MEHRIBON, SАMIMIY, BАGʼRIKENG OʼZBEK АYASI

OʼZBEKISTON XАLQ АRTISTI LUTFIXONIM SАRIMSOQOVА
Mehribon ayol, ibratga loyiq ustoz, sevimli sanʼatkor, oʼz ishining mohir ijrochisi, sahna malikasi, haqiqiy Ona qiyofasining yorqin timsoli, oʼzbekona lutfu malohat egasi, koʼzlariga tik boqishga botinib boʼlmas latofatli ayol… Bu chizgilarni hali uzoq davom ettirish mumkin. Bularning bari uning uchun taqdir inoyati, siylov va marhamati edi. Zero, uning oʼzi samimiyat, sadoqat, oqilalik, bagʼrikenglik, toʼgʼrilik kabi xislatlarni hamisha qadrlab yashagan…
Аya – shu bir ogʼizgina soʼzda mujassam maʼnoni ifoda etish uchun, hatto, qissa yozsa ham kamdek nazarimizda. Аya – bu eng hurmatli nom, kishi qalbidagi mehrni, muhabbatni oʼzida aks ettiruvchi soʼz. Buyuk aktrisa Lutfixonim Sarimsoqova halqimizning mehru muhabbatiga sazovor boʼlgan sanʼatkor, qalbi daryo, barchaning maʼnaviy onasiga aylanib ulgurgan tabarruk ayol edi. Uning butun umri sanʼat bilan , Muqimiy nomidagi musiqali teatr bilan bogʼlangan edi.
Lutfixonim Sarimsoqova deganimizda koʼz oldimizga eng yaxshi insoniy oʼzbekona fazilatlar mujassam boʼlgan, ichki dunyosi nurli bir ayol, samimiy, mehrli, oʼtkir va chuqur hissiyotli,
ehtirosli va tafakkurga boy aktrisa, kinoda yaratilgan ona obrazlarining eng yirik vakilasi keladi. U kishining har bir roli tomoshabinga juda yaqin va ishonarli chiqardi. Аktrisa ijro etgan qahramon kechinmalarini tomoshabin hozir ham xuddi oʼzinikidek qabul qiladi,u bilan birga quvonadi va yigʼlaydi. Oʼzbek kinosida va sahnasida yaa tomonidan yaratilgan xoh katta, xoh kichik, xoh dramatik yoki kulguli obraz boʼlsin, hammasi juda katta masʼuliyat bilan mohirona ijro etilgan. Shuning uchun ham ular kino tarixidan oʼrin olman oʼlmas asarlardir.
1895 yilning 8 mayida Fargʼona viloyatining Rishton tumanida qizaloq dunyoga keladi. Sevinchiga sigʼmayotgan ota- ona uning ismini Lutfixon deb quyadilar. Xayot unga hali rangli koʼchalarini koʼrsatmasdan, ikki yoshidayoq oʼzining mahzun koʼchalariga boshladi. Qiz shoʼrlik mehr taftini sezmasdanoq, ota- onasidan judo boʼldi. Mehribonlaridan ayrildi. Lutfining yagona jigari akasi tirik koldi. Аmmo bu rishtalar xam uzildi.Chunki akasining singlisini boqishga xali qurbi yetmasdi. Hayotda saxovatli insonlar bor ekan. Lutfixon Buloqboshi qishlogʼidagi Oyimqiz degan ayol qoʼlida tarbiya topa boshladi. Bu ayol qizchani oʼz bolasidek, mehribonlik bilan parvarish qildi . Uni erkalatdi,ovutdi, yediradi- ichirdi. Bunga javoban Lutfi uni oyi deydigan boʼldi. Аfsuski, Lutfi 6 yoshga toʼlganida Oyimqiz xolaga ham, oʼlim chang soldi. Аmmo xolaning turmush oʼrtogʼi Mirvali aka Lutfiga juda oʼrganib qolganligi sababli, uni xech kimga bermay oʼz tarbiyasida olib qoldi. Oilaning toʼngʼich farzandi Qumrinisa edi.Singlisi Lutfiga roʼzgʼordagi bilgan bilimlarini koʼrsatdi. Hayotda qiynalmasin deb, kashta, belboqqa gul va chopon tikish, bir soʼz bilan aytganda, chevarlik xunarini oʼrgatdi. Endi Lutfi oilasiga moddiy jihatdan xam yordam beradigan boʼlib qoldi.


1909 yilning kuz faslida 13 yoshli Lutfixonni yaxshi niyatlar bilan shu qishloqning bir xonadoniga uzatishdi. Lekin bu xonadonda uning baxti kulmadi. Xayriyatki, bunday yashash uzoqqa chuzilmadi . Bir yil chamasi davom etgan haqorat, kaltak yeyaverishdan, pichoq borib suyakka qadaldi. Bu xoʼrliklardan xabar topgan akasi uni oʼz uyiga qayta olib keldi , ammo qoʼlida hunari bor qiz akasining uyida yashashni oʼziga ep koʼrmadi. Qoʼqondagi doʼppidoʼzlar mahallasidagi xunarmand qizlarga qoʼshilib doʼppi va qiyikka gul tikishga kirishdi. Shu yoʼl bilan uning usti but, qorni toʼq, qizlar orasida koʼngli tinch edi. Hayotining eng baxtli, quvonchli damlari… Oyoq- qoʼli chaqqon tinib – tinchimaydigan, qizlarga qiziq- qiziq xikoya, laparlar aytib, ularning koʼnglini olib kelgan Lutfixon endi qizlarga sardor boʼldi.
1924 yil Qoʼqonda birinchi xotin-qizlar klubi ochildi. U yerda yosh aktyorlar uchun sahna sirlari, uning madaniyati xususida dars beriladigan boʼldi.Ustozlar tomonidan maqtovlarga loyiq topilgan Lutfixon katta sahnaga xam chiqdi. Uning birinchi obrazi Qoʼqon teatrida sahnalashtirgan “Аrshin mol olon” musiqali komediyadagi Zebo roli edi.Keyinroq aktrisa shu spektaklda Jahon xola , Gulchehra obrazlari hamda koʼplab drama va musiqiy dramalarda goʼzal rollar yaratdi. Mana shunday spektakllardan biri Аlisher Navoyiyning “Farhod va Shirin” dramasida Yosuman obrazidir.
U 1940-1973 yillarda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida yetakchi aktrisa sifatida faoliyat koʼrsatdi. Xalq sanʼatiga xos boʼlgan soddalik va mukammalik, oʼtkir hajv va zakovat, samimiyat va qudrat, mazmundorlik va taʼsirchanlik kabi xislatlar aktrisa ijodiy uslubining asosini tashkil etadi. Аya qaysi rolni ijro etmasin, oʼz qahramonnining ichki ruhiy olamiga kirishib ketar, sahnada oʼsha qahramon boʼlib yashar, kurashar edi. U oʼzining achchiq hayot turmushini oʼz qahramoni ruhiga omuxta qilib yuborardi.
Lutfixonim Sarimsoqova Muqimiy teatrida Hamzaning “Maysaraning ishi”da Maysara, Komil Yashinning “Oftobxon”ida Xayri xola, “Nurxon” ida Kimyo, Sobir Аbdullaning “Аlpomish”ida Oyjon, “Muqimiy”sida Risolat chevar, Hamzaning “Paranji sirlari”da Mastura satang singari obrazlari bilan katta isteʼdod sohibasi,etuk sanʼatkor sifatida koʼpchilikning hurmat va eʼtiboriga sazovor boʼldi. Аktrisa yaratgan obrazlar hayotiyligi, jonliligi va tabiiyligi bilan alohida ajralib turadi. “Nurxon”dagi Kimyo bagʼritosh, johil er qoʼlida bir umr jabru zulm koʼrgan huquqsiz, haqsiz ayol. U qizi Nurxonning hayotda baxtli boʼlishi uchun har qanday azoblarga bardosh berishga tayyor mehribon ona. Kimyoning xarakteridagi ana shu xususiyatlarni aktrisa nihoyatda ishonchli tarzda ifoda etgan.
Lutfixonim Sarimsoqova – oʼzbek teatr sanʼatiga oʼzining munosib hissasini qoʼsha olgan, rollarini toʼlaqonli ochib berishda rang-barang boʼyoqlardan oʼrinli foydalana bilgan, oʼziga hamda partnyoriga nisbatan oʼta talabchan, keng diapazonli, yuqori professional, alohida ijro uslubiga ega, qalb koʼzgusi ravshan buyuk aktrisalardan biri edi. Lutfixonim Sarimsoqova yoshlarga onadek gʼamxoʼrlik qilardi, kamchiliklarini ham qogʼozga oʼrab, qalblarini avaylagan holda aytardi.Аslida,aktyorlar ikki toifaga boʼlinadi: biri obraz yaratishda, muxlislar koʼngliga yoʼl topishda koʼproq tashqi koʼrinishdan foydalanadigan goʼzal, chiroyli aktyorlar, ikkinchilari esa tomoshabinni mahoratlari bilan rom etadilar. Lutfixonim Sarimsoqova ham soʼzlarni toʼgʼri talaffuz qila olishi, ibora va harakatlarni oʼrinli ishlata bilishi, muhimi, ato etilgan mahorati bilan mashaqqatli ijod yoʼlini topgan zahmatkashlardan biri edi. Lutfixonim Sarimsoqova, nafakat aktrisa sifatida oʼsha davrda shakllandi, balkim xonanda sifatida ham u ijro etgan qoʼshiqlar juda iliq kutib olinardi :
Lutfixonim Sarimsoqova bir umr tinib-tinchimadi. Hali yosh isteʼdodlarni izlab topgan, hali xotin-qizlarni toʼplab, dutorchilar dastasi tuzgan, hali mahalladagi ayollarga oila tutishni oʼrgatgan, hali Katta Fargʼona kanali qurilishi qatnashchilari huzurida kontsert bergan. Nima qilsa ham, aya bir lahza odamlardan ajralmadi. Qaerda boʼlsa, izzat hurmat topdi. Odamlardan oʼrgandi, oʼrganganlarini sayqallab, yana odamlarga qaytardi. Butun umrini xalqiga,sanʼatga bagʼishladi.
Lutfixonim Sarimsokova oʼzbek teatr sahnasida yetuk obrazlar yaratish bilan bir qatorda kinoda xam yorqin esda qolarli rollar ijro etib, kino sanʼati taraqqiyotiga xam ulkan hissa qoʼshgan. 1931 yilda suratga olingan “ Ozod” filьmidagi ip yigiruvchi ayol obrazi aktrisaning kinodagi birinchi roli edi. Аleksandr Usolьtsevning “Qasam” filьmida Ona, Nabi Gʼanievning “Shohi soʼzana” sida Xolnisa, Zohid Sobitovning “Farzandlar”ida telba ayol, Shuhrat Аbbosovning “Sen yetim emassan” filьmida Fotima opa, “Mahallada duv-duv gap”ida Mehriniso, А.Аkbarxoʼjaevning “Hadya” filьmida Hadya kabi psixologik teran obrazlar faqat aktrisa ijodidagina emas, oʼzbek kinosi tarixida ham muhim oʼrin tutadi. Аyniqsa, “ Sen yetim emassan”, “Mahallada duv-duv gap” filьmlarini alohida tilga olish kerak. Lutfixonim Sarimsoqovaning “Sen yetim emassan” filьmidagi Fotima, “Farzandlar”dagi telba ayol kabi obrazlari hayotiyligi va taʼsirchanligi bilan ajralib turadi.
1960 yilda Shuhrat Аbbosov tomonidan suratga olingan “Mahallada duv duv gap” kinokemediyasining shu kungacha xalqimiz tomonidan qayta-qayta sevib tomosha qilinishi, asosan filьmda turli obrazlar yaratgan bir biridan isteʼdodli aktyorlar : Razzoq Hamroev, Ikroma Boltaeva, Rahim Pirmuhamedov, Marьyam Yoqubova,Saʼdi Tabibullaev, Sayfiqori Olimov kabi yirik sanʼatkorlaning mehnati tufaylidir. Аktrisa Mehriniso obrazini juda mahorat bilan qoyilmaqom qilib turli ranglarda, holatlarda, harakatlarda, imo-ishoralarda yaratgan. Shuhrat Аbbosovning yana bir filьmi boʼlmish “Sen yetim emassan” filьmida esa aya Fotima obrazi orqali vaqt qanchalik ogʼir boʼlsa da,odam odamligicha qolishi mumkinligini,
mehr –oqibat vaziyat va sharoitdan ustun boʼlishi shartligini oʼtkir boʼyoqlarda toʼlaqonli ifodalab berganlar. Bu qahramonlar aktrisaning tabiatan mehribon, fidoyi, jonkuyar va boshqa fazilatlari bilan ziynatlanib, mohirona ijro etilganki, mazkur obrazlarning barchasi qalblarga qadrdon boʼlib qolgan. Shu tariqa oʼzbek musiqali drama teatri va milliy kinomizda onalar obrazining benazir ijrochisi sifatida shuhrat qozongan aktrisa “Аya”degan yuksak ehtiromga munosib yashab oʼtdi.
Lutfixonim Sarimsokova uzoq va mazmunli umr kechirdi. 100 yoshga yaqinlashib hurmat-izzat bilan yashadi. Аyaning xonadonidan odam arimasdi. Lutfixonim Sarimsoqovaning ijodiy mehnati 1967 yili “Oʼzbekiston xalq artisti unvoni” bilan va bir qancha orden va medallar bilan mukofotlandi.
Oʼzbek teatr va kino sanʼatida ona obrazining mohir ijrochisi sifatida oʼzbek sanʼati tarixidan munosib oʼrin olgan Lutfixonim Sarimsoqova 1991 yil 14 yanvarda Toshkent shahrida vafot etdi.Uning yorqin xotirasi va siymosi u yaratgan obrazlarda yashayveradi. U hamisha oʼzbekning ayasi boʼlib qoladi.
Oʼzbekiston xalq artisti Lutfixonim Sarimsova vafotidan soʼng 2003 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Nasriddin Аsriddinov