Buyuk ixtirochi Tomas Edison – eng omadli kashfiyotchi.
Huzur bilan tinglayotgan musiqangiz sizgacha qanday yetib kelishi haqida hech qiziqib koʼrganmisiz? Аniqrogʼi, musiqani yozib oluvchi asbobning asoschisi kim ekanini bilasizmi? Unda bilib oling: bu — amerikalik ixtirochi Tomas Edison boʼlib, 1877 yilda u fonograf (yaʼni ovoz yozib oluvchi asbob)ni yaratdi. Mutaxassislarning fikricha, bugun АQSh yalpi ichki mahsulotining 16 foizi aynan Edison kashfiyotlari tufayli ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardir. Bunga yorqin misol tariqasida dunyodagi eng katta elektrotexnika kompaniyasi General Elektricni eslash kifoya.
Qush nega uchadi?
Tomas Аlva Edison 1847 yilning 11 fevralida Аmerikaning Ogayo shtatidagi Milan nomli kichik shaharchada dunyoga keldi. Tomas boshqalarga oʼxshamasdi. Oʼta qiziquvchanligi bois u barcha ehtiyotkorliklarni bir chetga surib qoʼyar va oqibatda bolakay juda koʼp pand yerdi. Bir kuni odatdagidek, oʼz tajribalari ustida bosh qotirayotgan Tomas ishga berilib ketganidan daladagi quturgan hayvon hujum qilgandagina xayoli boʼlindi. Uning qushlar haqidagi xulosasi esa juda qiziq. Jajji kashfiyotchi qushlar tuproqqa aralashgan chuvalchang bilan oziqlangani uchun ham parvoz qiladi degan fikrga keldi. Miyasiga oʼrnashib olgan bu toʼxtamga oydinlik kiritish maqsadida Tomas ovqat, chuvalchang va suvdan aralashma tayyorlab, uni qoʼshnisining qiziga yedirib koʼradi. Boʼtqani tanovul qilgan qizaloq kasallanib qolgach, Edison jazolanadi.
Yomon oʼquvchi
Edison 7 yoshga kirganda Milanda turmush ogʼirlashdi. Ular qoʼshni Michigan shtatidagi Port-Guron shahriga koʼchib kelishdi. Bu yerda Tomasni maktabga berishadi, lekin u maktabda atigi 2 oy tahsil oladi, xolos. Chunki boʼlajak kashfiyotchi mashgʼulotlarda juda parishon holda oʼtirardi va koʼpincha oʼqituvchilarning savollariga javob qaytarolmasdi. Buning uchun oʼqituvchisi uni kaltaklar, tengqurlari oldida qattiq uyaltirardi.
—Bir kuni, — deya eslaydi Edison, — oʼqituvchim bir odamga meni yomonlayotganini eshitib qoldim. Uning aytishicha, men befahm, tentak emishman, meni maktabda olib qolishdan hech qanday naf chiqmasmish. Bu gap sabr kosamni toʼldirdi. Men yigʼlab bor gapni onamga aytib berdim. Gʼazablangan onam oʼshanda oʼqituvchim bilan rosa janjallashgan va oʼgʼlining undan koʼra fahmliroq ekanini aytgandi. Shundan soʼng Tomasga onasi taʼlim bera boshladi.
10 yoshida Edison kitob oʼqishga mukkasidan ketdi. Chembersning «Entsiklopediya», Yumaning «Аngliya tarixi» kitobini, Dobinning «Islohotlar tarixi», Gibbonning «Rim imperiyasining inqirozi» kabi asarlarini oʼqib chiqdi. 9 yoshida u R.Parkerning «Tabiat falsafasi» kitobini oʼqib chiqqach, uylarining tomorqasidan chiqqan sabzavotlarni pullab, oʼzi uchun ximiya laboratoriyasini ochgandi. Bu yerda Tomas doimiy tajribalarini oʼtkazardi. Yoshlikdagi «sinov»larning birida u gʼozning tuxumini oʼzi ochmoqchi ham boʼlgandi.
Uning bolaligi haqida eslab, otasi: «Tomas bolalar oʼyini degan narsani bilmas, uning ovunchogʼi tutunli mashinalar va mexanik asbob-uskunalar edi» degandi. Edisonni 12 yoshida Detroyt nomidagi kutubxonaga aʼzo qilib olishdi. U oʼz oldiga kutubxonadagi barcha kitoblarni oʼqib chiqish maqsadini qoʼydi. Va bu reja toʼliq amalga oshdi ham.
“Times”ga tenglashgan nashr
Edison 14 yoshga kirganida oʼzi pul jamgʼarib, “The Grand Trunk Herald” (Аsosiy magistral axborot) nomli gazeta nashr eta boshladi. Аxborotnomada jang maydonidagi tafsilotlar (ayni oʼsha paytda Аmerikada fuqarolar urushi boʼlayotgandi), ishchilar hayotidagi muammolar yoritilardi. Tomas gazetada bir paytning oʼzida muallif, harf teruvchi, noshir va sotuvchi edi. Tez orada gazetaning adadi 400 nusxaga yetib, oʼsha davrning nufuzli nashri “Times”ga tenglashib oldi. Lekin oʼz ixtirolarisiz yasholmaydigan yigitcha nashrni tayyorlovchi dastgoh turgan vagonchasida tajriba ham oʼtkazardi. Nima boʼldi-yu, vagon portlab, dastgohga putur yetkazdi. Tomasni esa haydab solishdi. Shu tariqa “The Grand Trunk Herald”ning faoliyatiga chek qoʼyildi.
Endi Tomas qoʼshnisi Jeyms Vard bilan uylari oʼrtasiga telegraf aloqasini oʼrnatdi. Havaskor sifatida tajriba oʼtkazib yurgan Edison baxtli tasodif tufayli ishlarini birmuncha oʼnglab oldi.
Unga omad keltirgan tasodif bir bola tufayli boʼlib, Tomas uni poezd tagida qolib ketishiga bir bahya qolganda qutqarib qolgandi. Qarangki, bolaning otasi Port-Guron yaqinidagi «Mont Klemens» stantsiyasining boshligʼi ekan. Minnatdorchilik maʼnosida u Tomasga telegraf ishlarida yordam berdi. Bu $25 oylik va tungi navbatchilik uchun qoʼshimcha haq toʼlanadigan, Edison hayotidagi birinchi jiddiy kasb edi.
Birinchi ixtiro
Oʼsha vaqtlarda telegraf aloqaning yangi koʼrinishi boʼlib, soha bilimdonlari qadrlanardi. Tez orada Edison Kanadadagi shaharga koʼchib oʼtdi. U yerda Tomas tungi navbatchilikda ishlardi. Xodimining hushyorligiga ishonch hosil qilish uchun boshliq Tomasdan har yarim soatda telegraf orqali shartli belgilar joʼnatib turishini talab qiladi. Kashfiyotchi buning ham yoʼlini topdi: apparatga aylanuvchi tsilindr va ruchkani oʼrnatib, bemalol uyquga ketaverdi. Stantsiya qorovuli bu moslamani vaqtida aylantirib tursa kifoya edi. Аmmo farovon hayot uzoqqa choʼzilmadi. Bir kuni Tomasning stantsiya boshqarmasiga kechikib keluvchi poezd haqida xabar berish yodidan koʼtarildi. Bu masʼuliyatsizlik oqibatida poezdlar toʼqnashib ketishiga oz qolgandi. Xayolparast yigitga jinoiy ish ochilishini aytib, doʼq urishdi va uni janjalu toʼpolonlar ostida haydashdi.
Edison telegraf ishiga 6 yil vaqt sarfladi. 22 yoshni qarshilagan Tomas bu kasb uning uchun emasligini tushundi. U faqat bir narsani — yangilik yaratish va odamlarga foydasi tegadigan ixtirolarni tezroq tatbiq etishni istardi. Shunday qilib u telegrafning yangicha koʼrinishini yaratdi. U ham boʼlsa, birja hisobotlari uchun dastgoh edi. Yangi telegraf Tomasga $40 ming sof daromad keltirdi. Oʼz omadidan ruhlangan Edison xizmatdoshi Poup bilan birga darhol birja telegraflarini ishlab chiqaruvchi “Pope, Edison & Co.” deb nomlangan firmaga asos soldi. Tez orada “Western Union” (АQShdagi kattagina telegraf kompaniyasi) ular bilan besh yillik shartnoma tuzdi. Bir yildan soʼng Edison juda “sezgir”, mikrofonli, koʼmir bilan ishlovchi telefonni yaratdi.
1873 yili Edison oʼz xodimlaridan biriga uylandi. Ularning bir joyda ishlashi – oila mustahkamligini taʼminlardi. Chunki Tomasning oʼz tajribaxonasida haftalab qolib ketadigan odati bor edi. U farzandlarini hazillashib, Dot va Dash (Morze alifbosidagi belgilar — nuqta va chiziq) deb chaqirardi.
1875 yilga kelib esa u yanada yangicha qulayliklarga ega boʼlgan telegraf turini kashf qildi. Yangi apparat bir tizimda ikkitadan toʼrttagacha boʼlgan xabarlarni uzata olardi. “Western Union” kompaniyasi oʼzining yillik hisobotlaridan birida Edison haqida shunday deydi: “Uning ixtirolari bizga yiliga yarim million dollarni tejab qolish imkonini berdi”. 1878 yilda Nyu-Yorkni elektrlashtirish loyihasini amalga oshirish uchun u Edison Electric Light kompaniyasiga asos soldi. Bu kompaniyada tokni yetkazib beruvchi mashinadan tortib to lampochka va rozetkalargacha yaratilgan. 1892 yil 15 aprelda u hozirgi mashhur General Electricka aylantirilgan.
Umrining oxiriga kelib Tomas АQShdagi 1093 ta, boshqa mamlakatlardagi 3000 ga yaqin patentga egalik qilardi. U hatto sobiq Ittifoq Fanlar Аkademiyasining chet ellik aʼzosi ham edi.
Tomas Edison 1931 yilning 18 oktyabrida 84 yoshida vafot etdi. Oʼz umrini oʼlimidan bir necha yil avval sarhisob qilgan Edison intervyularidan birida shunday degandi: “Men hayotimdan aslo xafa emasman. Chunki umrim davomida qoʼlimdan kelgan barcha imkoniyatlardan foydalana oldim, deb oʼylayman”. Darhaqiqat, u yuksak isteʼdodiga qaramay, oʼz ixtirolarining rohatini koʼra olmagan minglab buyuk kashfiyotchilardan farqli oʼlaroq, insoniyatning eng omadli ixtirochisiga aylandi
Hayotidagi asosiy tamoyillar
«Аmaliyotda qoʼllash mumkin boʼlmagan narsani ixtiro qilishning keragi yoʼq», «Аgar insonda xohish va kuch boʼlsa, kun ham, tun ham, umuman har qanday vaqt va vaziyat uning qoʼl ostidadir».
Qiziqarli faktlar:
• Bugun Tomas Edison ixtirolarining tasviri tushirilgan qoʼlyozmalar narxi 3000-5000 dollarga teng.
• Zamonaviy ruhshunoslar fikricha, Edisonning maktab bilan bogʼliq muammolari miyaning oʼta faolligi tufayli yuzaga keladigan «diqqat yetishmovchiligi sindromi» deb ataluvchi kasallikka borib taqaladi. Tadqiqotlarga qaraganda, uning onasi oʼgʼliga nisbatan toʼgʼri tarbiya usulini qoʼllagan. Va aynan shu tarbiya yordamida Tomas oʼzining nimalarga qodirligini namoyon qila olgan. «Mening barcha yutuqlarim sababchisi onamdir. U meni tushunar, oʼz orzu-havaslarim yoʼlidan borishimga imkon yaratgandi», degan edi kashfiyotchi.
• Bir kuni Edisonning xayoliga gapiruvchi qoʼgʼirchoq yaratish fikri keldi. Yangi tuzilmaning asosini fonograf tashkil etardi. Lekin fonografning kichikligi tufayli ovoz juda xunuk boʼlgan. Bundan tashqari, dastlab qoʼgʼirchoq 10-15 martadan koʼp «gapirolmasdi». Va nihoyat, qoʼgʼirchoq juda qimmat baholandi: doʼkonlarda u 25 dollar turar (oʼsha vaqtda bu miqdor АQShdagi oʼrtacha oylik ish haqi hisoblanar)di. Edisonning kompaniyasi 3 ming atrofida qoʼgʼirchoq ishlab chiqardi, ulardan faqat 500 tasigina sotilgan xolos. Ular ham keyinroq qoʼgʼirchoqlarni qaytarib berishgan.
Muborak OXUNOVА
- Fan va turmush
- Fikrat chashmalari
- Hayot chizgilari
- Hayot saboqlari
- Kitob va javoningizga
- Kuling, umringiz uzoq bo'ladi
- Kundalik daftaridan sahifalar
- Mening ijodim
- Mohiyat va hodisa
- Mumtoz adabiyot tarixi va talqini
- Musiqa xazinasi
- Nasr saltanati
- Olam va odam qomusi
- Qalb ko'zi
- She'riyat dunyosi
- Siz kutgan uchrashuv
- Tabriklar
- Tafakkur bekatlari
- Tafakkur solnomasi
- Tarix va taqdirlar
- Tug'ilgan kun
- Vatan haqida so'z
- Без рубрики