HALOL LUQMA


Bugun, Janubiy Koreyada sodir bo‘lgan bir ibratli voqe’a haqida hikoya qilib bermoqchiman. Hikoya menga o‘zgacha ta’sir qilgan. Buni ancha vaqtdan beri qog‘ozga tushira olmay kelgan edim. Mana bugun, shuning fursati kelganga o‘xshaydi.
Koreyaning Seul shahrida, o‘zining lazzatli taomlari bilan mahalliy va xorijiy mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan yurtdoshimiz bor. Ismlari Mahmud aka. Ushbu ibratli voqea aynan shu kishi bilan sodir bo‘lgan.
Koreyaning mashhur KBS kanali Mahmud akaning oshpazlik faoliyati va shaxsiy hayoti haqida maxsus dastur efirga uzatadi. Efirda, Mahmud aka o‘z oilasi bilan supermarketga bozorlik qilgani borgan sahnasi bor. Bozorlikka borarkan, farzandlari uchun turli shirinliklar olmoqchi bo‘ladi. Lekin, Mahmud aka shirinliklar tarkibini birma-bir tekshirarkan, ularda musulmonlar uchun yeyish joiz bo‘lmagan, shubhali moddalarni ko‘radi. Supermarketni rosa aylanib halol shirinlik topisha olmay, na iloj, shirinliklarsiz bozorlik qilib qaytishadi.
Bu dastur dunyo bo‘ylab, boshqa davlatlarda ham, xususan Arabistonda ham efirga uzatiladi. Bizning ibratli voqe’a ham aynan manashu yerdan boshlanadi.
Bir kuni, Mahmud akaning eshigi taqillaydi. Eshikni ochsa, eshik oldida, o‘rta yoshdagi bir erkak va ayol, qo‘llari paketlar bilan to‘lgan, ichida turli-tuman shirinliklar, sovg‘a-salomlar. Mahmud aka mehmonlarni darrov ichkariga taklif etadi. Mehmonlar kirib, xotirjam o‘tirib olishganidan keyin nima maqsadda kelganlarini aytishadi. Otalari televizor ko‘rib o‘tirganida, Mahmud akaning supermarketga oilasi bilan shirinlik olgani borgani, afsuski, tarkibi halol shirinlik topa olmay uyga qaytgani uzatilgan efirni ko‘rib qoladi. Ko‘zlari yoshga to‘lib, uzoq yurtlarda mening bir dindoshim, halol luqma izlab, o‘z farzandlariga ham halol yediraman deb xatto shirinliklar ham olib berolmadi deb, birdan farzandlarini chaqirib, Mahmud akani topishni hamda halol shirinliklar bilan to‘la paketlarni uning oilasiga yetkazib berishni aytadi. Farzandlari darhol uchoqqa minib, Saudiya Arabistonidan Koreyaga yetib kelishadi va Mahmud akaning manzilini topib, otasining topshirig‘ini bajarishadi.
Ushbu ibratli voqe’ani Allohning quyidagi oyati bilan yakunlamoqchiman: «Kimki Allohga taqvo qilsa, unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur…» (Taloq surasi, 2-3 oyatlar).


Abduraxim Alamov