Shoira, olima, adiba – Gulandom Tog‘ayeva siymosiga chizgilar

Shoira, olima, adibaning ijodiy hayoti nimadan boshlanadi? Qachon ko‘z ochib, kurtak tugadi? Oq qog‘ozni qoralaganlari – ilk mashqlarini yurak yutib, gazeta-jurnal redaksiyasiga olib borgan kunidanmi? Yoxud, birinchi she’ri, hikoyasi, maqolasi e’lon qilingandan keyin asl ijodi barg yozadimi? Yoki, badiiy asarni, kitob deb atalgan sehrli dunyoni yaxshi ko‘rib unga bog‘lanib qolgan damlardan e’tiboran ijodi qanoatlanadimi? Biobibliografik majmualarda ko‘pincha adibni ilk asari chop etilgandan boshlab ijodiy hayoti palak yozdi, deyiladi. Aslida ham shundaymikan? U, aslida, qaldirg‘och, samara, ilk muvaffaqiyat nishonasi emasmi? O‘qib ko‘rib, ma’qul topib, chop etilishi – dastlabki qutlug‘ qadam. Ilk ijodiy odim xususida so‘raganimda Gulandom Tog‘ayeva chuqur o‘yga tolib qoldi. “Qaydam…”, “Nima desam ekan”, degandek xotira avroqlarini varaqlashga tutindi. Eng tiniq, asl hiqiqatlar xotiralarda yasharkan. She’rlar kitobi qo‘lyozmasini o‘qish uchun olib kelganida ilk she’rining tug‘ilishi bilan bog‘liq holatlarni eslaganlarini so‘ylab berdi. Maktabning birinchi sinfiga o‘qishga borganiga bir oymi, ikki oymi o‘tgan ekan. Muallima kitob sahifasiga katta qilib chizilgan suratni bolalarga ko‘rsatib, “Unda nima tasvirlangan, nomini ayting”, deya vazifa beribdi. Sinfdoshlaridan kimdir “bahor” debdi. Biri “gul”, boshqasi “ochilgan gul”, deb atabdi. Gulandom “gulning tabassumi” deya ta’rif beribdi. Gulandom Tog‘ayevada go‘zallikni his etish tuyg‘usi o‘sha asnolardan ko‘z ochgan bo‘lsa ajabmas. Yetti yoshida dilida nish urgan tuyg‘u yillar o‘tgan sari ko‘karib bordi. Chaqmoq chaqinidan duv-duv to‘kilgan xo‘rsiniqlarni hovuchiga yig‘di. Devorlarda qolgan bulbul panjasining izlaridan ma’no o‘qidi. Ko‘ngli tog‘ qushlari bo‘lib uchgandek bo‘ladi. Dov-daraxt bog‘larning tushlari misoli gullaydi. “Uxlatib yuribman dil og‘riqlarin, Xayolning yengiga artib-artib” deydi shoiraning lirik qahramoni “Juvoldiz inida jovidan yashar” she’rida. Gulandom – ismi-jismiga monand shoira. Ismi forscha bo‘lib, gulbadan, gul monand, xushbichim ma’nolarini anglatadi. Yillar o‘tgach, hayot yolg‘iz gullar, bog‘-rog‘lar, tog‘lar, irmoqlaru buloqlardan iborat emasligini, qo‘llarga sanchilgan tikanlar, tavonga qadalgan chaqir, cho‘gir tikanaklarni ko‘rib, his eta bordi. Ular she’rlariga ko‘chib o‘tdi. Bugungi kunda Gulandom Tog‘ayeva shoira, olima, tarjimon sifatida ilmiy-adabiy jamoatchilik nazarida. Zukko olimalik bilan solih shoiralik Gulandom Tog‘ayeva salohiyatining qo‘sh qanoti. Olima-tadqiqotchiligi shoiraligidan, poetik izlanishlari esa ilmiy kuzatishlaridan quvvatlanadi. Shu bilan barobar har ikki omil biri ikkinchisini shu’lalantiradi, bar-biriga ko‘rk, fayz, jozib shukuh bag‘ishlaydi. Gulandom Tog‘ayeva “O‘zbek matbuotida tasavvuf ta’limotining yoritilishi: muammolari, tamoyillari, shakllari” mavzuida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi (2007 yil). “Chaqmoq xo‘rsiniqlari” (1995), “Muhabbat asri” (2004), “Men izlagan kema” (2016), “O‘n yetti yoshlilar mamlakati” (2017) nomli kitoblari bosib chiqdi. So‘nggi yillardagi serzahmat ijodiy izlanishlarini sara, ko‘ngiltortar namunalari jamlangan “Suvaydoga yo‘l” (2019) majmuasi yuzaga keldi. Gulandom Tog‘ayeva tasavvuf ilmining o‘zbek vaqtli matbuotida yoritilishi masalasiga bag‘ishlangan tadqiqotida Abduholiq G‘ijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Hazrat Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, So‘fi Ollayor singari mutafakkirlar ijodi, adabiy-badiiy, ijtimoiy-falsafiy merosi qay tariqa ifshoda etilganligini teran o‘rgangan. Buning uchun o‘tgan asrdagi matbuot organlarini, kundalik nashrlarni ob’ekt qilib tanlagan. Akademik Botir Valixo‘jayev, professorlar Abduqodir Hayitmetov, Najmiddin Komilov, Ibrohim Haqqulov, Orif Usmon, Hamidjon Homidiy, filologiya fanlari nomzodlari Yoqubjon Ishoqov,Sultonmurod Olim maqolalari, suhbatlari, asarlarining til va uslubiy xususiyatlarini, mavzu-masalaga yondoshish va ifoda yo‘sinlarini, ijodiy individualliklarini tahlil va tadqiq etgan. Birinchi faslda masalaga retrospektiv yo‘sinda yondoshgan. Xususan, Turkistonda chorizm hukmronligi davridan XX asr oxirigacha o‘zbek matbuoti hayotida kechgan tasavvuf ta’limotining aks ettirilishi masalasiga qisqacha ekskurs qilinadi. O‘zbek olimlarining maqola, suhbat va asarlariga tayangan holda ijodiy o‘ziga xosligini, ilmiy-nazariy tafakkur tarzini o‘rganadi. Bu borada qadimiy qo‘lyozma manbalarni o‘qish, o‘zlashtirish malakasini nechog‘lik egallanganiga tasavvuf ilmini qanchalik bilishi va tasniflanishiga, masala qirralarini nechog‘lik ob’ektiv xolis yoritilishiga keng to‘xtalgan. Ma’lumki, o‘zbek fani, adabiyoti, madaniyati tasavvuf ilmi asosida rivoj topgan. Jahon sivilizatsiyasi-tamaddunida mumtoz mavqe va masnadga ega. Professor Najmiddin Komilovning “Tasavvuf”. Birinchi kitob. (Toshkent; 1996), “Tasavvuf. Ikkinchi kitob, tavhid asrori (Toshkent, 1999) asarlari Gulandom Tog‘ayevaning asosiy tadqiqot ob’ektiga aylangan. Dissertatsiyaning “Tasavvufiy adabiyotni o‘rganishda matbuotning ahamiyati” nomli ikkinchi faslida umumbashariy qadriyatlar (adolat, haqiqat, ahloqiy pokdomonlik, vijdon singari)ni himoya qilishga qaratilgani, targ‘ib va tashviq etilganligi masalasiga diqqat-e’tiborini yo‘naltiradi. So‘fiylik ilmida ma’naviy-axloqiy qadriyatlar xalqimiz hayotining mag‘iz-mag‘ziga singib ketganligini alohida ta’kidlaydi. “Tasavvuf masalalariga oid matbuotdagi chiqishlarning shakl va uslublari” faslida olimlarimiz (Abuqodir Hayitmetov, Najmiddin Komilov, Orif Usmon, Yoqubjon Ishoqov, Homidjon Homidiy)ning ilmiy-nazariy tafakkur tarzi, mavzu-masalani yortishdagi mahorati masalalari tahlil etiladi. Gulandom Tog‘ayeva xoh ilmiy izlanishlarida, xoh poetik ijodida bo‘lsin, hamisha yangilikka intiladi. Mavzu-masalaning yangi qirralarini topish va yoritishga she’riy izlanishlarida esa yangi badiiy yechimlar topishga, yoritishga, obrazlar vositasida fikrlashga katta rag‘bat, ishtiyoq ko‘rsatadi. Ayniqsa ilmiy-ijodiy mayllarida adabiyotshunosligimizda kam o‘rganilgan, e’tibordan chetda qolib kelayotgan muammolarni tadqiq etish birinchi planda turadi. Keyingi yillarda e’lon qilingan ilmiy-publitsistik mavzudagi “Matbuot va tasavvuf”(2006), “Milliy tafakkur poetikasi qirralari”(2010), “Ezgulikning badiiy in’ikosi”(2010) kabi kitoblarida ham ana shu muhim mavzular muhokamasiga katta e’tibor qaratilgan. “Umr – bu izhori dil uchun imkon…” deydi shoiraning lirik qahramoni “Yashash nima o‘zi, tiriklik nima” she’rida. Ko‘ngil chig‘irig‘idan sizib chiqqan kechinmalar, kayfiyat va ruhoniy holatlar suratini chizish, his-tuyg‘ulardan ungan fikrlarni badiiy umumlashmalar shaklida ifodalash shoira she’rlarining bosh xususiyati. Shu ma’noda bugungi lirikamizda fikrsizlik hastaligi kuchaygan, fikriy qaytariqlar, obrazlar takrori tobora bolalab borayotgan bir paytda har bir she’rida yangi fikr aytishga intiladi.
Kuyguligimmi, bu suyguligimmi,Yoki bu dunyodan to‘yguligimmi,Men aytib qolayin deguligimni,Alloh rozi bo‘lsin muhabbatimdan.
Yulduz yig‘lagani oyga boradi,Tog‘-tosh yig‘lagani soyga boradi,Mening yig‘laganim qayga boradi,Alloh rozi bo‘lsin muhabbatimdan.
Shoiraning “Sening albomingga” turkumi, “Ustoz Najmiddin Komil o‘gitlari”, “Layli va Majnun dostoniga sharh”, “Ona haqida so‘z”, “Men yetib kelganda asrim poyiga”, “Cho‘lpon”, “Bugun meng quruq qo‘lman dunyoning xirmonida”, “Bir yulduzman oy yonida yurmagan”, “Shabnam kabi umrim berdim sabolarga” singari o‘nlab badiiy to‘kis she’rlari Gulandom Tog‘ayevaning keyingi yillardagi zahmatkash izlanishlari samarasidir.
Bayramlar ko‘chamdan o‘tmay ham qo‘ygan,Endi dil sendan so‘z kutmay ham qo‘ygan,Ertakda ekan-ku yoriltoshlari,Hozir tosh hech kimni yutmay ham qo‘ygan.
Bahorda kurtakday ketgayman yashnab,Kuzda yaproq kabi bo‘lgayman xazon.Qaniydi shu toshlar yutsaydi meni,Qadrsiz bo‘lmasdim balki hech qachon.
Gulandom she’rlarida tabiat xossalari, holatlari, ko‘rinishlari shunchaki poetik fon yaratish, manzaralar suratini chizish bilan kifoyalanmaydi. Aksincha, tabiat xossalari jonli vujud sifatida she’rlarida yashaydi. Bizga qarab turgandek tuyuladi. So‘zlashishga, fikrlashishga oshiqadi. Gulandom she’rlarida gullarning jovdir-jovdir ko‘zlari bizga tiyran boqadi. Atirgul tikani dag‘al kaftlarda dil rozini yozadi. Ma’sum nigohi bilan lirik qahramon g‘amlarini, “ruh alifbosini” o‘qishga, o‘kinch ma’nolarini uqishga, tushuntirishga intiq. (“Hislarning xazonlariga bosh uradi”, “Uchsa qanotidan to‘kiladi par”, “daraxt gullariga devor tiz cho‘kib suqlanar”, “Kukulaydi devor, bargin to‘kar qush, Zanji kecha-sado, ko‘zing yumasan”, “Biyobon gardiga chirmangan mazmun”, “Gardun narvonidan oy tushib ketar”, “Maysalar kiprigida shabnam o‘kinchi, dilida dardi ko‘p, tilidagi o‘tinchmi”, “Shabnamlar, sog‘inch bo‘lib yog‘iladi saharlarda”). Lirik qahramon ko‘nglida bahor silkinar; binafshalar kurtakka tilmoch, bog‘lar pinjida isinib olar; ko‘zining toshlarini yorib na’matak ko‘z ochar; Vaxshivor tog‘lari Farhod misoli dovqur yelkasida ketmon ko‘tarib kirib kelar she’riga.
Shudring epkinida shovullar ko‘ngil,Har butoq, har g‘uncha yormoqda shingil.Sharbat shabbodaga quyilib tikil….Cho‘lning jimjilog‘i kurtak tugadi shig‘il…
Gulandom she’rlarida tabiat unsurlari xo‘rsinadi, kuladi, yig‘laydi, xayolga toladi, kuylaydi, g‘am-tashvishga botadi, intiq sog‘inchda kimnidir kutadi, azob chekadi, uyaladi, kimdandir, nimadandir tortinib, ko‘zlarini berkitadi, shivirlaydi, jimjit jolalarini yashiradi. Ular insoniy xislat-xususiyatlar kasb etgan. Eng muhimi, odamlarning fikrlari, kechinmalari, his-tuyg‘ularini o‘ziga singdirgan bir vujud sifatida jonlanadi.
Men kimning Ushalgan so‘zi ekanman,Kim tanishi uchun taqilgan xalqa.Bulbul panjasining izlari qolganBu devordan ortib Ne degum Xalqqa?!-
deydi shoiraning badiiy qahramoni bir o‘rinda. Yoki :
Dilxohim, dilxohim, dil shoda-shoda,Silkishsa sofollar to‘kilar do‘p-do‘p,-Poralar no‘sh etar nozik shabbodaSanduvoch silkiydi shoxlardan kuf-suf.
Dilxohim, dilxohim, dil shoda-shoda,Dandonlar namida qoqi otar nish.Novvotlar shimigan nozli havodaYurak, topiladi senga ham yumush…- deya dil izhorlarini to‘kadi. Mahzun dil izhori keyingi yillar ayollar she’riyatida, ayniqsa, Oydin Hojiyeva, Gulchehra Nur, Halima Xudoyberdiyeva, Enaxon Siddiqova, Halima Ahmedova, Gulbahor, Gulnoza Mo‘minova, Ibodat Rajabova, Farog‘at Kamol, Dilrabo Mingboyeva izlanishlarida yorqin namoyon bo‘layotgani, badiiy psixologizmning teran ifoda imkoniyatlari tobora kengayib borayotgani shahodatidir. She’riyatimiz o‘zining azaliy va adabiy o‘zanlariga qaytmoqda. Shoiraning “Qalamga” she’rida ana shu betakror o‘zanlar shukuhi seziladi:
Qalamim,burchakda yotma endi jim,-Chunki yuragimga Elim ko‘z solgan!So‘yla,men kimlarning bolasi edim,-Ular Qalam bilan dunyoni olgan!
Soat aniqligi,fikrat kengligi,Baxtning sibizg‘asi uyqungni buzsin.Qalamim uchida turgan avlodim,Kimsan, jamolingni ayla tajassum!…-
Mafkuraviy andozalardan chetlanib, ko‘ngil deb atalgan bekaron mavoni sinchkov o‘rganish, chuqurroq va xolis yoritish sari yuz tutdi. Uning qutlug‘ nishonalari sifatida ko‘ngil adabiyoti bo‘y ko‘rsatib bormoqda. Qaddini rostlab o‘zbekning ko‘ngil dunyosini badiiy-falsafiy kashf etish hodisasi sezilarli, salmoqli yo‘nalish oldi. Ko‘ngil-ummonlar, osmonlar qadar bekaron hadsiz, adadsiz. Ko‘ngil – borliq bilan yo‘qlik dunyolarining tutashgan mehvari. Ularning cheki-chegarasi qalb qutbidan boshlanadi. O‘n sakkiz ming olam osha yana ko‘ngilga kelib bog‘lanadi. Ko‘ngildan rang, ma’no, jilo olib, aniq shakl-shamoyil kasb etadi. Shaxsning tabiat, jamiyat bilan bog‘liqligi rishtalarini, sir-sinoatlarini badiiy-estetik, ijtimoiy-falsafiy tadqiq qilish ijodkorlar zumrasiga hamisha yangi-yangi vazifalar yuklab keladi. Adiblar iste’dodining kuch-quvvatini, imkoniyatlarini ko‘z-ko‘z etish birobarida badiiy so‘z madaniyatidagi o‘rni mavqei, masnadini ham belgilab beradi. Quvonarlisi, Gulandom Tog‘ayeva izlanishlari ana shu katta to‘lqinga esh. Poetik obrazlarining ohorliligi, o‘ziga xosligi, ayniqsa, e’tiborli. Tabiat xossalariyu go‘zallik holatlarida insonning yaratuvchanlik mehnati samaralarini ko‘ramiz (“Inson kaftlarida gullagan gullar” singari). Ularga qalb harorati, mehri singdirilganini his qilamiz. Gulandom she’rlaridagi go‘zallik yaratuvchi odamlar (bog‘bon, dehqon) o‘z umrini bog‘-rog‘larda, yashnoq gulzorlarda davom ettirayotgandek tuyuladi. Poetik obrazlari (kurtak, daraxt,tosh, suv, xazon, yaproq, chaqmoq, tuproq, shu’la va h.k.) zimmasiga badiiy mazmun yuklaydi. Ular odamlarga xos xislat-fazilatlarni zohir etadi. Bu shoiraning badiiy psixologik tahlil san’atini egallash yo‘lidagi jiddiy yutug‘i. Iste’dodli shoira Gulandom katta ijod yo‘liga chiqqan. Hali oldinda katta dovonlardan o‘tishdek serzahmat izlanishlar mas’uliyati bor. Sara poetik obrazlari aynan o‘zi yaratgan she’r bog‘ining sarxil gullari bo‘lib qolishiga (ustoz Oybekning “Na’matak” she’ri monand) tilakdoshmiz.
No‘’mon Rahimjonov,filologiya fanlari doktori, professor.