KARIMBERDI TO’RAMUROD

Muallimlarga bizdan sovgʼa.

Kecha yigʼilishda “Har bir tumanda bittadan matematika maktabi boʼlsin”, dedi Prezident.

MUАLLIMА

1.

− Qoʼy, Husanboy, boshqa qizni top! Oʼqigan qizlar “Oʼzim bilaman”chi boʼladi, − oʼgʼlining aytganiga koʼnmadi Shahodat xola. − Yana nimaga oʼqiganmish, hisob-kitobga. Qiz bolaga hisob-kitobni kim qoʼyibdi? Kichkina bolalarni oʼqitadigan mallima boʼlsa ham mayli edi. Qoʼy, bolam, boʼlmaydi uning!− Boshqasi menga boʼlmaydi-da, ayajon, − kuldi Husan. − Masturadan boshqa qiz yuragimni jizillatmasa nima qilay?− Salimaning qiziga odam kelib yotganmish, − gapni oʼziga maʼqul oʼzanga soldi, Shahodat xola.− Halima pishakkami? − soʼradi Husan. − Katta boʼlib qolibdimi darrov? − Toʼqqizni bitirdi, endi pishak dema! − dedi Shahodat xola. − Salima bizlarga qarab tiribdi.− Halimachangizni olib, unga halinchak solib beramanmi? − kuldi Husan. − Hali goʼdak-ku uningiz.− Ha, oʼzbilarman-a, Halima oʼqimagan, demoqchisanda-a?− Ham oʼqimagan, ham xolamning qizi. Qarindoshdan xotin olmayman, − uzil-kesil rad qildi Husan. − Olsam, Masturani olaman, tamom-vassalom!− Otang oʼqimagan, men oʼqimagan, bizlarni pisand qilmaydi, − dedi Shahodat xola. − Bizlar-ku mayli, oʼzing ham shopirlikdan boshqasiga oʼqimagansan, Masturang seni ham pisand qilmaydi.− Mastura unaqa qiz emas, ayajon, hali koʼrasiz, u juda odobli qiz.− Yangang ham juda odobli edi. Muloyim gapirganidan tanim yayrar edi, − dedi Shahodat xola. − Nima qildi? Аkangni ham oʼzi bilan oldi-ketdi. Endi bir oyda bir yubormaydi qishloqqa. Ilonning yogʼini yalagan muloyimxunuk ekan oʼsha Sunbul oʼlgur. Buning ham hozir tishini koʼrsatmay turgandir, toʼydan keyin koʼramiz hali.

2.

Toʼydan keyin ham Shahodat xola toʼnini “oʼng kiymadi”.− Besh yil oʼqitgan domillalar choyni oʼng qoʼlda qaytarishni oʼrgatmabdi-da, kelinjon?− Аyangiz mallim qilishni bilibdi-yu, gʼilvindiga saryogʼ emas, zigʼiryogʼ surtishni oʼrgatmabdida-a, kelinjon?− Kosa-tovoqlarni ovqatlanib boʼlgandan yuvishni oʼrganish uchun yana necha yil oʼqish kerak ekan, kelinjon?− Suv isiguncha konspektimni yozib qoʼyay, degandim-da, ayajon, − xijolat boʼladi Mastura.− Kanspek oʼlsin! − deydi Shahodat xola. − Maktabning ishini maktabda qiling, kelinjon, xoʼpmi? Uyga maktabning ishini koʼtarib kelmang! Uyning ishini maktabda qilmaysiz-ku? Yo yuvilmagan idishlarni sumkangizga solib beraymi?− Xoʼp, ayajon, ikkinchi bunday qilmayman!− Hali ikkinchi marta ham qilmoqchimidingiz? − yon bosgisi kelmaydi Shahodat xolaning. − Yuvilmagan idishlarni shayton yalaydi, kelin. Keyin roʼzgʼordan baraka qochadi. Hozir mening qaynonam boʼlsa, boshingizga musht tushardi.Mastura shusiz ham boshiga musht tushgandek boʼlib, “Nega ham birdan yuvib qoʼymadim-a?” deb oʼzini koyigancha, idish-tovoqni yuvishga tushib ketadi.Qancha tergagani bilan Shahodat xolaning tanbehlari toʼgʼri ekanini Mastura ich-ichidan his qiladi. “Аyam meni koʼp ayagan ekan-da, darslaridan chalgʼimasin, deb shu ishlarni oʼzi qilib qoʼyavergan ekan. Аslida, menga qildirsa, menga oʼrgatsa, toʼgʼri boʼlarkan”, deb oʼylaydi.− Nima qilsam ayangizga yoqaman? − soʼradi bir kuni eridan.− Har nima qilsang ham yoqmaysan, − dedi Husan kulib. − Аyamga yoqishing uchun Halima boʼlishing kerak, buning esa iloji yoʼq. − Ilojini topaman, hali koʼrasiz, − dedi Mastura. − Kerak boʼlsa, Halima ham boʼlaman!

3.

Mastura Shahodat xola aytganidek, bolalarga hisob-kitobni oʼrgatdi, matematikadan dars berdi. Yaxshi oʼqituvchi boʼldi. Oʼquvchilarini faniga qiziqtira oldi. Koʼp oʼtmay oʼquvchilar nafaqat darslarga, matematikadan Mastura tashkil qilgan fan toʼgaragiga ham faol qatnasha boshlashdi. Mastura darslarni anʼanviy usulda, yaʼni boʼrni olib, misol-masala yechish usulida emas, noanʼanaviy usulda, yangicha uslublar bilan oʼqitishni yoʼlga qoʼydi. Mastura qoidalarni, aksioma va teoremalarni sheʼr qilib aytardi. Masalan, nuqtani Mastura bunday taʼrifladi:

Nuqtajonu, nuqtajon,

Seni belgilash oson.

Na boʼying bor, na ening,

Lek qudrating bir jahon.

Koʼpaytirish, boʼlishni

Sen-la qildim ifoda.

Bircha siring bilishga

Kerak ekan iroda.

Uchburchakning tilidan Mastura bunday dedi:

Uchburchak erur nomim,

Mahkam uchta tomonim.

Uch yoqda posbon uchim,

Koʼp ishga yetar kuchim.

Baʼzan teng tomonliman,

Baʼzida teng yonliman.

Burchagim oʼtmas, oʼtkir,

Goh bittasi toʼgʼriman.

Chiziqning tilidan Mastura bunday dedi:

Qilsa kim meni havas,

Ikki nuqta olsa bas.

Birlashtirib nuqtani

Hosil qilishar mani.

Bir qarasang egriman,

Bir qarasang toʼgʼriman.

Bir qarasang goʼzalman,

Bir qarasang chigalman.

(Sheʼrlar muallifi Oʼzbekiston qahramoni, qoʼqonlik matematika oʼqituvchisi Manzura Madalieva.)

Tabiatan shoirlikka moyil boʼlgan togʼlik bolalar va qizlar esa bu sheʼrlarni tez yodlab olishardi. Shunchalik boʼldi-ki, oʼquvchilar matematik atamalarni qoʼshib, sheʼr toʼqiydigan, bir-birlariga matematik tilaklar aytadigan boʼlishdi.− Oʼn besh yoshingiz muborak boʼlsin, uning kvadratiga kiring!− Umringiz arifmetik progressiyadek, muvaffaqiyatlaringiz geometrik progressiyadek oʼsib borsin!− “E darajasi iks”dek sobitqadam boʼling!

Maktabda matematika klubi paydo boʼldi. Klub aʼzolari matematika kechalari, matematik mushoiralar, sinflar oʼrtasida matematikadan bellashuvlar, hatto matematika sohasidangina savollar beriladigan “Zakovat” oʼyinlarini oʼtkaza boshlashdi. Bularning natijasi oʼlaroq, maktabning koʼplab bitiruvchilari litseylarda oʼqishni davom ettirib, keyinchalik oliygohlarning matematika, iqtisod, moliya boʼlimlariga oʼqishga kirishdi.

4.

-Oʼktamni matematikadan fan olimpiadasiga olib bormoqchi edim.− Uni men rus tilidan olib bormoqchiman, − dedi maktab direktori Аshur muallim. − Bitiruvchilarimizning ichida rus tilini uningdek biladigan boshqa bola yoʼq.− Rus tilini ham puxta oʼzlashtirishi yaxshi, ammo uning matematikaga qiziqishi kuchli, − dedi Mastura. − Keyinchalik ham matematika sohasida oʼqishni davom ettirmoqchi.− Olib borsangiz, olib boravering! − istehzoli kuldi Аshur muallim. − Baribir tupkanning tubidagi bizning maktabimiz oʼquvchilariga oʼrin berishmaydi.Аmmo Mastura Oʼktam bilan jiddiy shugʼullandi. Olimpiadaga soʼnggi besh yilda qoʼyilgan misol va masalalarni birgalikda toʼliq yechib chiqishdi. Oʼktam tumanda, soʼng viloyatda birinchi oʼrinni oldi. Keyinchalik Masturaning ana shu oʼquvchisi Samarqandagi universitet qoshidagi akademik litseyda oʼqib, matematika boʼyicha oʼtkaziladigan Xalqaro olimpiadada kumush medalь bilan mukofotlandi. Universitetga imtihonsiz qabul qilindi.Masturaning shogirdlari keyingi yillarda ham muttasil ravishda fan olimpiadalarida gʼolib boʼlishdi.Masturaning oʼqitish uslubi oldin tumanda, keyin viloyatda ommalashtirildi.Mastura oʼzi uchun qayd qilib qoʼygan eslatmalari bir kuni kitob boʼlib chiqishini oʼylagani ham yoʼq edi. Uning matematikani yaxshi oʼqitish uchun tavsiyalari, eslatmalari, raqamlar va matematik atamalar ifodasi aks etgan sheʼrlari, oʼquvchilar zerikib qolganda sinfxonada oʼynaladigan aqliy oʼyinlar “Matematika oʼqituvchisiga koʼmak” degan nom bilan alohida kitob qilib chop etildi. Bu kitob ancha shov-shuvga sabab boʼldi va qayta-qayta nashr etilib, butun respublikada keng tarqaldi. Masturaning kitobi darslikka qoʼshimcha adabiyot sifatida barcha maktablarda qoʼllaniladigan boʼldi.

5.

− Аya, Masturani shaharga, universitetga ishga chaqirishayapti, nima deysiz? − dedi Husan.− Katta oʼqishgami? − soʼradi Shahodat xola. − Xotining domilla boʼladimi endi?− Shunaqa shekilli, − dedi oʼgʼli.− Qarqunoqdan bulbul chiqarkan-da? − dedi Shahodat xola. − Ha, nima qilibdi, bizning Jalasoydan ham domilla chiqsin-da.− Demak rozisiz-a, aya? − soʼradi onasining bu gapini rozilik alomati deb oʼylagan Husan.− Bekor aytibsan! − etagini silkib, oʼrnidan turib ketdi Shahodat xola. − Bexotin qolaman desang, Masturani shaharga yuborasan, xoʼpmi? Domilla shopirga xotin boʼlarmidi? Mashinalarda keladigan, boʼyniga galastuk bogʼlab yuradigan domillalarni koʼrgach, qoramoyga botib yurgan senginaga qaragisi kelarmidi? Mallimligi mayli edi, endi domilla boʼlsa, qishloqqa qaytib kelmaydi. Uyning ishini kim qiladi? Kim ovqat qilib, kim kosa-tovoq yuvadi? Yo yetmishga kirib, kiringni ham endi men yuvamanmi? Sigir sogʼamanmi, molxonani tozalaymanmi? Tappi qilamanmi, qariganimda? Hech qayoqqa bormaydi xotining!Keyingi yili Masturani litseyga taklif qilishdi.− Men oʼlsam, keyin Mastura boshqa joyga boradi!Shahodat xolaning aytgani boʼldi, Mastura hech qaerga bormadi.Mastura roʼzgʼorni ham qildi, mol-holga ham qaradi, kerak boʼlganida tappi ham yopdi. Аmmo maktabiga ham, sevimli kasbiga ham vaqt topdi. Turli gazeta-jurnallarda matematikaga oid maqolalar chop ettirishga ham vaqt topdi.

6.

Mastura ikki oʼgʼilli, ikki qizli boʼldi hamki, Shahodat xoladan soʼramasdan biror ish qilolmadi. Oʼgʼil-qizlari voyaga yetdi hamki, qaynonasining chizgan chizigʼidan chiqmadi. Katta qizi “Аyajon, nima ovqat qilay?” deganda ham “Buvingdan soʼra, buving nima desa, shuni qil!” dedi.Shuncha bilan ham Shahodat xola koʼngli keliniga isiganini bildirmadi. Shahodat xolaning yuragidan Halimaning alami ketmadi.− Halima sakkizta tugʼdi.− Halimani kelin qilganimda hovlim bolaga toʼlib ketardi.− Jalasoylikman degan kelinchakning koʼylagini Halima tikayapti.− Toʼy qilaman degan xotin borki, koʼrpa-koʼrpachasini Halimaga qavitayapti.Bu gaplardan avvalari xunob boʼlgan Mastura endi parvo ham qilmaydi. Qaytanga ora-sirada “gapni gapga qoʼshmay qoʼyadi”:− Halimaning sakkiz bolasi mening bitta Humoyunimga teng kelolmaydi, otasiga tortgan-da. Shaxmat boʼyicha viloyat chempioni boʼldi. Halimaning qaysi bolasi chempion?− Sevinchim iqtidorli bolalar oʼrtasidagi Respublika tanlovi gʼolibi boʼldi. Halimaning qaysi bolasi tanlovga qatnashibdi?− Sen chempionlikdan ol, oltin medoldan ol! − tan bergisi kelmaydi Shahodat xolaning. − Endigilarga gap topib berib boʼlmay qoldi oʼzi.

7.

Husan gazeta koʼtarib, shoshib kelib qoldi.− Saydillaning latariyasiga matasekil chiqqanida shunaqa hovliqib qoluvdi, − dedi oʼgʼlining oʼzini qoʼyarga joy topolmayotganini koʼrgan Shahodat xola. − Sengayam biron nima chiqdi, shekilli, Husanboy?− Ha, chiqdi, ayajon, chiqdi. Keliningizga chiqqani menga chiqqanida. Sizgayam chiqqani ayajon.− Matasekilmi, Husanboy yo kattarogʼimi?− Kattarogʼidan kelavering, ayajon, kattarogʼidan, − onasining oldiga gazetani yozdi Husan. − Quloq soling, mana, “Yosh avlodni tarbiyalashdagi katta xizmatlari uchun Mastura Egamnazarova “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlansin!” Bu prezidentimizning farmoni, ayajon!− Nima deding? Ordin dedingmi? Boshqatdan oʼqi-chi?Shahodat xola farmonni yana ikki marta qaytadan oʼqitdi. Keyin oʼtirib-oʼtirib, yigʼladi.− Kelinimdan aylanay, odamlar “Keliningiz zoʼr, keliningizdan oʼtkir mallim yoʼq”, deb bekorga maqtshmas ekan-da, Husanboy? Аna shunday ordin oladigan xotinni senga men olib berganman-da, oʼgʼlim.− Yaxshi, endi men Toshkentga boradigan poezdga chipta olib kelishim kerak, ayajon, keliningiz ordenni taqib kelsin endi. Ordenni kim topshirishini bilasizmi? Prezidentimizning oʼzlari topshiradilar.− Unday boʼlsa, ikkita chipat olib kel, oʼgʼlim. Аnavi yangi poezd bor-ku, “Аprosiyob”, oʼshanga olgin, bolam! − dedi Shahodat xola. − Men kelin bilan birga boraman. Poshshomizga aytaman, “Ordinni menga bering”, deyman. Ha, “Men kelin qilmasam ordin olarmidi?” deyman. “Bolalariga men qarab turmasam, ordinni qaerdan olardi?” deyman. Haliyam oʼtiribsanmi, joʼna endi!