KO’NGIL JAVOHIRLARI YOXUD NURXON ELMIRZAYEVA IJODIGA CHIZGILAR


Inson asli bu dunyoga oddiy sir boʼlib keladi, ammo ketayotganida buyuk sirga aylanib ketadi. Shu bois uning kimligini faylasuf va shoirlar, musavvirlar, hofizlar necha ming yildan buyon axtarish bilan ovora. Shoira singlimiz Nurxonning ushbu sheʼrlari ham ana shu behudud izlanishlarning bir qatrasi boʼlibdi. Gohida oʼzini shamshirga,
goh jilgʼa, goh kitobga oʼxshatadi:
“Kitobman men hali hech kim oʼqimagan,
Qarang, changlar yuzlarimni yopishini!
Yozuvchisi koʼkda, aslo toʼqilmagan,
Bilolmagan qanday yakun topishini!”…
Chunki ijodiy qahramon oʼzligini qidirayapti. Minglab ashyolar, borliqdan oʼz suratini izlayapti. Аmmo baribir u oʼzini shunday izdihomda ham yolgʼiz sezayapti.
” Kimsasizman – isbotidir yolgʼizligim,
Sukut tilda soʼzlaguvchi qolmayapti.
Soʼzni qoʼygin, qara meni, koʼzlarimga,
Nigohlarim gapirishdan tolmayapti.”… Аslida bunday sukunatdan qoʼrqmoq kerak. Shoiraning bu sukunati aslida boʼron misoli, bunday sokinlik oshiq qalb uchun xatarlidir. Аmmo uning gʼamzasi ham borki, u ayni mehrdan darak:
“Men quyoshman gʼovakni ham unutmagan,
Tuproqman men oʼsuvini ajratmagan
Daraxtman men son sanoqsiz yaproqlarim,
Soyasida faqat yoʼlovchi toʼxtagan.”…
Baʼzi oʼrinlarda sheʼriy qoidalar fikrni sigʼdirolmaydi va boʼgʼin, qofiya tarozusini bosmaydi.
Аmmo eng muhimi, fikrning mohiyati.
” Men orzuman, men niyatman, men bir asir,
Oshigʼini uchratmasdan majnun boʼlgan.”… Oxirgi satrga yana ishlov bersa yaxshi:”Laylisini koʼrmasidan Majnun boʼlgan…” Yaxshi tashbeh bu.
Sheʼrning oxirida
“Ovozimni faqat Tangrim eshitsa bas!” satrlari borki, bu sheʼr oʼz oldiga qoʼygan vazifani bajara olibdi, deb oʼylashga asos beradi. Chunki asosiysi bizni dardu iztirobimiz ilohiy ishq sari yetaklasa bas. Garchi dunyo uchun sir boʼlib qolsak ham oʼzining roziligini topa olsak bas.
Nurxon singlimizning sheʼri bahonasida hayot haqidagi oʼz fikrlarimni ham aytdim. Аmmo asosiy maqsad- shoiraning ijodini kuzatish bilan birga singlimizni ruhlantirish, maʼnaviy quvvatlash hamdir.Uning ijodida baquvvat sheʼrlar va betakror tashbehlar bor. Аmmo baʼzan tahrirtalab satrlar ham yoʼq emas. Аmmo texnik kamchiliklar, soʼz ustidagi nuqsonlarni bartaraf etish qiyin emas. Eng asosiysi- ruh butunligi. Soʼz qudratini his qilish, tasavvur bepoyonligi. Shoiramizda ana shu ruhiy butunlik kuchi, ana shu zarur xislatlar bor. Аyniqsa, Ruhiy butunlik juda zarur.U boʼlmasa, ruhni tahrir qilib, oʼzgartirib, biror joyda ishlab chiqarib boʼlmaydi. U Xudo tomonidan beriladi. Аmmo baribir ijod yoʼli-katta zahmatlar yoʼli.U hisobsiz riyozatlar talab qiladi.
Soʼzim soʼnggida, shoira singlimiz doimo oʼz ustida tinimsiz ishlab, yanada zavqu shavq bilan ijod qilishini tilab qolaman.
Gulandom Togʼaeva,
filologiya fanlari nomzodi


Men savolman berilmagan hech kimsaga,
Javoblari oʼzi bilan birga yurgan.
Men kamolman yetilmagan poyoniga
Sukut ichra gʼaribgina boʼlib turgan.
Men olovman yoqilmagan va yonmagan,
Ilashsa gar dunyolarni yondirguvchi.
Jilgʼaman men qoʼshiqlari shildir-shildir,
Faqatgina faqirlarni qondirguchi!
Saboman men bir maromda yelib turgan,
Dimoqlarga xushboʼylarni yetaklagan
Choʼponman men toʼrvasida qotgan noni,
Yaylovlarni Vatanginam deb atagan.
Sodiq doʼstman doʼstimga ham, gʼanimga ham,
Sirdan oldin jon berishni bilgan afzal.
Shamshirman men yolgʼonlarni kesib turgan,
Gʼiybatlarni qirqib turgan vaqt bemahal.
Kitobman men hali hech kim oʼqimagan,
Qarang, changlar yuzlarimni yopishini!
Yozuvchisi koʼkda, aslo toʼqilmagan,
Bilolmagan qanday yakun topishini!
Kimsasizman – isbotidir yolgʼizligim,
Sukut tilda soʼzlaguvchi qolmayapti.
Soʼzni qoʼygin, qara meni, koʼzlarimga,
Nigohlarim gapirishdan tolmayapti.
Men quyoshman gʼovakni ham unutmagan,
Tuproqman men oʼsuvini ajratmagan
Daraxtman men son sanoqsiz yaproqlarim,
Soyasida faqat yoʼlovchi toʼxtagan.
Men orzuman, men niyatman, men bir asir,
Oshigʼini uchratmasdan majnun boʼlgan.
Kelishini eshitganda hushdan ketib,
Kelmasa gar misli xazon yangligʼ soʼlgan.
Men koʼmirman telba qalbdan tuhfa boʼlgan,
Jim yonaman, jim oʼchaman, hech kim bilmas.
Issigʼimdan rohat topsa boʼldi xalqim,
Ovozimni faqat Tangrim eshitsa bas!
SEZMАDINGMI?
Izlaringu iforingga tashna edim,
Bilar edim sendan mehr koʼrishimni.
Sezmadingmi, ilk koʼrganda yuzim kulib,
Yurakkinam qindan chiqib urishini!
Sezmadingmi, koʼzlarimning porlaganin,
Kamondayin yoyilganin lablarimni.
Bir gapirib, bir tin olib, zorlanganim,
Yashirmoqchi boʼlganimni ayblarimni!
Titroq turgan vujudim bekitmoq boʼlib
Oʼzni ishga urganimcha bukilganim.
Muhabbatdan qaltiragan qoʼllarimni
Yashirmoq-chun kaftlarimning musht boʼlganin!
Yetmay qoldi yuragimga toza havo,
Goʼyo barin bir sipqorib yutib qoʼyding.
Pitirladim, chuqur nafas olmoq uchun
Derazani ochganimni nega yoʼyding?
Shundan beri asiringman bir begunoh,
Qafaslarga zindon etib solib ketding.
Qiyin emas bul zindonda mahkum boʼlmoq,
Eng qiyini – oʼzginamni olib ketding.
Bilmaysanda, shundan buyon izma-izman,
Oʼzing tugul, xayollaring qiziq menga.
Qani menga sehrgarlik nasib boʼlsa
Xayolingni bermas edim oʼzginangga!
Sezmadingmi, tongda nasim boʼlib kirib,
Kulib turgan yuzginangni silaganim.
Sezmadingmi, kaftlarimga yoshlar toʼlib,
Аllohimdan umriginang tilaganim.
Onangdayin bir mehribon tilovchingu,
Singlingdayin mushfiqqina chaqiningman.
Yonginangda emasdirman birga, ammo
Yoningdagi yaqindan-da yaqiningman.
25.02.2019 yil


Bir kuni yoningga qaytaman degin,
Goʼzal mavzularda quramiz suhbat.
Nomingga gʼazallar aytaman degin,
Ishontir, shu kunni kutay betoqat.
Oʼshanda aytaman barini bir-bir,
Intiq kutganimni gʼamboda chogʼim.
Yolgʼizlik bagʼridan qoʼyvormaganin,
Koʼz yoshdan soʼlganin eng yoshlik chogʼim.
Bir kuni yoningga qaytaman degin,
Ungacha termulib boʼlmayin sarson.
Shu kun-chun jonimni asrayman begim,
Mayli oʼshal kuni topshirayin jon!
27.04.2019 yil
SOGʼINSАM
Sogʼinsam…
Bir ogʼir tuyulib ketadi dunyo,
Yashashning qadami imillaydiey.
Osmon bosib kelar, yer osmon goʼyo,
Yurak isming aytib simillaydiey…
Sogʼinsam…
Mayin nigohlaring naq roʼparamda,
Tezda paydo boʼlib, tezda yoʼqolar.
Аvval shod, soʼng esa qolaman gʼamda,
Istayman, qaniydi qaytsa lahzalar.
Sogʼinsam…
Sigʼmayman butun olamga,
Hatto butun olam ololmas koʼnglim.
Chuqur tin olaman, nimadir kamda,
Goʼyo tugab qolgan oldinda yoʼlim.
Sogʼinsam…
Gʼaribman va ming birim kam,
Dardimni oʼzimga yuraman aytib.
Kelsang, yoʼlak boʼlib tutardim yelkam,
Аfsuski, sen endi kelmaysan qaytib.
Nurxon Elmirzaeva
04.05.2019 yil