HAR SO`ZI HIKMAT EDI

MUNAVVARA USMONOVA

Katta xonadonga bosh kelin boʼlib tushdim. Qaynonam toʼqqiz nafar farzand koʼrib voyaga yetkazgan, mulohazali, ogʼir-bosiq ayol edi. Tong saharda koʼcha, hovlini supurib boʼlgunimcha qaynisingillarim nonushta tayyorlashadi.Bir kuni qoʼlimni yuvib endi qatorga qoʼshilib oʼtirsam, onajonim (qaynonam deyishga tilim bormaydi) imo qilib, meni chetga chaqirdi.
– Qizim, bu hovli-eshik mengacha, siz kelguncha ham ham supirib-sidirilgan. Ukalaringiz, singillaringizning koʼzi sizda. Hech qaerda yosh kelin-kuyovni hayotga tayyorlaydigan maktab yoʼq. Ular uchun birinchi ibrat boʼlasiz. Yangi kelinchaksiz, qora gulli koʼylak kiyganingiz yaxshimas. Yosh kelinchakka yarashmaydi. Sepingizdagi eng chiroyli kiyimlaringizni tepib-tepib kiying. Dasturxon boshida chiroyli liboslaringizni kiyib oʼtirsangiz, hammamizning bahri-dilimiz ochiladi. Uy yumushini hech kim tugatolmaydi. Kelinchaklik davringiz esa gʼanimat. Pardoz-andoz qilishga erinmang. Farzandlik boʼlgach, koʼp narsaga ulgurmay qolasiz. “Qush inida koʼrganini qiladi”, –degan naql bejizmas. Men oʼqimagan, bir omi ayolman. Bolalarimni hayotga tayyorlashda siz menga koʼmakchi boʼlishingiz kerak. Har soʼzingiz, kiyinish-yurish turishingiz – bir maktab ekani esingizdan chiqmasin, – dedi. Shundan keyin oilada oʼzimni erkinroq tuta boshladim. Mehmonday qimtinib emas, eng faol mezbonga aylanishga harakat qildim.
Uyimizga juda koʼp mehmon kelardi. Vodiyliklar udumiga koʼra, dasturxon yozishdan oldin qoʼlga suv quyiladi. Chilopchin bilan obdasta qaynonamning uyida yelim xalta bilan oʼrab qoʼyilar edi. Bir gal olib chiqib kelgan mehmonlarning qoʼliga suv tutdim. Ularni kuzatgach, oftobga qoʼyib quritilgan oʼsha anjomlarni oʼz joyiga qoʼyishim talab etildi. Bu holat menga uncha xush kelmayotganini yuz-koʼzimdan sezgan onam menga uqtira boshladi:
– Bolam, qaynonam buncha injiq ekan, deb dilingiz xijil boʼlmasin. Birorta sandiq yoki javonimda qulf yoʼq. Bolalarimdan boshqa hech narsaning hisobini bilmayman. Аmmo toʼrtta narsaga hushyor boʼlishingizni talab qilaman. Dasturxon solishdan oldin mehmonning koʼzi tushadigan birinchi narsa – shu chilopchin boʼladi. Baʼzi xonadonlarga mehmonga borsangiz, kirlanib qorayib ketgan idishga qoʼl yuvasiz. Koʼnglingiz gʼashlanib, taʼbingiz xira tortadi. Bir bosh qoʼyni pishirib dasturxonga tortgan boʼlsa ham, oʼsha uyda taom yemayman. Choynakning joʼmragi kirlangan boʼlsa, choy ichgan piyoladan qaymoq yo tuxum isi kelib tursa taʼbim tortmaydi. Mehmonga kiyiladigan oyoq kiyim chiroyli, pokiza boʼlishini xush koʼraman. Bir marosimga borishdan oldin qizlarim kavush-mahsimni chinniday qilib artib tozalab qoʼyadi. Chunki mezbon har ostona xatlaganda mehmonning oyoq kiyimiga koʼzi tushadi. Qoʼli bilan ushlab chetga oladi. Koʼcha supurayotgan paytingiz olisdan odamning qorasi koʼrinsa oʼzingizni chetga oling. Toʼyga otlangan odamlarning yuz-koʼzini changga burkab, koʼngliga ozor bermang. Oʼgʼlimning hurmatini qilsangiz ukalari ham qadr qilishni sizdan oʼrganadi.
Аytganlarini qildim. Mehmonning oyoq kiyimi yoʼlda gʼuborlangan boʼlsa, yuvib, artib qoʼyishni oʼrgandim, bolalarimga ham shuni oʼrgatdim.
– Meni aytganim boshqa, sizdan koʼrgani “paraktika” boʼladi-da, bolam, – deganlari rost ekan. Qaynisingillarim ham tushgan joylarida tinib-tinchib ketishdi. Endi xotira sandigʼimni titkilab koʼrsam, onamizning har bir gapi, har ishining oʼzi bir maʼnaviyat darsi ekan.
– Men momoqaynonaning qoʼliga kelin boʼlib tushganman. Enam yurolmay bir joyda oʼtirardilar. Xizmatini qilganim uchun koʼp duo olganman. “Tuproq olsang – oltin boʼlsin bolam. Boshqorongʼilik paytingda koʼngling nima tusasa, enamga erimga, bolamga deb ilinib oʼtirma. Bu nozik palla sanoqli kunlarda oʼtib ketadi. Yuragingning ostidagini ehtiyot qilsang, hech narsadan siqilmasang, shu bir donagina sagʼirimning atorofi toʼla pahlavon boʼladi”, – deya yelkamni silab qoʼyardilar. Bu qaytar dunyo mendan sizga, sizdan keliningizga qaytim boʼlaveradi, deb oʼz tarixidan ham gapirib qoʼyardilar.
Roʼzgʼorimiz toʼkis yeb-ichish kiyishdan hech kamimiz boʼlmasa-da, hammamiz teng mehnat qilardik. Ipak qurti boqardik, goʼdaklarimizni onamizga qoldirib, gʼoʼza chopiqqa chiqib ketardik. Mahalla qizlarining sarposini tikib oʼtirsam beminnatim taom pishirib yegani chaqirardi. Singillarim ham mendan chevarchilik sirlarini oʼrgandi. “Oila – katta saltanat, erning vaziri– ayol, ijrochi sizlar-da, bolam”,– deb, bizlarni erkalatib qoʼyardilar.Kitob oʼqishga vaqt toping, bolam. Shoir qizni kelin qildim, deb quvonganman. Charchasangiz, roʼzgʼor yuki ogʼirlik qilganda ota-onangizga borib dard aytmang, menga ayting.Siz endi bizning bolamizsiz, derdilar!
Qaynotamning ishdan qaytishiga alohida tayyorgarlik koʼrardik. Hovlilar supurilib, suvlar sepilardi. Oʼzi uchun ajratilgan koʼrpacha yozilardi. Onam qaerga toʼy-maʼrakaga borsalar ham, dadam ishdan kelganlarida uyda boʼlardilar. Hovlimiz jannatning oʼzi edi. Ularning biror marta dadamga gap qaytarganini, yoki buyurgan ishlarini malol olganini eshitmaganman. Bir kuni qaynotamdan nohaqdan koyish eshitgan onamga rahmim kelib: “Men bunday ish qilganim yoʼq, desangiz boʼlmaydimi, onajon, indamay ketaverasizmi?”,-desam: “Roʼzgʼor tarozisida biri baland kelsa, biri past kelishi kerak. Аgar er-xotin teng kelaman deb, aravani ikki tarafga tortsa, oila but boʼlarmidi. Biri qahr qilganda, biri mehr bilan qarasa oʼrtadagi ilohiy rishta mustahkam boʼladi. Dadangiz ham birozdan soʼng oʼzi xato qilganini anglab, mulzam boʼladi”,- dedilar.
Qishin-yozin qoshidan oʼsma uzilmaydigan onamiz hammamizga oʼsma qoʼydirardi: “Bu dunyoga hammamiz mehmonmiz. Mehmonga borayotgan odam pokiza, chiroyli boʼlib boradi. Uyda xuddi mehmonday orasta boʼlinglar. Toki erlaringiz mening xotinim olamda eng sarishta, goʼzal ayol, deb quvonib yursin,” – derdi. Bir dasta sadarayhon solingan guldon doim xontaxta ustida turardi. Toʼngʼich farzandim dunyoga kelgan kuni, tong saharda hamshira bir quchoq gul bilan xonamga kirib keldi: Guldastalar bilan qaynonangiz keldi. Bizga atalgan gullar ham bor ekan, deb kulib qoʼlimga shishachada siqilgan oʼsma ham tutqazdi. Sevinib koʼzlarimga yosh keldi. Shu birgina mehr bilan barcha tortgan azoblarim yodimdan chiqib, dilim yorishdi. Bola bilan oʼralashib, uy yumushiga ortmay qolsam, onajonim: “Bitta bolaga shuncha abgor boʼlsangiz, keyin nima boʼladi”, – deb koyib berardi. Bir kuni qoʼshiq xirgoyi qilib beshik tebratib oʼtirganimni koʼrib, qizim, alla ayting, qoʼshiq boshqa, alla boshqa. Ona suti bolaga oziq boʼlsa, alla uning koʼnglini tarbiya qiladi, degandilar.
Endi oʼzim kelin tushirib qaynona boʼlganimda, oʼsha kunlar bir-bir koʼz oldimdan oʼtadi. Qaynonam keng feʼlli ayol boʼlgani uchun men yaxshi kelin boʼldim. Oilam mustahkam boʼldi. Uch nafar farzand koʼrdik. Toʼngʼichimiz el xizmatiga yelka tutdi. Qizlarim oydek kelin boʼldi, tushgan xonadonida duo olib xizmatini qilishyapti. Gohida men qanday qaynona ekanman? – deb oʼylab qolaman. Kelinimga saboq boʼlguvchi qanday xislatim bor? Sal narsaga jizgʼanak boʼlib, birovning bolasining rangini sargʼaytirib qoʼymasmikanman, deb oʼylanaman. Biroq, lahza oʼtmay, qalbimga muhrlangan onajonim saboqlari bor-ku, nima gʼamim bor, deya shukrona qilaman.
Nabiramizning ismini Ominaxon deb, atadik. Qosh-koʼzi, qarashlari, tabiatidagi mayinlik ham xuddi onamizga oʼxshaydi. “Onajon” deb erkalaymiz. Hayot davom etadi. Yaxshidan bogʼ qoladi, degan ibora zamirida katta maʼno bor ekan. Ulkan daraxtlar ildizidan ungan nihollarimiz boʼyiga qarab quvonib yashashlik baxti hammamizga nasib etsin.