiyasi aniq bo‘lgan shoirning ichki quvvati shundaki, u har bir mavzuni g‘oyaviy-ma’naviy mag‘zini, xarakterini o‘ziga xosligini to‘laligicha ochishga erishadi. U azaldan yonma-yon kelayotgan adolat va nohaqlik, ziyo va zulmat, bilim va jaholat, o‘jarlik va mehr, mehnat va bekorchilik, javonmardlik va ko‘rnamaklik o‘rtasidagi o‘tkir va keskin kurashni mohirona tasvirlaydi.
Shoirning o‘quvchilar gazetasi, Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, O‘zteleradiokompaniya, Oliy Majlisdagi jo‘shqin siyosiy – ijtimoiy faoliyati davomida mashaqqatli hayot yo‘lida bardam borayotgan tabiatan kamsuqum, kamtar, kamgap Abdusaid Ko‘chimov xalq ko‘zida turgan yirik davlat arbobi bo‘lib shakllandi va o‘z salohatini mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida sarflab kelmoqda, desak, haq gapni aytgan bo‘lamiz. Shoir bilan bir fursat suhbatlashgan kishi uning dili bilan tilida, qalbi, shuurida Vatan, oila mehri tovlanib yotganini darhol anglaydi, unga havasi keladi, ergashadi. Abdusaid Ko‘chimov do‘stlari, tengqurlari, farzandlari, yaqinlari, qolaversa, hamkasblarini ham bugungi kunimizdan hamisha shukur qilishga, mamlakatimiz ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishga ruhlantirib yuradi, kerak chog‘ida undaydi. Tinimsiz izlanish, ijodga nihoyatda talabchan, intizomli bo‘lish o‘zbek ijodkorlariga xos yuksak madaniyat ekanini donishmandlik bilan, avvalo, o‘zining, qolaversa, shogirdlarining qalbiga muhrlaydi.
Shaxsiy kutubxonamni shoir va yozuvchi Abdusaid Ko‘chimovning “Muhabbat bog‘lari” (2008), ”Saylanma” (2011), “Qor” (2013), “Men shoirman, istangiz shu…” (2016), “Binafsha” (2017) singari o‘zining dastxatlari bitilgan kitoblari, ayniqsa, “Kitobdagi qahramonlardan biri, uzoq yillik qadrdonim Muhiddin Polvonovichga! Eng aziz tilaklar bilan”, degan yozuv bilan tuhfa qilgan “Bahor” to‘plami (unga kirgan «Ismaloq hidi» badiasining asl nusxasi bilan) qalbimni, kutubxonamni bezab turibdi. Bu kitoblarning ravon, badiiy pishik tili o‘quvchini o‘ziga rom etadi. Shoirni, ijodkorni yoshiga e’tibor qaratmay donishmand desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Qachon qarasangiz nabiralarini yetaklab maktab, san’at to‘garagi, hunarmand ustozga, sport maydonchasiga olib borayotgan, okshomlari xayolida chappar urayotgan tuyg‘ularni oppok kog‘ozga avaylab tushirayotgan adabiyot darg‘asini hurmat ila mavlono, deya ta’zim kilsak, juda ham yarashadi.

Sevimli shoir, atoqli adib haqida ko‘p gaplarni aytdik, lekin Abdusaid Ko‘chimovning silliq “chetlatilgan”, muxoliflarining tinmay qilayotgan noma’qulchiliklaridan to‘yib, yolg‘izlanib qolgan she’riyatimizning yorqin yulduzi Abdulla Oripov bilan uning so‘nggi yillarida ruhan yaqinlashib ketgani ustozimizning qalbiga malham, tasalli bo‘lgani haqida bir on to‘xtamasak, bo‘lmas! 2016 yilning avgusti oxirlarida Xanifa yangamizning qarindoshi, Mirzacho‘lliklar darg‘asi To‘xtamish Boymirov bilan Abdulla akadan hol-ahvol so‘ragani borgandik. Mezbon xursand bo‘ldilar. O‘ylanib o‘tirgan, ko‘rinishidan horigan shoir bugun-erta AQSHga ketishi haqida siniq ovozda gapirdi. To‘lib ketgan bo‘lsalar kerak, ichlarini yordilar: “Bir kushanda yozuvchi meni tiriklayin o‘ldirish maqsadida bo‘lmag‘ur sassiq gaplardan iborat kitob yozibdi va Erkin akam (Vohidov)ning o‘limida meni ayblabdi. Yo, darig‘! Lekin , xudoga shukurki, bu gaplarga yetarli qarshi javob bergan kitob ham yozilibdi” , deya o‘rnidan turib sekin-asta ichkariga kirib ketdida, bir kitobni ko‘tarib chiqdi va ko‘zlari yonib dedi: “She’riyat, mening she’rlarim qancha yashasa, ushbu kitob ham shuncha yashaydi, haqiqat haqida tinmay bong urib turadi”, deya tomog‘ini iliq choy bilan ho‘lladi… So‘ng kitobni menga uzatdi. Yuksak baho olgan, muqovasida zulmatni yorib chiqayotgan o‘zining rasmi tushirilgan kitobning nomi “Men shoirman, istangiz shu…”, muallifi Abdusaid Ko‘chimov ekan! Ana e’tirof!? …

MUHIDDIN POLVON

Toshkent. 2021 yil 25 aprel