O‘zbekiston televideniyesining mohir suxandonlaridan biri, samimiy va ko‘ngli ochiq inson, O‘zbekistonda hizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Qayumov 2020 yilning 22 sentyabr kuni 51 yoshida bu foniy dunyoni tark etdi.
Shuhrat Qayumov bilan ko‘p yillar birga ishladik. «Assalom, O‘zbekiston! » dasturida boshlovchilik qildilar. Bir nechta she’rlarimni qo‘shiq qildilar. Juda qalbi toza, bag‘ri daryo, samimiy, chiroyli tarbiya ko‘rgan inson edilar. Juda yosh ketdilar. Afsus. Allohim rahmat qilsin. Oxiratlari obod bo‘lsin. Qalbimiz vayron bo‘ldi. Yaqinlariga, oila-a’zolariga sabr bersin.Negadir ko‘zimdagi yosh sira tinmayapti. O‘zimni tutishga shuncha intilsam ham, bo‘lmayapti. Qayerdan keldi buncha ko‘z yosh?Katta musibat bu. Bundagi ko‘z yosh juda achchiq bo‘lar ekanda. Aslida biz barchamiz omonatmiz. Hech birimizni «bog‘lab qo‘ymagan ekan.» Shuhrat aka bilan hamkasb edik, ishxonada doim yoqimli tabassum bilan yurardilar. Chiroyli san’atlari bor edi. U kishi kirgan davralar fayzu-futuhga to‘lib ketar edi. Yoqimli va sohir ovozi bor edi. Bu iste’dodli san’ateor hamisha jonli ovozda, baland pardalarda kuylay oladigan sanoqli san’atkorlardan biri edi.
Yurakda iztiroblarimiz bisyor. Uning muxlislari juda ko‘p edi. Bu san’atimiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.
Aslida bu xabarlar mendan ham bir xabar. Hushyor tortayin men ham.Yaxshilardan bo‘layin men ham.
Axir umr qisqa. Orqasiga qaramay ketarkanda odam. Ilohim joylaringiz jannatda bo‘lsin, so‘roq-savolingiz oson bo‘lsin, Shuhrat aka!
BIOGRAFIYa
Shuhrat Qayumov 1969 yili 5 martda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh shahrida tavallud topgan.
1991 yilda Mannon Uyg‘ur nomli Toshkent Davlat San’at institutining “Drama teatri va kino aktyorligi” fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 1990 yildan boshlab to shu kunga kadar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida suxandon edi.
1996 yilda yilda Toshkent shahri buyicha “O‘zbekiston – Vatanim manim!” qo‘shiq bayramida 3-darajali diplom sovrindori, 1997 yilda Ma’murjon Uzoqov nomidagi yosh xonandalar ko‘rik-tanlovi sovrindori va 1992 yilda “Yangi taronalar” Respublika yosh estrada xonandalari festivali diplomanti bo‘lgan.
Shoirlarlar Xurshid Davron, Abdusaid Ko‘chimov, O‘ktam Rahmat, Iqbol Mirzo, Zulfiya Mo‘minovalar bilan yaqindan ijodiy hamkorliq qilgan.
San’atkorning oila a’zolariga, yaqinlariga hamda O‘zbekiston televideniyesining suxandonlar jamoasiga chuqur ta’ziya bildirib qolamiz. Allohim so‘nggi safarini xayrli qilsin, rahmatiga olsin! Joylari jannat bo‘lsin!
Gulandom Tog‘ayeva