TABRIK



Аytishlaricha,baland togʼlarda oʼsadigan “alp qoʼngʼiroq guli” deb atalgan giyoh oʼzidan shunchalik harorat chiqarar ekanki, buning natijasida atrofidagi qorlar ham erib ketar ekan. Аyni qish pallasida bu giyohning qordan “bosh koʼtarib”, erta bahorda oʼzining bejirim gullarini namoyish etishining boisi hayotga, yaxshilikka boʼlgan intilishida deb oʼylayman. Bizning oramizda ham ana shunday yurak qoʼri, mehr nuri bilan yashab kelayotgan insonlar bor. Ular oʼzi yashayotgan hududni avaylab-asraydi, hayotda bilganlarini oʼrgatishdan charchamaydi. har bir koʼngilga teran maʼnolar bilan nazar tashlaydi. Bu koʼp qatlamli nazar, eʼtibor tufayli kimlardir oʼziga toʼgʼri yoʼlni topib olsa, yana kimlardir ular sabab oʼz hayotiy maqsadlarini mustahkamlab olishadi.Ha,toʼgʼri topdingiz. Ular bizning bagʼridaryo ustozlarimiz, murabbiylarimizdir. Unutganingda eslatguvchi, adashganingda qoʼlingdan tutguvchi bunday koʼngillarga mushtoq boʼlmay boʼladimi? Hech birimiz ularsiz hayotda biror bir muvaffaqiyatga erisha olmagan boʼlur edik. Ustoz Аrastu bir oʼrinda shunday degan edi : «Oʼzini, oʼzligini bilish eng mushkul va quvonchli ishdir. Аmmo biz oʼz kuchimiz bilan oʼzimizni bila olmaymiz…

Biz oʼzimizning tashqi qiyofamizni koʼrishni istasak oynaga qaraymiz, ruhiy olamimiz, ichki qiyofamizni bilishni istasak, doʼstimizga qaraymiz. Doʼst- odamning ikkinchi «men»i degan soʼzning maʼnosi shudir, demak, biz oʼzimizni doʼstimiz yordamida bilamiz». Аna shu doʼst-ustoz va murabbiylardir.

Bugun 1-oktyabrь- Oʼqituvchi va murabbiylar kuni muborak boʼlsin! Barcha ustozlarimizga uzoq umr, sihat-salomatlik va insonni tarbiyalash, kasb-hunarga oʼrgatishdek mashaqqatli ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!

MOHIYAT. UZ web sayti jamoasi.