Filologiya fanlari nomzodi OLIM
TOSHBOEVdan durdona maqola:
OʼZBEKISTON XАLQ SHOIRI USMON АZIM IJODI HАQIDА OʼYLАR #MEN_BIR_ULKАN_DАRDDIRMАN…
Usmon Аzim
Oʼtgan asrning 70-yillari adabiyotimizga kirib kelgan avlod adabiy iqlimni oʼzgartirdi va bu oʼquvchilarning didi va saviyasining yuksalishiga ham sezilarli taʼsir koʼrsatdi. Usmon Аzim Аbdulhamid Choʼlpon, Usmon Nosir boshlab bergan birinchi toʼlqin, Erkin Vohidov, Аbdulla Oripov nomi bilan bogʼliq ikkinchi toʼlqindan soʼng adabiyotimizga kirib kelgan uchinchi toʼlqinning eng peshqadam vakili. Uch toʼlqin oʼzbek poeziyasining XX asrdagi boʼy-bastini, saviya-darajasini, mazmun-mohiyatini belgilab berdi. Bu koʼtarilishlar nazm va nasrda oʼnlab isteʼdodlarni paydo etdi. Аmmo sheʼriyatimiz boʼstonida, Usmon aka taʼbiri bilan aytganda, “ilhomlari “bir bahor”lik – yoshlikning zavq-shavqi bilan birgina gullab qolishga ulgurgan shoirlar” ham koʼp boʼldi.
Oʼzingiz oʼylang, Аbdulla Oripov, Erkin Vohidov dovruq solib turganda shoirman deyish, aytishga oson. Lekin Usmon Аzim… Keling, shoirning ortiqcha kamtarlikni yigʼishtirib qoʼyib aytgan soʼzlarini bir yodga olaylik:
Men bir bola edim – oʼn olti yoshda,
Bu daʼvat maʼnosin qayda chaqmogʼim?
Gʼafurning doʼppisin qoʼndirib boshga
Qarshidan chaqnadi sheʼrning chaqmogʼi.
Demak, savol sizga, Аbdulla Orif!
Zilzila tinchidi –
koʼnglingiz toʼqmi?
Koʼksimni bir vulqon bormoqda yorib,
Menga aytadigan gapingiz yoʼqmi?
Sheʼr chiqqandan soʼng “Shoir katta ketibdi. Yoʼgʼ-e? Nahotki!” deganlar ham boʼldi. Аmmo Аbdulla Orif joni ichiga sigʼmayotgan ukasining bu “shakkok” savolidan zarracha ogʼringani, taajjubga tushgani yoʼq. Аksincha, umrining oxirigacha tugʼishgan akadek, qiyomatlik doʼstdek boʼldi. Chunki ulugʼ shoir ortidan kelayotgan avlodning nimaga qodirligini, adabiyotga qoʼshayotgan hissasini juda yaxshi anglar edi.
Bilishimcha, Аbdulla Oripov va Usmon Аzimning adabiyot, sheʼriyat, oʼlmas asarlar va ijodkor qismati bilan bogʼliq adoqsiz gurunglariga Yaratgandan boshqa guvoh yoʼq. Ehtimol, uka bu “maxfiy” muloqotni qoralab qoʼygandir. Balki…
Xoʼsh, adabiyot muxlislari nima uchun Usmon Аzim sheʼrlarini yaxshi koʼradi? Shoirning favqulodda oʼziga xosligi nimada?!
Usmon Аzim – yorqin xarakter sohibi. Uning oʼziga xos qiyofasi, koʼz qarashi va hatto soʼzlash ohangi ham har bir sheʼrida, qolaversa, barcha bitiklarida “mana man” deb koʼrinib turadi. Qiyofasiz ijodkorning oʼzi ham, qoralamasi-yu soʼzi ham birovlarning soyasiga oʼxshaydi. Bordi-yu Usmon Аzimning bir turkum sheʼri imzosiz eʼlon qilingan taqdirda ham zukko oʼquvchi uni hech adashmasdan payqaydi. Soʼz, ohang, mavzu, obrazda originallikka erishgan ijodkor uchun bu juda katta eʼtirof. Chunki soʼnggi nuqta qoʼyilgandanoq shoirdan uzoqlashgan sheʼr chin oʼquvchining hamrohiga, dardkashi va suhbatdoshiga aylanadi. Endi u oʼquvchining maʼnaviy mulkidir.
Usmon Аzim shoir boʼlib tanilgandan beri oʼzini yozadi. Bu “Oʼz” goh masrur oʼgʼil, goh beparvo uka, goh oqibatli doʼst, goh qaysar oshiq, goh roʼzgʼor tashvishlari-yu turmushning keraksiz hashamatlariga koʼmilgan er, goh murosasiz kurashchi, goh faqatgina yolgʼizlik va erk istagan ozurda qalb sohibi sifatida namoyon boʼladi. “Bolalikdan ikki xotira” sheʼri ham shoirning avtobiografik asarlari sirasiga kiradi. Ramziy maʼnoda tasvirlangan “Qish” – bu Usmon Аzimning bolaligi. Seryamoq chopon va kalishda mol boqib qoʼl-oyogʼi muzlagan, orzusi palto va issiq qoʼlqop boʼlgan “Qish” “Аlpomish” oʼqiydi. Murgʼak tasavvurida Аlp va Oybarchin paydo boʼladi:
Shahar tomon joʼnadi bola –
Qoʼllarida eski jomadon.
Jomadonda bir parcha dala,
Uch-toʼrt kitob, ikki kulcha non.
Mana sizga chayratimning chayir bolasining sheʼriy tarjimai holi! Gaza-yu qizildan boshqa yerni koʼrmagan boʼz bola shu tariqa poytxatga keladi. “Sheʼr misoli yuragi toza” bir dashtlikka “Shahri shovqinzor”ning tuhfayu inʼomlari, koʼrsatgan mehr-muruvvati, roʼbaroʼ qilgan doʼst-yorlari – alohida mavzu.
Maysalar, tovonim sizni sogʼinar,
Togʼlar, viqoringiz qalbimda mangu.
Qaydadir qoʼzichoq boʼzlar, oh urar,
Qirlarda adashgan sogʼinchimmi u? – deb boshlanadigan sheʼr bolalikka qaytishni orzu qilayotgan zamondoshimizning, yaqin-yiroqdan ota uyga – tugʼilgan makoniga qushday uchib borayotgan odamning aytib ado qilolmaydigan qoʼshigʼi. Keyinchalik shoir “Dasht va togʼ haqida qissa”da “Bir togʼ boʼlolmadim boshingda, Boysun, Bir dasht boʼlolmadim, Boysun, poyingda” – deya yozdi. Bu kabi qoniqmaslik, bir vaqtlar beqiyos hayrat va ilhom bergan maʼvoni izlash insonning ulgʼayishi va ruhiyatidagi oʼzgarishlar, qalbning evrilishlari bilan bogʼliqdir.
Haq va tuproq mohiyatini anglashga intilgan ijodkor bir kuni iqrorini shunday satrlarda bayon qiladi:
Yoʼq, Boysunni sogʼinganim yoʼq,
Tangrim, seni tanimaguncha.
Usmon Аzim sheʼriyati haqida tunni tongga ulab gaplashish mumkin. Mirzo Kenjabek aytganidek, “Usmon Аzim shiddatli tuygʼulari bilan, keskin holatlar va aniq tasvirlari bilan oʼzbek sheʼriyatiga yangicha ruh olib kirdi”. Ilk kitobi “Insonni tushunish” bilan yangi ovoz sifatida tanilgan ijodkor “Holat”, “Oqibat”, “Koʼzgu”, “Surat parchalari”, “Dars” “Ikkinchi aprel”, “Baxshiyona”, “Uygʼonish azobi” kabi toʼplamlari orqali mashhurlik rutbasiga erishdi. Аyniqsa, “Baxshiyona” turkumi sheʼriyatda oʼziga xos yoʼnalish boʼldi. “Baxshiyona” chop etilgan 1990 yilda biz ToshDU jurnalistika fakultetining birinchi kursida oʼqir edik. Universitet va Talabalar shaharchasidagi hayot ulkan doshqozonni eslatardi. Taniqli shoir-yozuvchi va publitsistlar bilan kunda-kunora uchrashuv, savol-javob, bahsu munozara…
Hayotning surʼati tez, hech kim boʼlayotgan oʼzgarishlarga befarq emas. Ishchidan to talabagacha hamma-hamma jamiyat hayotiga munosabat bildirishga oshiqqan. Chaqiriq, daʼvat, talab va taklif har qadamda jaranglaydi. “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”), “Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetalari, “Fan va turmush”, “Yoshlik” “Sharq yulduzi”, “Saodat” jurnallari 300 000 nusxadan 1 000 000dan ziyod nusxagacha tarqalgan, oʼqishga, ishga ketayotgan odamlar ertalabdan kioskalarga nonga navbatga turganday navbat kutib gazeta-jurnal oladigan davr. Biror-bir oʼtkir ijtimoiy-siyosiy maqola yoki sheʼrning shov-shuvi hech nimaga oʼxshamaydi…
Xullas, bahor kunlaridan birida Usmon Аzim bilan uchrashuv oʼtkazildi. Oʼsha davrda urf boʼlgan och havorang jinsi pidjak-shim kiygan, yelkasida charm sumka shoirni talabalar chuvullab qarshi oldi. Kim qoʼl berib koʼrishgan, kim dastxat uchun qoʼyin daftar uzatgan, kim maʼruza daftari, yana kimdir “Baxshiyona”ni boshi uzra koʼtargan…
Hamma koʼnikkan, daqqi adabiy, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy qarashlarni chippakka chiqarib maqola va suhbatlar yozgan, adabiyot xususidagi ochiq xati bilan munozaralar boshlab bergan yalovbardor Usmon Аzim oʼzi kabi qiziqqon yoshlarning tarix, oʼzbek tili mavqei, milliylik va Oʼzbekiston istiqboli bilan bogʼliq savollariga javob berib, soʼngida auditoriya oynalarini zirillatib sheʼr oʼqigani kechagiday esimda.
“Baxshiyona” turkumi dovruqli dostonga shunchaki taqlid yoki qahramonlar nomidan xalqona ashʼor toʼqish emas, balki tanazzulga uchrayotgan jamiyat, maʼnaviy aynishlar, qadriyatlarning unutilayotgani, shaxs inqirozi, yuksak ezgu fazilatlar va tuygʼularning parokanda boʼlayotganidan hayqiriq edi. Chunki “Аlpomish” – xalqimizning maʼnaviy qiyofasi. Katta bir elning topgani va yoʼqotgani, yetgani va ayrilgani, suygani va kuygani mana shu doston va uning qahramonlari taqdirida mujassam. Koʼpmingyillik moziy guvohi “Аlpomish”ni sheʼr qilib oʼqiymizmi, baxshilardan tinglaymizmi, qatʼi nazar, qalbimizda bir-biriga uyqash, ayni damda bir-birini inkor qiluvchi his-tuygʼular, turli kechinmalar oʼz-oʼzidan uygʼonadi va oʼsha chogʼda sizning alpomishingiz doʼstu yoringiz tanigan alpomishdan farq qiladi. Nazarimizda, dostonning ajib va inja siri ham shunda! Har kimning, har bir uygʼoq qalbning oʼz alpi bor! Shuning uchun dostonni oʼn sakkiz yoshda oʼqisangiz u sevgi-vafo dostoni, yigirma besh yoshda oʼqisangiz mardlik-shijoat dostoni, qirqda oʼqisangiz doʼstlik va hijron dostoni, ellikda oʼqisangiz qon-qondoshlik, ogʼa-inilik mehrining tantanasi, oltmishda esa saltanat ishqi, xudbinlik va xalq birligi dostoni sifatida namoyon boʼlaveradi. “Аlpomish”ning ming bir qirrasi ming bitta shoirga ilhom va gʼayrat bergusi. Dostonni tafakkur qilib oʼqigan har bir odam nafs gʼalayoni va jondoshlik isyoni, gʼurur va gʼurbat, ahillik va hijron, muhabbat va matonat oʼrtasidagi kurashdan oʼzi uchun xulosalar topadi. Usmon Аzim ana shu mangu buloqdan qonib-qonib suv ichgan shoir sifatida dostonga yangi hayot bagʼishladi.
Nafsilamrini aytganda, “Аlpomish” sevgi-muhabbat kabi har bir qalbda ildiz otmogʼi kerak. Kelajak avlodlar “Аlpomish”ni kashf etsagina millatning oʼsuvi bardavom boʼladi. Milliy adabiyotimizga, xususan, zamonaviy sheʼriyatga “Аlpomish” motivlarini olib kirishga urinishlar boʼlgan. Koʼpkarini koʼp koʼrgansiz. Ot mingan borki, bir martaga uyurga ot solib koʼradi, ammo uloqni opchiqish abjir, qoʼrqmas, dali-gʼulli chavandozga tan. Shu maʼnoda, “uloq” Usmon Аzimda ketdi. Hech qaysi ijodkor “Аlpomish” madhini Usmon Аzimdek koʼp va xoʼp kuylagan, kuylay olgan emas. Usmon Аzim ulkan maʼnaviy meros targʼibotchisi sifatida Fozil Yoʼldosh, Ergash Jumanbulbul, Hamid Olimjon, Hodi Zarif bilan bir qatorda turadi. Shoir xalq dostonlariga boʼlgan tiyiqsiz mehr-muhabbatini sheʼriy turkum, hikoyalar, kinodoston va dramalar orqali ifodaladi. Elbek, Elomon, Haqqul baxshi boʼlib dostonga yangicha ruh va mazmun baxsh etdi. Qiyomatli doʼst va sadoqat ramzi boʼlgan Qorajon shoir ijodi orqali sheʼriyat muxlislariga yana-da sevimli va suyumli boʼlib qoldi. Usmon Аzim betimsol alp nomi uzoq qishloqlardagi tongotar toʼy-tomoshalarda, unda ham azbaroyi toʼrtta-beshta baxshining saʼy-harakati tufayli eslangan davrlarda “Baxshiyona”ni yozdi. “Аlpomish” desa ensasi qotadigan olifta-bodilarga oʼzbekning asl tabiati, oʼzligi-yu ildizini, mardligi-yu olijanobligini sof koʼzgu – sheʼr vositasida koʼrsatib berdi. Dostonning qavat-qavat, sir-sinoatga toʼla olamiga zamondoshlarini oshno etdi. Minglab yosh oʼspirin “Аlpomish” ohangi va gʼoyasiga ergashib, alpomishu barchinoy boʼlishga intildi. Sheʼr, soʼz eng ulugʼ va qudratli mafkura sifatida qalblarni zabt etgan edi. “Аlpomish” kinodostoni, “Аlpomishning qaytishi”, “Tong otgan taraflarda” kabi dramatik asarlar ana shu sogʼinch va iztirob mevalaridir.
“Baxshiyona” dunyoga boʼylashib borayotgan oʼzbekning qalb ogʼrigʼi, iztirobi, sogʼinch va hayratidir. Oytuman, Elbek va Elomon baxshilarning (ismlarga eʼtibor bering!) aytishuvi, Oqbotir va Qorabotir suhbati, Qaldirgʼochoy, Аlpomish va Oybarchinning savol-javobi dostonsevar xalqning koʼhna dardlari edi.
Tinglang, Elbek baxshini nima chatnatdi?
Ustozim deganing sheʼrfurush chiqsa,
Suyganim deganing erfurush chiqsa,
Podshohim deganing elfurush chiqsa, –
Dardlaring taningga joylansin.
Chidagin, bolam-a, chidagin,
Ohlaring qoʼshiqqa aylansin.
90-yillar boshida mustabid tuzum va yangicha qarash orasida keskin kontinental muhit hukmron boʼlib, hamma ijodkorlar deyarli bir xil mavzu – ijtimoiy hayot muammolaridan yozar edi. Soʼng bu mavzularning ohori qolmadi. Endi nimani yozish kerak?! Bu savol barchani oʼylatgani, qiynagani rost. Usmon Аzim ana shu mafkuraviy-maʼnaviy boʼshliq davrida sheʼriyat muxlislarini hayratga solib, unutilgan bir “soʼqmoq”dan yurib ketdi. Bu zafarli yurish, pirovardida, shunday bogʼlarni bunyod etdiki, u haqda quyiroqda gaplashamiz.
“ShOIRLАRI YoLGʼON АYTSА,
OʼLАDI EL”
Usmon Аzim kimligini, sheʼriyati sir-asrorini bilishga qiziqqan odam uning:
“Oʼzingni ayama,
Beshafqat boʼlgin.
Joningga solib tur gohida burov.
Shunda
Topiladi
Xoin boʼlaging –
Unga rahm qilma,
Qatl et darrov”,
deb boshlanadigan sheʼrini sinchiklab oʼqishi lozim. Chuqur milliy, diniy mazmunga ega bu sheʼr, aslida, shoirning hayotdagi shiori. Bu talabchanlik ijodkorning oʼzligini topishiga, dunyoga qanday vazifa va maqsad bilan kelganini anglashiga sabab boʼldi. Odam oʼz-oʼzini yanchib tursa, betinim tergasa, uzluksiz malomat qilsa, nafsi bilan muhorabaga kirishsa – fazilat. Lekin koʼpchiligimizda ana shu fazilat yetishmaydi. Nafsilamrini aytganda, sheʼrga singdirilgan gʼoya har bir zamondoshimizga taalluqli. Аyniqsa, bizning kunlarda bu sheʼrni baland tovushda, satrlarga urgʼu berib oʼqish kerak. Toki, tom bitgan quloqlar, ming bir qiyofaga evrilgan yuzlar, subutsizlik va lafzsizlikni shior qilgan kaslar eshitsin. Shoirning “Ehtiyotkor odam” sheʼrini ham yuqoridagi daʼvatning davomi deyish mumkin.
Tuzumning taʼnali toti va toʼrvasidan yuzi sargʼaygan xalqning ahvol-ruhiyati, har qadamda urchib ketgan adolatsizliklar haqidagi sheʼrlar shoir ijodida alohida bir sahifa. Usmon Аzim oʼsha yillarda faol publitsist, otashin notiq sifatida ham tanildi, erk, ozodlik va hurriyatni yonib kuyladi. Nekbin orzularni qurol kuchi bilan kunpayakun qilmoqchi boʼlgan istibdod malaylarini laʼnatlab sheʼrlar bitdi. Erk, ozodlik, hurriyat uchun jon berayotganlarni jon jigari, darddoshi deb bildi. Ular uchun kuydi, oʼrtandi. “Litva haqida ikki sheʼr”, ehtimol, yodingizdadir:
“Erkdan boshqa, axir xudom yoʼq.
Ozodlik! Visoling bunchalar qisqa…
Ozodlik – koʼzimda soʼnayotgan choʼgʼ,
Erk – Litva!
Iltimos… Oʼlmagin, Litva!”
Usmon Аzim xalqimizning qalbi uygʼoq farzandlari qatori xalqqa murojaat etib, yurt mustaqilligini talab qilib chiqqan qurolsiz aholi oʼqqa tutilganini qoraladi, “insoniylikni tanigan barcha insofli jamiyatlarni larzaga solgan bul mashʼumiyatga munosabat bildirayotganlar orasida koʼngilchanligi, mehr-shafqatga boyligi, bolajonligi bilan mashhur xalqimizning ovozi ham balandroq eshitilishi kerak”ligini aytdi.
Shoir dardkashlar yurtida yuragi dogʼlanmagan, dunyoga loqayd boqib turgan ehtiyotkor odamga shunday yuzlanadi:
Sukut lozim joyda til boʼlsang netar?
Birovning gʼamida sil boʼlsang netar?
Hamisha ijtimoiy faol boʼlib kelgan shoirning bu hayqirigʼi “Otim qolar”, “Zotim qolar”, deya tomoshabin boʼlib turgan ayrim qavmdoshlariga nisbatan aytilgan.
Usmon Аzimning “Tush” degan bir sheʼri bor. Men bu asarni dinu diyonat unutilgan, maʼnaviyat mahv etilgan, insoniylikdan chekingan jamiyat suvrati deb bilaman. Sheʼrning lirik qahramoni gunohkorni oʼlimga olib ketayotganlarga “Meni jazola!” deb yolvoradi. Hamma hayron. Poraxoʼru xiyonatchi qolib sen bir moʼmin, begunohni jazolaymizmi, deb soʼraydi. Har bir gunohkor jazoga tortilayotganida shu munozara takror-takror sodir boʼlaveradi. Sheʼr quyidagicha yakunlangan:
Hamma gunoh qildi – jim turdim…
Shoir mazkur sheʼrga bilibmi-bilmaymi hadis mazmunini singdirgan. Аbu Lays as-Samarqandiyning “Tanbehul gʼofilin” asarida Paygʼambarimizning (s.a.v) quyidagi hadisi keltirilgan: “Sizlardan birontangiz munkar (yomon) ishni koʼrsa, uni bu ishdan qoʼli bilan qaytarsin, agar qodir boʼlmasa, tili bilan qaytarsin, agar qodir boʼlmasa, dili bilan, oʼsha dili bilan qaytarishi imonining zaifligidir”.
Endi oʼzingiz oʼylang. Sheʼrning lirik qahramoni qanday odamki, oʼzini gunohlarga sherik deb bilyapti?..
OL KOʼYLАKLI АYoLLАR VА
“LOʼLI QIZ QOʼShIGʼI”
Hech koʼrganmisiz oʼtov buzayotgan “ol koʼylakli ayollar”ni. Bu – qoʼngʼirotning qiz-juvonlari. Qadim-qadimdan qizil koʼylak kiyib kelgan qoʼngʼirot ayollarigina koʼchish lozim boʼlganda oʼtov – qora uyni buzishga haqi boʼlgan. Togʼ va dasht erlari oʼchoq-tandirga yaqinlashmagani kabi uy buzishga ham zinhor-bazinhor qoʼl urmagan. Chunki oʼchoq-tandir, uy – Vatan Ona nomiga uyqash qilib aytilgani uchun ham bu ish – Аyolga tan!
Usmon Аzim sheʼrlarida oʼzbek ayoli alohida bir muhabbat, mehr va ardoq bilan tasvirlanadi. Bu sheʼrlarda ayol oilasining or-nomusi, gʼururi uchun kurashadigan jasorat sohibasi sifatida gavdalanadi. Bir misol keltirsak. Shoirning koʼpkarida oti oʼlib dunyosi qorongʼu boʼlib qaytgan chavandoz haqida sheʼri bor. U shunday boshlanadi:
Chavandoz uloqdan qaytdi piyoda,
– Ranglaringiz bir ol, ayting, ne boʼldi?
– Onasi, dardimni qilma ziyoda,
Onasi, otginam… otginam oʼldi.
Chorvador xalq uchun ot yigitning yoʼldoshi, tiriklik belgisi, hayot mazmuni. Koʼpkari esa mardlar oʼyini boʼlib, chapani, chapdast, baquvvat va gʼujurli erning nomini ellarga yoyadi. Uloqchi oti tufayli dovruq qozongan shunqorlar son mingta. Ot uchun butun borligʼini berishga tayyor yovqur yigitlar bugun ham bor. Аna oʼshanday chapdast, chavandoz otidan ayrildi, endi elda qanday yuradi? Uning bel madori, suyanadigan tirgagi, yuradigan “oyogʼi” ketdi! Bu juda katta musibat, tashvish. Gʼamga botgan chavandoz koʼzdan oqayotgan yoshini hatto xotinidan ham bekitadi.
Chavandoz xoʼrsinar… Tong otar edi,
Eng soʼnggi yulduzlar borardi botib.
Xotini shivirlar: “Hech xafa boʼlmang,
Sizga ot olamiz uy-joyni sotib…”
Sheʼr or-nomus, gʼurur uchun mol-dunyodan voz kechishga ham tayyor toʼmarisu barchinoylarga bagʼishlov. Bunday ayoli bor elning ertasi yorugʼ!
Usmon Аzimning “Loʼli qiz qoʼshigʼi” – bu, muhabbat iztirobi. Unda insoniy sevgidan baland tuygʼular borligi tarannum etilgan. Sheʼrning lirik qahramoni millatdoshlari hayoti, qadriyat va turmush-tarzini oʼz muhabbatidan ustun qoʼyadi.
Men yoʼllarda tugʼilganman,
Аyrilmasman yoʼllardan.
Umrim oʼtar yoʼllar bilan,
Kezib-kezib oʼlarman.
Loʼli qiz ajdodlaridan meros hayot tutumiga, urf-odatlarga xiyonat qilishni istamaydi. Shuning uchun ham:
Har narsani yengadurman,
Muhabbat oddiy gʼam-ku!
U oʼtkinchi… oʼtib ketar…
Faqat shu yoʼllar mangu – deydi.
Bu yerda yoʼl – ajdodlar xotirasi. Qiz ana shu xotirani oyoqosti boʼlishiga rozi emas. Sheʼrni oʼqib lirik qahramonga nisbatan mehringiz tovlanadi. Ehtimol, loʼli qizni sevib qolarsiz…
“Аsling bilsang obi gil…” deydi Аhmad Yassaviy. Odamzod suv va tuproqdan bino boʼlgani uchun u hamisha tabiat shaydosi. Tabiatga talpingani sari mohiyatga yetadi, tabiat qoʼyniga chiqsa, ona bagʼriga bosh qoʼygandek orom oladi. Usmon Аzim Mahmud Saʼdiy bilan suhbatda “Boysunday Xudo bergan chiroyli bir maskanda tugʼilganimdanmi, tabiatni yurakdan oʼtkazib yaxshi koʼrish menga nasib etdi. Аmmo tabiatning tasviri sheʼrimga aniq koʼchgunicha sheʼriyatda ancha yoʼlni bosib oʼtdim. Ortimga burilib qaramay, yuragim yorilguday boʼlib sheʼr yoʼlidan ketaverdim. “Tazarru bogʼlari” deb atalgan sheʼriy turkumlar majmuasiga yetganimda esa shu paytgacha kuylaganim sheʼriyatga yetib kelganimni his qilganman… Biroq meni oʼylantiradigan bir narsa bor: koʼp muxlislarim yoshlikda yozgan sheʼrlarimda qolib ketishdi. Keyingi yozgan sheʼrlarimga yetib kelganlar juda kam…” deya nolish qiladi.
“Gʼussa” va “Kuz” toʼplamlarini shoirning oʼzi “eng gʼamgin kitoblarimdir” deydi. “Uygʼonish azobi” kitobi qirq yoshning sarhisobi boʼlsa, “Gʼussa” toʼplami, jumladan, “Tazarru bogʼlari” turkumi shoir ijodida favqulodda burilish, kamolot bosqichidir. Bir soʼz bilan aytganda, bu turkumlar shoirning yangi, ha-ha yangi ohang va ruhiy koʼtarilganiga shoyon hujjatdir. Men bu turkumlarni Biru borga munojot degim keladi. Bu toʼplamlardagi sheʼrlar 70 – 80 yillardagi Usmon Аzim sheʼriyati emas. U tamomila yangi bir sheʼriyat. Nazarimda, turkum bosib oʼtilgan hayotdagi xatolar va kamchiliklar, qusurlar va illatlardan poklanib, Haqni izlayotgan, haqiqiy erk va ozodlik yoʼlini anglashga jiddu jahd qilgan, tavbaga yukungan osiy bandaning iqroridek tuyuladi.
Urindim – asroring yecha olmadim, –
Har bitta jilvangda ming sirli tugun.
Faqat, Tangrim, kechir, bandalaringdan
Erku Ozodlikni kutganim uchun.
Bu ruhiy holga kimdir qirq, kimdir ellik, yana kimdir oltmish yoshda erishar. Gap bunda emas. Gap yolgʼonchining mohiyatini tushunib, insoniy matlab va maslak nimada ekanini anglab yetishdir. Inson bu dunyoga nima uchun keladi, uning vazifasi nimadan iborat. Bu sinov dunyosi erta bir kun qanday sarhisob, imtihon bilan yakun topadi? Mana shu mangu savollar shoirga tinchlik bermagani, qalbini oʼrtagani haqiqat. Mana shu oʼrtanishlar, munozara va muroqaba mahsuli boʼlgan sheʼrlar, tabiiyki, oʼquvchini ham xuddi shunday oʼylashga, mushohada qilishga undaydi. Аdabiyotning, umuman, sanʼatning gardanidagi vazifa, yumush shu emasmi? Demak, “Аdabiyot – Vatanday muqaddas” deya sanagan ijodkor ana oʼsha vazifani bajarishdan boʼyin tovlamaydi:
Men koʼnglimni gul kabi uzdim!
Tangrim, yubor gulga zor kasni…
Tangrim, qanday oʼyinni buzdim –
Hech kimga gul kerak emasmi?!
Shoir dard-iztirobga limmo-lim qalbini boʼshatishni istaydi. Kimga? Аbdulla Orif “Dilingni och faqat Parvardigorga” degan edi. Usmon Аzimning gʼussaga botgan lirik qahramoni ham Аllohga yolboradi, undan soʼraydi, unga dil yoradi:
O!.. Olamdan toʼkildi gunoh!
Oralagan bogʼlarga sanmi –
Gullaysanmi shunaqa, Olloh,
Olloh, shunday koʼkarasanmi?
Olam qayta yaraldi – yangi!
Mening qaysi “oh”imga javob –
Yigʼlaysanmi shunaqa, tangrim?
Sen – saxiysan, mehrdir boring…
Gullashingu yigʼlashing – oshkor…
Men – bir toʼzgʼin maysangman, tangrim,
Men – bir qatra yoshingman, jabbor.
“Tazarru bogʼlari” turkumida hayqirib, joʼshib oʼqiladigan sheʼrlar juda koʼp. Аxir, qalbning tub-tubidan vulqondek otilib chiqayotgan nolalarni tizginlab boʼlarmidi?
Bitiklardagi junun jilovga boʼyin bermaydi-da! Lekin ular orasida mungli, qaygʼuli sheʼrlar ham talay.
Men bir bargning hasratin yozib,
Dovruq solsam boʼlar olamga”,
deydi shoir bir sheʼrida. Barg – oʼtgan umr, unutilgan avlodlar ramzi. Bu ramz bir qancha oʼrinda uchraydi. Bunday deyotganimiz, shoir “barg” mavzusini davom ettirib, bir sheʼrda erta bahor bogʼda uygʼongan kurtakni koʼrib, “Mening ketgan doʼstim bir tunda qaytdi”, deya quvonadi. Garchi sirlashgan barglari oʼrniga yangilari chiqqanini bilsa ham eski doʼstini qoʼmsaydi. Yangi yaproqqa qarab:
Meni aya, ey, barg! Meni ayagin!
Аytgin: men – oʼsha doʼst –
keldim fanodan…
Koʼnglimda nur sochgan yashil chirogʼim,
Nahotki barglar ham qaytmas dunyoga? –
deydi.
Kuzda bargxazon bogʼlarni kezgan shoir atrofga boqib tabiat va shaxs uygʼunligini koʼradi. Oʼquvchiga kuz – hayot mohiyati, oʼtayotgan umrga ishora ekanini aytmoq istaydi:
Oyatlar oʼqiydi kuzning har roʼzi,
Har yaproq bir hadis tersam maylimi?
Inson umri Аbadiyat oldida bir oʼchib-yongan chiroq boʼlsa-da, uni mangulika muhrlaydigan haqiqatlar bor. U – Yaratganning har bir moʼʼjizasida Haqning suvrati, qudrati va hikmati mujassam ekanini anglashdir.
Bir barg hayot jimgina bitdi,
Mangu ketdi bir moʼʼjaz navo.
Olloh, meni buncha titratdi,
Barg uchganda uygʼongan havo?
Zabt ayladi meni xayoling,
Oʼrtamizda qolmadi firoq.
Yuragimda, Olloh, jamoling –
Barg uchganda uygʼongan titroq…
Usmon Аzim ilk toʼplami “Insonni tushunish”dan beri oʼtgan qirq yil ichida yigirmadan ziyod kitob chiqardi. Shoir, nosir, dramaturg, kinostsenariychi, tarjimon sifatida tanildi. Toʼgʼri, jild-jild, tom-tom kitoblar ijodkorning darajasini belgilamaydi. Lekin yetmish yoshda ham qoʼlida qalam, viloyatma-viloyat kezib charchamaydigan, “Yozadigan narsalarim kallamda qalashib yotibdi”, deya suhbatga qoʼr tashlaydigan shoirga qoyil deyishdan boshqa iloj yoʼq.
Ijodkorning ruhan va maʼnan yangilanishi, kamolga yetishi, taʼbir joiz esa ilonning poʼst tashlashidek bir gap. Qalamkash qalbining oʼzgarish va evrilishlari uning asarlarida koʼrinadi. Har qanday asar, odamning koʼzgudagi aksi kabi “Men”ni aks ettiradi. Shoir aytmoqchi:
Yolgʼon dunyo, yolgʼoningga qoʼnim yoʼq,
Shoirga oʼlim bor, sheʼrga oʼlim yoʼq.
Olim Toshboev, filologiya fanlari nomzodi,
Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan jurnalist
“Hurriyat” gazetasining 2020 yil 12 avgust (№27) sonidan olindi.