27 sentyabrь — shoir tavallud topgan kun.
- Rauf Parfi (Tursunali Parpiev) 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyatining Yangiyoʼl tumaniga qarashli Shoʼralisoy qishlogʼida tugʼilgan. Otasi 50, onasi esa 30 yoshligida tugʼilgan boʼlajak shoirga dastlab Аbdurauf (Fitrat) ismini qoʼyishni niyat qilishgan, ammo oʼsha vaqtdagi vaziyatni inobatga olib, tinchgina Tursunali deya ism berishgan.
- Shoir deyarli hech qachon oʼz sheʼrlarini yoddan oʼqimagan. Chamasi, sheʼrlarini yoddan oʼqish unga nokamtarlikday, oʼz sheʼrlariga mahliyolikday tuyulardi. Lekin doim ham uning bosinqi ovozda bir maromda sheʼr oʼqishi tinglovchilarni rom etardi. Rauf Parfining televizorda koʼrsatuv yoki biror kino tomosha qilayotganini uni tushunmagan biror kimsa koʼrsa zerikib ketardi. U kanaldan-kanalga oʼtishni kanda qilmas, biror koʼrsatuvni toʼliq koʼrishingga imkon bermasdi. – “Ishonmaysiz, men kitobni ham shunday oʼqiyman, biror asar qoʼlimga tushsa, sahifasining biror joyini boʼlib olib oʼqiyman. Oʼsha joyiga qiziqsam, hammasini oʼqib chiqishim mumkin. Yoki oʼqigan sahifam xulosam boʼladi”, – degan edi ajoyib tabiatga ega ijodkor.
- 1963 yili yozilgan shoir qalamiga mansub, “Laylo” qoʼshigʼi juda mashhur boʼlib ketgan. Keyinchalik Ilhom Farmonov ijrosida aytilgan bu qoʼshiq hamon oʼz muxlislarini yoʼqotgani yoʼq. 1968 yil esa amerikalik professor Edvard Ovvard “Oʼrta Osiyo sheʼriyatida lirikaning qaytib kelishi” maqolasida Rauf Parfi ijodini tilga olgan edi.
“Laylo” qoʼshigʼi. Rauf Parfi soʼzi.
- Xurshid Davron taʼbiri bilan aytganda, Rauf Parfi tirikligidayoq afsonaga aylangan shoir edi. U qaygʼusini sevinchini ichiga yashirib yashagan, umrining koʼp qismini boshpanasiz oʼtkazgan boʼlsa-da, shogirdlariga boshpana bergan, moddiy maʼnoda anchagina yupun yashagan, unda egalik qilinadigan hech qanday mulk, javobgarlik talab etiladigan biror lavozim boʼlmagan. Shu sabab u hech qanday majburiyatni boʼyniga olmay, masʼuliyat va cheklovlar bilan hisoblashmay, koʼngli istaganiday yashashning uddasidan chiqqan.
- 1999 yili Mustaqillik bayrami arafasida Rauf Parfiga “Oʼzbekiston xalq shoiri” unvonini berildi. Аmmo umrida unvon olmagan shoir uni qutlayotgan doʼstlariga “unvonni boshimga uramanmi” deb javob bergan. Oradan bir kun oʼtib, Prezident Karimov unvonlarni egalariga tantanali ravishda topshirgan, ammo mukofotlanayotganlar orasida Rauf Parfi yoʼq edi. Bu unvon umrining soʼngi yillarida “propiska”si boʼlmagan shoirga asosiy hujjat boʼlib xizmat qilgan.
Soʼngsoʼz:
Rauf Parfi degan bir odam,
Koʼzoynakli, sochi oq darvesh.
Ogʼir-ogʼir bosadi qadam,
Yelkasida uxlab qolgan qish.
Xurshid Davron