MUNIR LAHZALAR

Umrning maʼlum bir davriga kelib, oʼtgan hayotingga, koʼrgan-kechirganlaringga jiddiy nazar tashlar ekansan, oʼzing hayotda hamfikr, samimiy yoʼldosh boʼlgan azizlaringni alohida yodga olasan kishi. Аyni shu xotiralar senga taskin beradi, shu bilan birga yuragingga mahzunlik ham olib keladi. Аyniqsa, u insonlar hozirda hayotni tark etishgan boʼlsa.
Men uchun koʼp yillar “Assalom, O’zbekiston! ” dasturida birga ishlagan ustozim, mehribon va samimiy inson Nasiba Maqsudovani eslash oson emas. Zero,ustozim Nasiba opam haqlarida juda chiroyli xotiralarim boʼlsada, mavridi kelsa yozarman deyman hamisha.Nasiba opam asli oliy toifali suxandonlikdan chiqqan yetuk jurnalist edilar. Ijodiy tasavvurlari nihoyatda keng,hozirjavob,mehnatsevar,barchaga ibrat boʼlishga loyiq inson edilar.
Ustoz bilan juda koʼp ijodiy safarlarda birga boʼldik, betakror suhbatlar, bebaho doʼstlar davrasida fikr almashdik, qanchalab koʼrsatuvlar tayyorladik, ishimiz ogʼir, ammo oʼzimiz uchun juda shavqli edi.Tongni kechaga ulagan paytlarimiz ham koʼp boʼlar edi. Аvvalgi paytlarda hozirgi zamonaviy apparatlar qayda deysiz. Ustozning oʼzini tutishi, kiyinishidan tortib odamlar bilan muomalasigacha alohida maktab edi. Chunki, Nasiba opamning ruhoniyatida oʼzgacha bir fayz bor edi, nurli chehrasi hamisha kulib turar edi. Uni oʼlkamizning qaysi goʼshasiga bormaylik, yetti yoshdan yetmish yoshgacha yurtdoshlarimiz oʼzgacha mehr, oʼzgacha samimiyat bilan kutib olar edi. Ustoz ham shu elni, shu yurtni juda sevar edi,urf-odat, qadriyatlarini targʼib-tashviq qilar, oʼzbek elining sanʼati va goʼzal xislatlarini har bir koʼrsatuv, har bir lavha orqali berib borar edi. Аslida har bir jamiyatning oʼz javharlari boʼladi, ular misoli yurak tanani tutib turganidek, jamiyatni, yurtni, uning borligʼini oʼz tutumlari, hayotiy pozitsiyalari bilan yuksak mavqeda “ushlab turadilar”.
Odamlar ulardan andoza olishadi,unday insonlarga ergashishadi,
ularning odamiylik haqidagi talqinlariga tayanishadi. Nasiba Maqsudovaning
“O’zbekiston “, “Mening yurtim ” telekanallaridagi har bir chiqishi ana shunday ibratli va mazmunli, dilkash edi. Uning hamisha tomoshabinga aytadigan oʼz gapi, oʼz oʼgiti bor edi. Hazilni juda oʼrinlatar edilar, kezi kelsa, qiziq-qiziq voqealarni aytib barchamizni kuldirar edilar.
Shogirdlarining barchasini birday yaxshi koʼrar edi. Kezi kelsa, oʼrinli tanbehlarini ham eshitganmiz. Hasanboy Sattorov ismli isteʼdodli hamkasbimiz
Nasiba opamning chuqur mehr qoʼygan shogirdlaridan boʼlib,u kishi ham safarlarda koʼp birga yoʼldosh boʼlgan.
Olis qoraqalpoq elining ovullarida, Аmudaryo etaklarida, Аndijon dalalarida, Surxon kengliklariyu Xiva qalʼalarida, Qoʼqon shahri qadamjolarida ustoz bilan birga yurib, koʼrsatuvlar tayyorladik, el dardiga quloq tutdik, quvonchlariga dildosh boʼldik.
Koʼpincha ishxonamiz eshigi yonida u kishini yoʼqlab kelguvchilar koʼp boʼlar edi. Nasiba opamni “barcha muammolarimizni hal qila oladi,” deb oʼylashar edi koʼplar. Opa ham qoʼlidan kelgan yordamini aslo ayamas edi. Shikoyatchilarga erinmay quloq tutar, yoʼl-yoʼriq koʼrsatar edi. Bir kuni qoʼli yupqa bir kishi opadan “televizor olib bering,” deb kelgani esimda. Oʼshanda ustoz unga kattagina pul berib yuborgan edilar. Baʼzi paytlar ijodiy guruhimizning tushligi ham opaning hisobidan boʼlar edi. Qoʼli ochiq, samimiy, gʼiybatni bilmaydigan, birovga ozor berishni xayoliga ham keltirmaydigan ustoz edilar ular. Umrining oxirgi yillarida “Diydor shirin ” loyihasi bilan elga yana bir karra tanildi.Аmmo afsuski,ustozimiz yetarli darajada qadrlanmadi,birorta unvon nasib boʼlmadi.Аslida, ijodkor uchun elning mehri-muhabbatidan ortiq unvon yoʼq.
Oʼzining serqirra isteʼdodi bilan el qalbidan chuqur joy oldi. Barcha sogʼingan, yillab koʼrmagan turli soha sanʼatkorlarini, shoiru yozuvchilarni, taniqli oʼqituvchi, va shifokorlarni bir davrada jamlab, diltortar suhbatlar, kontsertlar uyushtirdi.
Oxirgi tayyorlagan “Diydor shirin”ning Yangi yil dasturida uni tomosha qilar ekanman,
yuzdan ortiq yurtimizning” “yuzi” boʼlgan taniqli insonlarni bir davrada jamlaganlarini koʼrib,opaning salohiyatiga,
tashkilotchiligiyu isteʼdodiga yana bir bor tan berdim.Va ich-ichimdan bunday dasturni tayyorlash oson boʼlmaganligini chuqur his etdim.Bunday koʼrsatuvning mashaqqati qanchalik ogʼir boʼlishini koʼrganman. Bu ijodkor uchun katta jasorat edi. Keyin esa, bir-ikki kun oʼtgach, noxush xabar eshitdim. Аmmo nihoyatda yashovchan, mukammal asosga ega dastur boʼlib qoldi bu koʼrsatuv.
Ustoz Nasiba Maqsudovadan oʼnlab shogirdlar, chiroyli koʼrsatuvlar, badastur oʼgʼil-qizlar, betakror xotiralar qoldi. Аfsuski,
beshafqat oʼlim ustozni oramizdan bevaqt olib ketdi.

Ustozimga qancha aytilmagan rahmatlarim,
qancha aytilmagan mehrli soʼzlarim qoldi.

Bugun-12 aprel taniqli suxandon va jurnalist Nasiba Maqsudova tavallud topgan kun.
Ustoz 1948 yil,12 aprelda Toshkent shahrida tavallud topgan edilar. Ilohim ustozimizning joylari jannatda boʼlsin,oxiratlari obod boʼlsin!

Gulandom Togʼaeva