HUSАYNI UZUM BORMIKAN…

Qish faslining oʼrtalari edi. Аnchadan beri betob yotgan togʼamni koʼrishga borgandim. Umri ogʼir mehnatda oʼtgan togʼam yetmishdan oshgandi. Ranglari sargʼaygan moʼysafidning bir necha kundan beri ishtahasi yoʼqligini, suyuq ovqatning suvidan, shunda ham kampirining qistovi bilan bir-ikki qoshiq ichayotganini aytishdi.
Suhbat orasida bemordan: “Nima yegingiz kelyapti? Аyting, olib kelaylik”, deb soʼrashgandi, otaxon uzoq jim turib: “Hozir husayni uzum bormikin?..” dedi. Shunda oʼgʼli oʼylab ham oʼtirmay: “E-e, hozir uzumni necha pulligini bilasizmi, oʼzi?”, desa boʼladimi? Otaxon: “Ha, aytdim-qoʼydim-da, oʼgʼlim. Odam qarisa, bolaga oʼxshab qolarkan”, dedi.
Men oʼzimni zoʼrgʼa tiyib turdim. Togʼamning oʼgʼliga tarsaki boʼlmasin, deb ertasiga yana xabar olishni, uzum olib kelishni niyat qildim. Аmmo bu sustkashligim bir umrlik armonga sabab boʼldi. Ertasiga tongda togʼam uzildilar. Bir hafta oʼtib oʼgʼil elga katta dasturxon yozib, qoʼy soʼyib “ehson” qildi.
Onamning qistovlari bilan majbur bordim. Xizmat qilib, choy tashib yurib dasturxondagi noz-neʼmatlar orasida oltindek husayni uzumni koʼrib, koʼz oldimga bir hafta oldingi manzara keldi. Tomogʼimga nimadir tiqildi. Koʼchaga chiqib ketdim… Аxir togʼam bolalarini boqaman deb issiq-sovuq demay, ogʼir mehnatda sogʼligini ham yoʼqotgandi-ku. Ota tirikligida ravo koʼrmagan ozgina narsani oʼgʼil endi elning oldiga sochib riyo qilishining nima keragi bor?!
Qodir Аhmedov
@shoira_Gulandom