Haqiqiy do’st

Bir doʼstim yangi tugʼilgan farzandiga atab osh beradigan boʼldi. Tong yorishib ulgurmasdanoq, ulfatimizdagi barcha, aytilgan restoranga yigʼildik. Shunday kunida yonida turaylik deb, hammamiz restoran kiraverishida bir qator boʼlib, salobat toʼkib turardik. “Аbror kelmadimi“, deb soʼrab qoldi osh berayotgan doʼstim. “Kelib qolar, hali vaqt borku“, dedim. Tong yorishib, tumonat odam yigʼilib ketdi. Odamlar restoranga saf-saf boʼlib kirishar, saf-saf boʼlib chiqishar edi. Bu orada dasturxon egasi yana menga yaqin keldi. “Аbror kelmadimi“, soʼradi yana. “Yoʼq“, dedim past ovozda. “Bilardim kelmasligini, oʼgʼillik boʼlganimni hazm qilolmadi u. Ichi qoraligicha qopti“, dedi jahl bilan. Suhbatga boshqa doʼstlarimiz ham aralasha boshlashdi.
“Oʼzi oxirgi paytlarda puli koʼpayib, odamni mensimay qolgan!“, gapni boshqasi uladi.
“Vijdoniniyam pulga sotvorgan bu!“.
“Ey xotini borma degan“.
“Xotinquliku Аbror!“.
“Xotiniyam mayli, oʼzida oqibat yoʼq!“.
Xullas osh tugaguncha Аbrorning gʼiybati toʼxtamadi. Mehmonlar tarqab, osh yeyish navbati bizga yetdi, hammamiz dasturxon atrofiga yigʼilgan ham edik, xizmat qilib yurgan bolalardan biri shoshib kelib, meni imlab chaqira boshladi. Oʼrnimdan turib, oldiga bordim. Rangi oqarib ketgandi. Uning yetkazgan xabaridan meniyam rangim oqardi. Аbror tongda oʼz mashinasida oshga kelayotganda avtohalokatga uchrabdi. Oʼsha zahotiyoq joni uzilgan ekan. Choʼntagidan osh berayotgan doʼstimizga deb konvertga solingan 500$ toʼyona va mashinasidan chaqaloqqa olingan oʼyinchoq samolyot chiqipti. Osh ham yemay, hammamiz janozaga otlandik.

Jahongir Аhmedov
@shoira_Gulandom