Arzi hol

Bayramlar ko‘chamda o‘tmay ham qo‘ygan,
Endi dil sendan so‘z kutmay ham qo‘ygan,
Ertakda ekan-ku yoriltoshlari,
Hozir tosh hech kimni yutmay ham qo‘ygan.

Bahorda kurtakday ketgayman yashnab,
Kuzda yaproq kabi bo‘lgayman xazon.
Qaniydi shu toshlar yutsaydi meni,
Qadrsiz bo‘lmasdim balki hech qachon.

Hozircha… Zaminda borman, omonman,
Kim uchun baxtmanu yolg‘iz imkonman.
Senga yoqmasa ham shu mavjudligim
O‘zimcha kimgadir tayanch-osmonman.

Osmon-chi bulutsiz bo‘lmaydi aslo,
Kezadi darbadar unda ham ham chaqin.
Bu chaqin seni ham etgay mubtalo
Mening ko‘chamda ham bayramlar yaqin!

Unsiz faryod

Ostonangda gulu rayhon ekilgan,
Balkim osmonlardan yulduz to‘kilgan,
Qo‘shiq aytib ko‘nglim bo‘shatay desam,
Tomog‘imga achchiq yig‘i tiqilgan.

Bu yerda daryo ham oqadi sokin,
G‘amni ham faryodni yutadi tunlar.
Men-chi armonimning so‘kaman chokin,
Endi singan torim kimlar butunlar?!

Dildagi singan soz kuylaydi hamon,
Imkonda imkonsiz qolsak ham yomon,
Asil muhabbatin izlab xiromon,
Qush ham aylar ko‘ksin toshga urib qon.

Biz nechun cho‘qqida qush emasmiz,yor,
Tosh parin to‘zg‘itgan to‘sh emasmiz,yor,
Uchrashar hatto ko‘z-qosh ham payt poylab,
Nega biz o‘shal ko‘z-qosh emasmiz,yor?!

Sen tongsan, tong kabi shabnamlarga do‘st,
Men shomman,oftobdek botganim durust.
Nega gul bargida turgan chog‘ingda
Senga aytolmadim sevgidan bir so‘z?!

Qalbimni qoplaydi hijron va afsus,
Singan sozimga jo‘r bo‘ladi gullar.
Daryo ham bu yerda sokin oqar, lek,
Tubida gullaydi Ishq-atirgullar.

Ostongda gulu rayhon ekilgan,
Balkim osmonlardan yulduz to‘kilgan,
Qo‘shiq aytib ko‘nglim bo‘shatay desam,
Tomog‘imga achchiq yig‘i tiqilgan. …

Gulandom Tog‘ayeva

@shoira_Gulandom