Agar sen bor bo‘lsang yerdami, ko‘kda,
Yoki borsa kelmas biron ovloqda.
Quyosh yotar joyi – alvon ufqda,
Oyoq kuyar sahro yo yonar tog‘da,
Men seni topaman, haqiqat!
Abdumajid AZIM
Taniqli shoir Abdumajid Azim navbatdagi – «Oshiq dilim» (Abdumajid Azim, «Oshiq dilim», “O’ZBEKISTON” NMIU, T., 2015 yil) she’rlar to‘plamini kitobxonlar hukmiga tortiq qildi.
To‘plam O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining samimiy so‘zboshisi bilan ochiladi. Ustoz adib ta’kidlagandek, Abdumajid Azim “saksoninchi yillarda adabiyotimizga kirib kelgan shoirlarning peshqadamlaridan”. Binobarin, uning qalami hamisha ko‘ngillarni nurlantirib, ziyo sochib turadi. Shoirning she’rlarida “Vatanga muhabbat, elu yurtga, xalqqa sadoqat, qolaversa, tabiatga, insonga mehr va ixlos tuyg‘ulari tarannum etiladi”.
So‘nggi o‘n yillik avvalida istiqloldek benazir ne’matni tortiq qilgan yigirmanchi asr xalqimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Xalqimiz ma’naviyatining mezonlaridan biri bo‘lgan adabiyot sohasida ham salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritildi. Badiiy ijodning turli janrlarida jahon adabiyotining eng sara asarlari bilan bellasha oladigan ijod namunalari yaratildi. Abdumajid Azim mansub avlodning baxti ham shundaki, ular adabiyotimizdagi ana shunday ijodiy yuksalish davrida adabiyot maydoniga kirib keldi. Binobarin, ustoz shoirlarning ko‘tarinki, parvozi yulduzlar qadar yuksak romantik she’riyati sarchashmasidan bahramand bo‘lgan Abdumajid Azimning «siyrati Majnunsifat, suvrati mastona» lirik qahramoni umidlar olamiga talpinib yashaydigan, hatto «Yo hayot, yo mamot!» deya haqiqat xanjarini ko‘ksiga sanchishga shay Gamlet singari yovqur orzumandlar sirasiga kiradi.
Taniqli munaqqid Ibrohim Haqqul yozadi: «Olimlarning e’tiroflari bo‘yicha hind, yunon, chin tushuncha tizimidan farqli o‘laroq, turkiy xalqlar fikr va tushuncha tizimida millat sevgisi, Olloh qo‘rquvi va to‘g‘rilik doimiy ravishda ustuvorlik qilib kelgan».
O‘zbek shoirlari millat va Vatan sevgisini nainki yuksak pardalarda kuylaydilar, balki vatan mehri, dardu hasratlarini chinakam vatanparvar fidoyilarga xos ixtiyoriy ravishda «ko‘zga mil kabi tortadilar». «O‘zbekiston – Vatanim manim!» deya mudom g‘ururlanadigan alloma shoirimiz har bir yurtdoshimiz nomidan hayqiradi:
Sen onam, sen singlim, yorimsan azal,
Ey jonim-jahonim, O‘zbekistonim!
Abdumajid Azimning she’riy ijodi ham, avvalo, Vatanga mehr-muhabbat, uning buyuk istiqboliga komil ishonch bilan yo‘g‘rilgan. Binobarin, «Shu mushfiq ulusni onam deb suydim», deya yozg‘iradi. «Sharqu Gʻarb eshigi» – darbozasi bo‘lmish jannatmonand ona yurtni o‘g‘lon sifatida «otam deya suygani»ga, «yorim deya» ardoqlaganiga she’rlarida qayta-qayta urg‘u beradi.
Vatan ostonadan boshlanadi. Abdumajid Azim avvalo, «bag‘rikeng, sog‘inchlar yurti» Surxondaryo farzandi. Atoqli adibimiz Shukur Xolmirzayev poytaxtda umrguzaronlik qilganiga qaramay qalban Boysun bag‘rida yashab o‘tdi. Abdumajid Azim she’rlarida ham “yobonlarida hamon bolaligi tentirab yurgan Surxon bog‘larining” sog‘inchi ustuvor. Bu samimiy sog‘inch ona O‘zbekistonga mehru muhabbat poydevori.
Tabarrukdir kindik qonim tomgan makon,
Hovlilarni rayhonlarning hidi tutgan.
Loysuvoq uy, o‘choq, tandir, qora qumg‘on,
Vatan asli, Ota uyim, meni kutgan.
O‘sha aziz maskanlarni sog‘inaman,
Chopgim kelar ko‘chalarga solib suron.
Bu dunyoda bitta senga yukinaman,
Onajonim, mehribonim, O‘zbekiston.
Eng muhimi, O‘zbekiston ahlini shoir «otam-onam deya suyish» bilan kifoyalanmaydi. Shoir ilhom og‘ushida «huvaydo orzular»i bilan parvoz qilar ekan, buyuk istiqbol sari talpinadi.
Hozir balandparvoz romantika davri o‘tdi deya da’vo qiluvchilar ko‘paygan. Biroq orzu-umidsiz – hayot yo‘q.
Bobomeros adabiyotda aytilmagan fikr yo‘q hisobi. Ayniqsa, mumtoz Sharq she’riyatida qalamga olinmagan mavzu topilishi dargumon. Shu bois ko‘hna va navqiron she’riyat bo‘stonida yangilik yaratish amri mahol. Lekin mazkur bo‘ston ko‘rkiga imkon qadar tarovat baxsh etish har bir shoirlar avlodining muqaddas burchi. Muhabbat va komillik armoni, ona-yurt ravnaqi, qolaversa komillik sog‘inchi bilan yo‘g‘rilgan samimiy tizmalar fikrimizni isbotlaydi.
Ayrim yostiqday she’riy to‘plamlarni zarrabin bilan hijjalab o‘qiganda ham qalb sardaftariga zarhal harflar bilan mangulikka bitish uchun arziydigan tesha tegmagan nazmiy javohir topish dargumon. Quvonarli jihati shundaki, pirovard natijada komillikka undovchi shoirona bokira ilhom bilan yozilgan, bezovtayu beorom qalb qoni ila omuxta, yurakka qo‘sh qanot she’riyat yombilarini Abdumajid Azim she’riyati sardaftaridan topasiz. Binobarin, taniqli munaqqid Ulug‘bek Hamdam so‘zlari bilan aytganda, Abdumajid Azim ham “ko‘p qirrali shoir: – u – tabiat shoiri, u – falsafa so‘qiydi, u – ijtimoiy adolat himoyachisi, u – muhabbat kuychisi” . (Ulug‘bek Hamdam. “Badiiy tafakkur tadriji”. “Yangi asr avlodi”, T., 2002 y., 101-bet.)
Faqir yo‘li panada,
Yotar yeri yonada,
Faqirmi, haqir-nodon,
Qalbim, uyqudan uyg‘on!
Ko‘ngling yuksak oylarda,
Poying tokay loylarda.
Qiynal, azoblan, to‘lg‘on,
Qalbim, uyqudan uyg‘on!
Soxta taomilni buz,
Muzaffar el-yurtni tuz.
Nomus-oringni qizg‘on,
Qalbim, uyqudan uyg‘on!
Yuragida muhabbati bisyor, g‘ayrat-shijoati cheksiz shoir ruhiyatida inqilob ro‘y berishini istaydi. Ziddiyatli qismat bilan ayovsiz jangga kirishadi. Zero, alloma Gyote ta’kidlaganidek, har bir inson hayot uchun shonli kurashni har kuni yangidan boshlaydi.
Shoh Mashrabning achchiq armon bilan yo‘g‘rilgan: «Bu g‘aflat uyqusidin, ey yoronlar, uyg‘onib bo‘lmas» misrasi yodga keladi. Abdumajid Azim ham nainki qalbini, qalb timsoli-ko‘zgusida aks etayotgan zamondoshlarni g‘aflatdan uyg‘onishga, davr bilan hamnafas, hamqadam bo‘lishga chorlaydi. Maqsad: umrini o‘tagan, millat, ona Vatan ravnaqiga monelik qilayotgan «soxta taomillarni buzishu Muzaffar el-yurtni tuzish»dan iborat!
Abdumajid Azim lirik qahramoni tor-mahdud, manfaatparast «men» doirasidan chiqib, ijtimoiylashgan shoir-shaxs darajasiga yuksalgani «Muzaffar el-yurtni tuzish»dek muqaddas vazifaga astoydil chog‘lanishiyu buyuk «kelajakdan imdod kutishi»da yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Shoir o‘zi e’tirof etgandek, hasrat daftarining bir sahifasini muhabbat chechaklari bezasa, boshqa bir sahifasida nafrat alanganadi:
Tilla qadahimda may o‘rniga xun,
Ruhim sarvatida vasvasa, junun.
Yelkamdan bosadi rutubatli tun,
Noxush tushlarimni chappa qo‘ydim men.
Azal-azaldan muhabbat farzandi bo‘lgan shoirlar ayni paytda haqgo‘yligi, haqiqatparastligi bilan ham e’tibor qozonib keladi. To‘g‘ri so‘zning to‘qmog‘i bor deganday, haqiqatning ko‘ziga tik qarashga hamma ham jur’at etavermaydi.
Noyob bir matodir haq so‘z bilamiz,
Yolg‘onga tobemiz, ammo, baribir.
E’tiqodi sobit shoirlar shirin yolg‘onga aldanishdan ko‘ra, samarasi shubhasiz achchiq haqiqatni afzal biladilar. Shu bois hamisha haqiqat bayrog‘ini baland tutadilar:
Agar sen bor bo‘lsang yerdami, ko‘kda,
Yoki borsa kelmas biron ovloqda.
Quyosh yotar joyi – alvon ufqda,
Oyoq kuyar sahro yo yonar tog‘da,
Men seni topaman, haqiqat!
Shoir ilhom farzandi. Shugina emas. Ilhom baxsh etgan qo‘shqanot tufayli shoir, loaqal, ijod lahzalarida zamindan uziladi – yuksaklarga beixtiyor parvoz qiladi, tengsiz kuch-qudrat sohibiga aylanadi. Navoiy hazratlari ilhom sharofati bilan nainki dunyoning salkam yarmini egallagan turkiy xalqlarni, shuning barobarida jamiki ezgu niyatli ahli basharni «yakqalam aylaydi», Boborahim Mashrab ayni ilhom baxsh etgan kuch-quvvat bilan «do‘zaxni pistaning po‘chog‘iga joylaydi».
Zamonlar o‘zgargani bilan qalbimizni hamon azaliy kechinma-tuyg‘ular junbushga solaveradi. Shu bois Mashrabi devonaning:
Ahvoli dilimi ayg‘oli bir mahrame topmay,
Zulmingni qarindoshu g‘amingni padar etdim, –
baytiga, Abdumajid Azimning armon bilan yo‘g‘rilgan:
Kunim g‘urbat, tunim g‘urbat, safolar qayda qolmishlar,
Xobgohim sovuq turbat, sadolar qayda qolmishlar, –
satrlari hamohang jaranglaydi.
Ahli ijod – so‘z sehrigari. Qolaversa, mubolag‘asiz adabiyotni, ayniqsa she’riyatni tasavvur qilish qiyin. Ustoz Abdulla Oripov «Armaniston» manzumasida «qonida qilich zangi bor»ligiga ishontiradi. Abdumajid Azim ham hayotiy haqiqatga tamomila zid, biroq ayni paytda badiiy haqiqat ekani shubhasiz voqelik bilan hayratlantiradi: «yuragini ko‘rsatish uchun ko‘ksini lang ochib qoshimizga keladi». Shu o‘rinda zulmat ichra yuragini mash’ala yanglig‘ ko‘tarib, g‘olibona odimlayotgan mardona Danko timsoli ko‘z o‘ngimizda butun ulug‘vorligi bilan namoyon bo‘ladi.
“Otash shamollarga bag‘rini keng ochgan” Abdumajid Azim she’riyatida, shuningdek, hayot va o‘lim, muhabbat va nafrat, yovuzlik va ezgulik singari boqiy mavzular shoirona mahorat bilan vasf etiladi. Bu borada munavvar tong timsoli she’rlardan she’rlarga ko‘chib, buyuk iqbol mayog‘iga aylanishi bejiz emas, illo istiqlol yo‘lidan mardona odimlayotgan bunyodkor xalqimizni buyuk kelajak – istiqbol va iqbol ufqlari chorlayotir.
Shoir bir she’rida: «Ona, tug‘ilayin oppoq tong bilan» deya hayqiradi. «Evrilish» she’rida esa «tamomila boshqa odam bo‘lib uyg‘onishni» orzu qilarkan, ezgu niyatlarini ovoza qiladi:
Kechayotgan g‘ofil asrlar
Uyg‘onadi bo‘zlab bu tongda.
Tars yorilib hatto qabrlar
Marhumlar ham qolar isyonda…
Uyg‘onaman, ruhimda titroq,
Ohlarimni ichimga yutib.
Zulumotni unutib, biroq
Yorug‘likni entikib kutib.
Haqiqat ko‘ziga tik qaragan shoir hatto o‘limdan ham hayiqmaydi. Quyidagi satrlar go‘yo jafokash, biroq e’tiqodi qoyaday mustahkam qodiriylar hayqirig‘iday yangraydi:
Bir jonimdan qo‘rqsam agar, o‘zligim yolg‘on,
Qaro yerga kirayin-o, ko‘k kiysin osmon.
Bu o‘limim haqsizlikka qarshi isyondir,
Riyo, aldov zabun bo‘lgan bir go‘zal tongdir.
Yetolmasam men u tongga chekmasman alam,
Haq yo‘llasa, xalq qo‘llasa hayotman men ham.
“Armon, sog‘inch, hijron singari tuyg‘ular shoir qalbini poklaydi. Aslida bu tuyg‘ular Allohning shoirga bergan rizqi. Umuman olganda, shoir – uzlkusiz sog‘inch maqomiga yetishayotgan odam. Ilohiyo sog‘inchga yetishayotgan odam”, – deya ta’kidlaydi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim.
Darhaqiqat, bizga yoshlikda otashin muhabbat, balog‘at pallasida qizg‘in faoliyat qo‘sh qanot bo‘lsa, keksayganimizda imonu e’tiqod, Parvardigori olam vaslidan umidvorlik suyangan bog‘u ishongan tog‘ vazifasini o‘taydi. Binobarin, nuroniy fasl ostonasiga qadam qo‘ygan Abdumajid Azim she’riyatida ham Yaratganga munojot ohanglari, tasavvufiy kechinmalar ustuvor bo‘la boshlagani ajablanarli emas:
Bir yonim dashti fano,
Bir yonim dorilbaqo.
Qalbim, har tepishingda,
Ayla Haqqa tavallo.
To‘plamning “Oshiq dilim” tarzida nomlanishida teran ma’no bor. Shoir “Ishq ekan eng buyuk najot dunyoda” deya e’tirof etarkan, “ishq” kalimasiga olam-jahon mohiyat jo ekanini yurak-yuragidan his etadi. Bu o‘smir ko‘nglidagi shunchaki hoyu-havas emas, balki tom ma’nodagi ishq dardi, ta’bir joiz bo‘lsa, Alloh muhabbati ekani bilan qimmatli.
XX asrda, sobiq sho‘rolar davrida ma’naviy hayotimizda katta o‘pirilishlar yuz berdi. Bu badiiy ijod, she’riyatga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatib, asriy an’analar qisman unutildi. “…avvalgi asrlar nazmidan nafaqat shaklda, balki mavzuda ham ancha farqlanadigan she’riyat, jumladan ijtimoiy poeziya dunyoga keldi” (Ulug‘bek Hamdam). O‘tgan asrda yaratilgan she’rlarga birrov nazar tashlagandayoq imon-e’tiqod singari hayotiy zarur diniy kalimalar kamdan-kam qo‘llangani e’tiborimizni tortadi. Dahriy mafkura hukm surgan sharoitda hatto Alloh nomini she’rga solishga izn berilmasdi. Holbuki, “she’r – boshqacha yo‘lda izhor qilib bo‘lmaydigan dardchil tuyg‘u. U ijtimoiy hoyu-havaslar daxl qilmaydigan havodan nafas oladi” (Ulug‘bek Hamdam). Faqat istiqlol sharofati bilan bu asriy an’ana yana she’riyatimizda bo‘y ko‘rsata boshladi. Jumladan, ustoz Abdulla Oripovning “Haj daftari” turkumi yaratildi. O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi esa tom ma’noda munojot turkumidagi she’rlar bitdi:
Imon ber ruhimga, jismimga jon ber,
Loyimni qorishtir, poklab ber menga.
Ojiz tomirimga pokiza qon ber,
Ravshan qil, qoramni oqlabber menga.
Oxirat ilmidan qil meni ogoh,
Murodim shamini so‘ndirma, Alloh.
Abdumajid Azimning ham “fano zindonidan” bezor lirik qahramoni Parvardigori olamga yuzlanib rosmana munojot qiladi. “Bu kun yuragimni tilmasam bo‘lmas,/Haqqa iltijolar qilmasam bo‘lmas” deya yozg‘irar ekan, ishqqa tashna qalbi g‘olib tug‘day Yaratgan qoshi tomon chorlaydi.
It nafsim zanjirga bog‘lab nihoyat,
Adam sahrosiga badarg‘a qildim.
Men kimman? Poyingga yetolsam shoyad,
Ko‘k sari azm etdim, ko‘kka intildim!
Boshqa bir she’rida esa chinakam taqvodorlar kabi xitob qiladi:
Nisbiydir makonu vaqt,
Har zarrada hukmi Haq,
Qudrat yo‘q mangu barhaq,
Parvardigordan bo‘lak.
“Oshiq dilim” to‘plami shakliy jihatdan rang-barang. Publisistik ko‘tarinkilik bilan qanotlangan manzumalar bilan yonma-yon o‘ynoqi xalqona ohang bilan yo‘g‘rilgan taronalar bellashadi. Qolaversa, shoir qator to‘rtliklar va tuyuqlar ham ijod qilgani e’tiborni tortadi:
Ko‘ngil, sen o‘zingni ovutib yasha,
Taqdiri azalning ishiga ko‘ngil.
Umrimning past-baland yo‘llari osha,
Sendayin bir mahram topmadim, ko‘ngil.
Mazkur tuyuq tugal fikrga ega ekani va she’riy san’atlar bilan ziynatlangani diqqatga sazovor. Xususan, “ko‘ngil” so‘zi dastlabki satr boshida ham, qolaversa ikkinchi va to‘rtinchi satr so‘ngida ham kelib, takrir, ya’ni takror san’atini vujudga keltirgan. Lekin “ko‘ngil” kalimasini bo‘g‘inlarga ajratsak, yana ikki xil ma’noga ega “ko‘n” va “gil” so‘zlariga ega bo‘lamiz. Zotan, shoir mazkur kalimaning mana shu jihatidan ham mahorat bilan foydalana olganda, bu tuyuq yana ham betakror chiroy kasb etgan bo‘lardi.
«Oshiq dilim» to‘plamida otashnafas Usmon Nosirga bir she’r bag‘ishlangan. Atoqli shoirga Abdumajid Azimning ixlosi bejiz emas. Usmon Nosir mashhur she’rlaridan birida qalbiga murojaat qiladi:
Yurak, sensan, mening sozim,
Dilimni nayga jo‘r etding.
“Yurak, senga aytaman dangil/ Meni ko‘p ham erkalatma, bas!” deya o‘z qalbiga samimiy yuzlangan Abdumajid Azim ham komil ishonch bilan xitob qiladi:
Endi men koinot fuqarosiman,
Somon yo‘llaridek yorug‘dir o‘yim.
Men bu kun olamda eng ulkan Odam,
Eng yorug‘ yulduzga yetadi bo‘yim.
Shoir o‘zini nainki ona tabiat, balki cheksiz koinot bilan bir butun his etishi uchun qaysi mavolarga yuksalgan bo‘lishi kerak? Nihoyat, eng ulkan Inson baxtini teran his etgan Abdumajid Azim lirik qahramonining qaddu basti eng yorug‘ yulduzni ham ortda qoldirganiga ishongimiz keladi.
Abduhamid PARDAYЕV