U HAYOTNI JUDA SEVAR EDI…

AFSUS, YANA BIR KATTA YO‘QOTISH…

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O’zbekiston24” telekanali ijodkori MUHAMMADNOZIM MAVLONOV olamdan o‘tdi.
Muhammadnozim aka juda xushfe’l, mehribon inson, iste’dodli jurnalist edi. O‘zining mazmunli,yuksak saviyali materiallari bilan axborot dasturlariga joziba va ko‘rimlilik bag‘ishlar edi. Ayniqsa, madaniy,
ma’rifiy mavzulardagi chiqishlari bilan tilga tushgan ustoz ijodkor edi.
Har yili yurtimizga ilk bor bahor kelganini, bodom dashtlarda gul yozganini dastlab ustozning lavhalari orqali bilar edik.Tabiat qo‘ynidagi go‘zalliklarni yoxud san’at va madaniyat yangiliklarini yoritishdagi mahorati betakror edi. Uning hayotsevarligi, samimiyligini barcha do‘stlari va hamkasblari bilar edi.
O‘ziga xos va mos ijodiy maktabi, qancha shogirdlari bor edi.
Afsus, bevaqt kelgan o‘lim hamkasbimizni oramizdan olib ketdi.
Muhammadnozim Mavlonovning porloq xotirasi qalblarimizda yashaydi.
Kuy yarmida uzilmasin tor,
She’r yarmida sinmasin qalam,
Bu dunyodan o‘tmasin bekor,
O‘z umrini yashamay odam…
(Erkin Vohidov)

Gulandom Tog‘ayeva