Rivoyat qilishlaricha, mashhur sarkarda Iskandar Zulqarnayn tungi yurishlardan birida qoʼshinidagi askarlarga: “Yoʼl-yoʼlakay oyogʼingiz ostidagi narsalarni toʼplab boring!” – deya buyruq berdi. Buyruqni eshitgach, qoʼshin ichida boʼlinish boshlandi. Ulardan bir guruhi norozilik bilan: “Oʼzi kechasi ham tin olmay yurib, charchoqdan oʼlar holatda turibmiz, kamiga oyoq ostidagi narsalarni ham yigʼishtirib yuramizmi endi, tosh-poshlar nimaga ham kerak boʼlardi?!” – deya hech narsa qilmay ketaverishdi.
Ikkinchi guruh: “Modomiki qoʼmondonimiz buyurdimi, oz boʼlsa ham aytganini qilib qoʼyaylik”, degan fikr bilan nomiga bir nimalar yigʼib qoʼyishdi.
Qolgan uchinchi guruh boʼlsa: “Qoʼmondon bu ishni bejiz buyurmagan, albatta bunda bir hikmat bor!” – deb butun xurjunlarini oyoq ostidagi toshlar bilan toʼldirdilar.
Tong otgach, koʼrishsaki, tosh deb yiqqanlari oltin boʼlaklari ekan. Maʼlum boʼlishicha, qoʼshin tunda oltin konidan oʼtgan boʼlib, sarkardaning bergan buyrugʼiga asos shu edi.
Shundan soʼng birinchi guruh: “Eh, nega qoʼmondonning soʼziga quloq solmadik, mana endi shuncha boylikdan quruq qoldik”, deb qattiq pushaymon boʼlishdi.
Ozgina yiqqan ikkinchi guruh boʼlsa: “Biz ham koʼproq toʼplaganimizda qaniydi”, deya afsuslandilar.
Hatto eng koʼp oltin yiqqan uchinchi guruh ham: “Keraksiz yuklarimizni tashlab, ularning oʼrniga ham oltin yiqqanimizda edi, bundan ham koʼproqqa ega boʼlardik”, deb nadomat chekdilar.
Oxiratda ham shunday, imon keltirmaganlar: “Koshki biz ham moʼmin boʼlganimizda edi, hech boʼlmasa oxiri mana bu doʼzax azobidan qutulib, jannat rohatiga erishardik, jahannamda abadiy qolmasdik”, deya cheksiz pushaymon boʼladilar.
Savob amallari oz boʼlgan moʼminlar esa: “Xayrli ishlarni yanada koʼproq qilganimizda edi, bundan ham ziyoda izzat-ikromga sazovor boʼlar edik”, deb oʼzlarini koyiydilar.
Savob ishlari koʼp moʼminlar ham: “Eh, qaniydi maqomimizni bundan-da yuksaltiruvchi namozlarni koʼp oʼqib, sadaqa-ehsonlarni yana ham koʼproq qilganimizda edi”, deb afsuslanadilar.