LАYLАK

Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. Bola gʼoʼr edi, bola goʼdak edi… Kunlarning birida ona-bola qishloqqa – uzoq qarindoshlarinikiga boradigan boʼlishdi. Ona qaddini gʼoz tutib, tez-tez yurib borar, bola esa alang-jalang qilib atrofdagi manzaralarni tomosha qilar edi. Qishloq guzarida yarmini yashin uchirib ketgan bahaybat chinor bor ekan. Bola daraxtni koʼrib angrayib qoldi: chinorning tarvaqaylab oʼsgan shoxida supradek kattakon uya qorayib koʼrinar, uyada esa oyogʼi, tumshugʼi uzun bir qush turar edi. Bola moʼjiza koʼrgandek taqqa toʼxtab qoldi.

  • Аnavi nima, oyi? – dedi oʼsha tomondan koʼz uzmay.
  • Laylak, oʼgʼlim, laylak! – ona oʼgʼlining boshini silab qoʼydi. – Yura qol, jonim.
    Bola hech qachon bunaqa qushni koʼrmagan edi. Qush negadir bir oyoqlab turardi. U yana toʼxtab qoldi.
  • Nima u, oyi? –dedi tagʼin chinor uchiga koʼz tikib.
  • Laylak, oʼgʼlim, laylak.
  • Nimaga bir oyoqda turibdi?
    Ona kuldi:
  • Bir oyogʼi charchagandirda. Yura qol, jonim.
    Bola hech qachon bunaqa qushni koʼrmagan edi. Qush negadir boʼynini choʼzib tumshugʼini osmonga qaratib silkitar, shunda «tarak-tarak» degan ovoz eshitilardi.
    Bola tagʼin toʼxtab qoldi.
  • Nima oʼzi u, oyi?
    Uning koʼzlarida quvonch bor edi. Hayrat bor edi. Ona shoshib turardi. Mingta yumushi bor edi. Hali shaharga qaytishi kerak.
  • Laylak dedimku, jinnivoy, – deb ohista egilib, oʼgʼlining yuzidan oʼpdi. – Senga salom beryaptida.
    Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. Oradan oʼttiz besh yil oʼtdi. Bola yigit boʼldi. Ona keksayib qoldi. Oyogʼidan mador, koʼzidan nur ketdi. Kunlardan birida ona-bola ittifoqo yana oʼsha qishloqqa borib qoldilar. Yigit qaddini gʼoz tutib tez-tez yurib borar, ona esa toliqqan oyoqlarini, ogʼir-ogʼir koʼtarib bosgancha harsillab kelardi. Guzardagi yarmini yashin uchirib ketgan chinor hali ham bor ekan. Buni qarangki, chinorning tarvaqaylab oʼsgan shoxida hamon supradek kattakon uya qorayib koʼrinar, uyada esa oyogʼi, tumshugʼi uzun laylak turardi. Yigit laylakka bir qarab qoʼydiyu qadamini tezlatdi. Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan koʼzlarini chinorga, chinor shoxida qorayib turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib turgan narsa koʼziga gʼalati koʼrindi.
  • Аnavi nima, oʼgʼlim? – dedi toʼxtab.
  • Laylak, oyi, laylak!
    Ona yaxshi eshitmadi. Uch-toʼrt qadam yurib yana toʼxtab qoldi. Savatdek narsa ichida bir nima oqarib koʼrinyapti. Qiziq…
  • Nima, oʼgʼlim? – dedi koʼzlarini pirpiratib. Oʼgʼil taqqa toʼxtadi. Gʼashi keldi. Oʼzi shoshib turibdi: mingta ishi bor! Odam qariganidan keyin ezma boʼlib qolarkanda!
  • Laylak! – dedi jerkib. – Laylak deyapmanku, karmisiz!
    Shunday dediyu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi. Nachora, yigit yosh, yigit navqiron. Uning yumushi koʼp. Hali shaharga qaytishi kerak… Uning gʼoʼr, goʼdak bolalari bor…
    Oʼtkir Hoshimov