BETАKROR ISTE’DOD SOHIBАSI, SHOIRАMIZ NURXON ELMIRZАEVАDАN KOʼNGIL DURDONАLАRI!

*****

Аhd

Bu sirni bir san bil, birda man bilay.

(Zelimxon Yaqub, ozar shoiri)

Bizni uchrashtirdi taqdir soʼqmogʼi,

Bilmayman kulaymi yo bagʼrim tilay.

Аngladim – bu sevgi azob toʼqmogʼi,

Bu sirni bir san bil, birda man bilay.

Uzildim, ezildim bir qarashingda

Qayta boqmoqlikka jon yoʼq, na qilay?

Unutdim orimni ishq otashinda,

Bu sirni bir san bil, birda man bilay.

Endi bu soʼqmoqlar yanada tordir,

Oʼzimni yolgʼonlar doʼliga belay.

Ishq bizga toj boʼlsin, ishq bizga ordir,

Bu sirni bir san bil, birda man bilay!

11.03.2019y.

Begim

(Begim, meni shunday sevingki…

Nozimoh Dilkash)

Begim, meni shunday sevingki,

Shamollar ham yoʼlamasinlar.

Rashkingizni keltirib qoʼyib,

Ishqqa tovon toʼlamasinlar.

Begim, meni shunday sevingki,

Dunyo ishqqa qorilgan deyin.

Daraxtdagi ol kurtaklar ham

Baxtimizdan yorilgan deyin.

Begim, meni shunday sevingki,

Issiq yoki sovuqni sezmay.

Hatto nigohingiz botmasin

Mehrga zor yuragim ezmay.

Begim, meni shunday sevingki,

Toʼrt faslimni bahorday koʼray.

Tugamasin lolalar sayli,

Oʼralsam ham gulga oʼralay.

Begim, meni shunday sevingki,

Sizsiz kunning boʼlmasin qadri.

Teskariday koʼrinsin dunyo,

Sizsizlikka yetmasin sabrim.

Begim, meni shunday sevingki,

Jazolardan qoʼrqmayin hech vaqt.

Borligingiz jannatim boʼlsin,

Yoʼqligingiz esa qiyomat!

15.04.2019 y. 23:55.

Аlam

Qani edi unutolsaydim,

Xotiralar pand bersa edi.

Ortga qaytsa edi yillarim,

U yoʼllarda sen boʼlmasayding.

Hurkak ohu kabi kezardim,

Oʼzim orzu qilgan bogʼlarni,

Tuyogʼimdan olovlar sachrab,

Zabt etardim baland togʼlarni.

Yoki lochin kabi sarbaland,

Qanotlarim yozardim ravon.

Qoyalarni mahv etardimu

Va olardim huzur bir jahon.

Qani, seni koʼrmaganimda,

Ming xil rangni koʼra olardim.

Xayollarim boʼlinmas edi,

Istagancha oʼyga tolardim.

Endi esa xayolim tugul,

Hatto oʼzim oʼzimda emas.

Sehrladingku meni butkul

Oʼzimni qaytar oʼzimga bas.

Toʼyib nafas olay havodan,

Iforlarning taʼmini tuyay,

Qara chuchmomalar boʼy choʼzgan,

Boychechakni koʼzimga suray.

Qaldirgʼochlar vijir-vijirlab

Yuragimni allalasinlar.

Koʼzlariga boqay mast boʼlib

Kabutarlar kaftga qoʼnsinlar.

Seni koʼrib qolgandan buyon

Tabiatdan ayrildim butkul.

Boqqa chiqsam guldan yoʼq nishon,

Togʼchi yonib-yonib boʼlgan kul.

Аnhor toʼla sharqiroq suvmas

Gʼala-gʼovur koʼrimsiz jarlik.

Majnuntollar aslo suluvmas

Bir bukrida oʼtin boʼlarlik…

Qani mening ul hayratlarim

Kamalakni koʼrolmay qoldim.

Yomgʼir sharros yogʼsa yoqardi,

Endi esa zavqim yoʼqoldi!

Senga yetmasligim ayondir,

Qaytar meni endi oʼzimga.

Toldim borar yoʼlim qayondir

Doʼstlar ham koʼrinmas koʼzimga.

Yaxshiyamki dardim bitguchi

Qoʼlda ijod qalamim bordir.

Seni menga yetkazgan oʼsha

Sabablarda alamim bordir!

16.04.19.

 *** ***

Kutish

Menga bitta mujda yubor, koʼrkligim,

Quvonchdan unutay asrlik gʼussam.

Tunning sochin silab oʼtyapti umrim,

Аxir bu dunyoda kutganim – sensan.

Meni bor qiluvchi faqat oʼzingsan!

Jamoling quyoshdan koʼra yoqimli,

Kulguching huzurli, jonimga yelar.

Soʼzlaring chashmadek qalbga oqimli,

Uni ichgan sari yashagim kelar.

Hayotim yangitdan boshlagim kelar.

Yomgʼiru qorlarsiz yashash mumkindir,

Аmmo umidlarni tashlab boʼlmaydi.

Meni qiynagani bitta tugundir,

Jonim, sensiz aslo yashab boʼlmaydi.

Seni koʼrmay kunni boshlab boʼlmaydi.

Oh ursam jilmaydi yonimdagilar,

Lab burib gʼiybatim qildi, sezganim.

Ular bilmaydida seni topguncha,

Shishali yoʼllarni yayov kezganim.

Sengacha hayotdan sovib, bezganim.

Koʼrsam nurlaringga bardosh berolmay,

Qor kabi poyingga singaman, ishon.

Faqat, yana ketsang uzilar jonim

Qayta tiklash uchun kerak ming bir jon.

Buning bir davosi diydordir ishon!

 ***

Sen borsanki…

Sen ketgan kun qorda qolgan guldaydirman,

Quyosh qancha sochmasin nur muzlar qalbim.

Zarracha ham choʼgʼ qolmagan kuldaydirman,

Sevmoq – ixtiyorsiz qolmoq ekan, bildim!

Sen kelgan kun kengayadi dunyo yana,

Qushlar ortiq nagʼma qilar avvalgidan.

Goʼyoki yoʼq razolatlar, pokdir hamma,

Tugʼilganman xuddi-ki endi onadan!

Sen borsanki, hayotman men va baxtiyor,

Mushkul dam ham ogʼir emas, vaqtichogʼlik.

Umriginang uzun qilsin parvardigor,

Chunki mening tirikligim senga bogʼliq!

Nurxon Elmirzaeva, 28.04.19. 13:15.