MEHMONMIZ
Aylanadi bu zamin, oftob chiqar, kun botar,
Taqdir bir boshing silab, ba’zan itdayin qopar,
Kim baxtini boy berib, kimlardir baxtin topar,
Birovga arzandayu birisiga yomonmiz,
Gʻanimatdir bu dunyo,
Biz dunyoga mehmonmiz.
Oy suzilar samoda, bo‘yi yetgan qizdayin,
Ko‘nglim siniq, yoronlar, siniqqan yulduzdayin,
Yo‘qotgan ko‘zmunchog‘im qay manzildan izlayin,
Kimlargadir intiqmiz, kimga esa armonmiz,
Gʻanimatdir bu dunyo,
Biz dunyoga mehmonmiz.
Bu dunyoning sinovi, imtihoni mo‘l ekan,
Bir yoni Bog‘i Eram, bir yon sahro, cho‘l ekan,
Gul deganing tikanu, o‘ng deganing so‘l ekan,
Do‘stga nordon so‘zlimiz, yovga shirin zabonmiz,
Gʻanimatdir bu dunyo,
Biz dunyoga mehmonmiz.
Zumrad bo‘lib ichikdim, uyim ko‘rib kelayin,
Samarqandga sochilgan So‘zim terib kelayin,
Xayollari uloqqan shoirangiz bo‘loyin,
Bitta qayiqqa tushgan yaxlit taqdiri jonmiz,
Gʻanimatdir bu dunyo,
Biz dunyoga mehmonmiz.
Ayting,
Kim bu dunyodan ketdim, deb so‘rab ketar,
Kecha ko‘rgan insoning bugun tobutda yotar,
E voh,
Ayriliqlardan yuraging nurab ketar,
Bugun bormiz, ertaga bor-yo‘qligi gumonmiz,
Gʻanimatdir bu dunyo,
Biz dunyoga mehmonmiz.
Tun bag‘rini tilkalab, yorishtirgan chaqmoqdir,
Umrimiz barq urib so‘ng xazon bo‘lgan yaproqdir,
Har bandaning to‘shagi oxiri sho‘r tuproqdir,
Ketguncha bu dunyoning bog‘idagi bog‘bonmiz,
Gʻanimatdir bu dunyo,
Biz dunyoga mehmonmiz.
14.07.2020 yil
Malohat MIRZAYEVA