SHE’RIYAT SABOQLARI

Ko‘plab jurnalxonlarimizning iltimoslarini inobatga olib “Gulxan” jur­nalimizning ushbu sonidan “Ijod hayratlari” nomli rukn tashkil etdik. She’r, hikoya yozishga qiziqadigan, ammo bu janrlar haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lmagan, she’riyat qoidalarini yaxshi o‘zlashtirmagan havaskor bolalar ushbu rukn orqali ruhiyat olami, adabiy janr sir-sinoatlaridan xabardor bo‘ladilar. Bu mashg‘ulotlarni filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibasi, taniqli shoira Gulandom opa Tog‘ayeva olib boradilar.   Dunyoda bolalik, o‘smirlikning sirli, ajoyib damlarini boshdan kechirmagan birorta ham kishi yo‘q. Buni chin dildan aytayapman. Hamma ham qachondir mana shu go‘zal, ayni damda inson hayotining eng muhim pallalarini boshdan kechirib, katta hayot ostonasiga qadam qo‘ygan. Masalan, o‘zim ham bir paytlar chiroyli qizcha bo‘lganman. 3-4 yoshlarimdayoq, tengdoshlarimga qo‘shilib dalalarda yugurib yurardim. O‘shanda negadir ko‘m-ko‘k osmonga qarashga qo‘rqardim. Balki, oppoq, pag‘a-pag‘a bulutlar ustimga yopirilayotganday tuyulgani uchundir. Yoki yoz paytlarida bog‘imizda gullarga, yo‘ng‘ichqalarga qo‘nib yurgan turfa rang kapalaklar meni hayratga solar, ularni tinmay quvlardim. Keyin xonqizi degan hasharot bilan do‘stlashib qolgandim. Qo‘limga qo‘ndirib olsam, hadeganda uchib ketavermasdi. Bu­vimning aytishicha, bir paytlar uning onasi hovuzdan suv olib kelaman deb, ketganicha qaytib kelmagan ekan. U hamon suvga ketgan onasini kutar, shuning uchun bolalarning kaftiga chiqib qolsa, uchib ketmasdan o‘sha yerda o‘zini xavfsiz sezar ekan.Ayniqsa, yomg‘irdan so‘ng paydo bo‘­ladigan rang-barang kamalakni, quyosh chi­qishi va botishini tomosha qilish, daraxt barglaridan gerbariylar yasash, erta tongda atirgulning yuzidagi ko‘z yoshiday titrab turgan shabnamlarni tomosha qilish, hov­lilarni bezab turgan nomozshomgullarning namxush hidlari ostida kitob o‘qish… Qarang, bolalikning qanday go‘zal olami bor. To‘g‘ri, men bugungi suhbatimizda siz bilan adabiyot haqida, she’riyat va uning eng muhim jihatlari haqida so‘zlashni maqsad qilganman. Ammo, hozirgi so‘zlarim ham mavzuga bevosita aloqador. Aziz do‘stlarim, adabiyot, she’riyat birinchi o‘rinda dunyoni bor bo‘yicha tomosha qilish, go‘zallikdan hayratlanish va qalban jo‘r bo‘lishdan boshlanadi. Men shoir uchun eng muhimi, hayotni boricha qabul qilish, har bir narsa yoki atrof-muhitdagi ashyoda go‘zallik va ma’no borligini tan olish lozim, degan bo‘lar edim. Chunki yozuvchi Oybek aytganidek, “Adabiyot turmushni aks ettiradi, turmushdagi voqealar, hodisalar, fikr va tuyg‘ularni umumiylashtirib, obrazlar bilan turmushni, dunyoni anglashga tirishadi”. Mana bu satrlarga qarang:– Opa, nima qilasiz,Shuncha kitob-daftarni?.O‘ynasangiz bo‘lmasmiBundan ko‘ra kaptarni?Menga bering (bilmabmanShuncha kitob borligin)Maklaturaga berib,Olay “Maqtov yorlig‘i”!..
Yoki qarang:– Soching qani? – deb ammam,Norni so‘roqqa soldi.U-chi turib xotirjam,Der: – Sochim uyda qoldi!..Bu she’rlarni men sizdek paytlarimda yozganman. Rostdan ham hayotimda kulgili, va achinarli voqealar ko‘p bo‘lgan. Bir qarashda bularni she’rga solish osondek ko‘rinadi. Lekin badiiy mushohada, kuzatuvchanlik bo‘lmasa, maqsadga yetib bo‘lmaydi.Bo‘lg‘usi shoir eng avvalo, juda sinchkov, kuzatuvchan bo‘lishi kerak. Hayotdagi siz uchratgan har bir voqea yoki hodisa sizning she’ringiz mavzusi bo‘lishi mumkin. Lekin gap ko‘rganingizni qanday bo‘lsa, shunday yoritishda emas, balki hamma gap unga badiiy tus berishda. Boshqalar ko‘rmagan ma’noli qatlamlarini ilg‘ay olish, uchinchi ko‘z – qalb ko‘zini ishlatib, o‘sha hodisadagi yorqinlik va kayfiyatni o‘quvchiga yetkaza bilish kerak. Ustoz shoira Zulfiya aytganidek, “She’r – tuyg‘ular, hayotdan olingan taassurot va tafakkurlar mevasi!.. She’r – tuyg‘ular farzandi. Chuqur fikrlar, yoniq, samimiy hislar farzandidir”.Qalb ko‘zi ochiq insonlarda esa tuyg‘ular mo‘l bo‘ladi. Qalb ko‘zi nimaligiga izoh berishga harakat qilaman. Atoqli rus yozuvchisi Aleksandr Dovjenkoda shunday satrlar bor: Qamoqxona derazasidan ikki kishi chor atrofni tomosha qilayapti. Biri yerda to‘planib qolayotgan balchiq, ko‘lmakni ko‘rayapti va ta’bi buzilayapti. Ikkinchisi esa, ko‘lmakda quyosh nurlarida tovlanayotgan yulduzchalarni ko‘rib, qalbida quvonch paydo bo‘layapti. Chunki, ikkinchi kishi yorug‘ orzu,toza qalb bilan dunyoga nazar tashlar ekan, shak-shubhasiz, uning ishlari oldinga yurib ketishi, ertaga ozodlikka chiqishi ham hech gap emas, zero niyat xayr, oqibat xayr, deganlar. Yozuvchi ustoz Oybek yana bir o‘rinda shunday deydi: “Adabiy asarlar turmushni jonli ko‘rsatib, odamlarning fikr va tuyg‘ulariga kuchli ta’sir qiladi. Badiiy chuqur, fikr-his jihatidan to‘la adabiy asarlar o‘quvchini uzoq vaqt bog‘lab, asir qilib oladi. Adabiyot turmushni abstrakt (mavhum) tushuntirmay, konkret (aniq) badiiy umumlashtirib, jonli anglatadi”.Qarang, ko‘lmak suvda samodagi go‘zal yulduzlarni ko‘ra olish uchun oddiy ko‘zdan tashqari qalb ko‘zi ham kerak. Go‘zallikni his qila olish, tasavvur etish ham kerak. Atoqli yozuvchi Abdulla Qahhorning ushbu so‘zlarini aytib o‘tish bu yerda o‘rinlidir: “San’at asari chaqmoq, mushak, kamalak singari lahzani obod qiladigan umri qisqa, mag‘zi puch go‘zallik emas, balki adabiyotni bezaydigan, umri boqiy va mag‘zi to‘q go‘zallikdir….o‘qishli kitob go‘zallikdir, lekin go‘zallikda ham go‘zallik bor. Qorong‘i kechada otilgan mushak ham go‘zal, quyoshga qarab xandon tashlab turgan gul ham go‘zal. Osmonda sochilib ketgan rang-barang olov va oqish izlar go‘zalligi ko‘zni qamashtirsa ham puch go‘zallik, lekin o‘ziga xos. Gulning go‘zalligi esa to‘q go‘zallik, chunki uning bag‘rida hayot bor, shuning uchun abadiy go‘zallikdir. G‘uncha guldan ham go‘zalroq, chunki uning bag‘rida ikki hayot – o‘z hayoti va yana gul hayoti bor”.Shu bilan bir qatorda shoir bo‘lish uchun albatta, so‘z boyligi ko‘p bo‘lishi ham kerak. Ayrim yosh shoirlar bilan gaplashganimda, ularning so‘z boyligi kamligini sezib qolaman. Buning asosiy sababi, ular kam kitob o‘qishlarida, xalq ertak, dostonlariga bee’tiborliklarida deb bilaman. Rus she’riyatining quyoshi Pushkin o‘zining shoir bo‘lishida enagasi Arina Rodionovna aytib bergan alla, ertak va dostonlarning ahamiyati kattaligini bejizga ta’kidlamagan.Bugun sizning o‘z bilim­laringizni tinmay boyitib bo­rishingiz va dunyoqarashingizni rivojlantirishingiz uchun qan­chalab Arina Rodionovna va­zifasini o‘taydigan beminnat elektron resurslar, radiokitoblar bor. Ulardan unumli foydalanish lozim deb o‘ylayman.