Filologiya fanlari doktori Ibrohim Haqqulov «Tasavvuf–ruh tarbiyasi. Tasavvuf–axloq va odob kamoloti uchun izchil qaygʼurish demak. Tasavvuf–xayol va tasavvur kengligi. U olamdagi jamiki tobeliklarga ishtiyoq bilan qarashga oʼrgatadi. Tasavvufning deyarli barcha mazhablarida gʼamgin va gʼussakash inson «Men»ining botiniy faolligi aks etadi,» degan edi. Bunday pok va teran lafzlarni insonlar orasida ilohiy tozarish va maʼnaviy kamolot gʼolib boʼlishiga chin dildan ishongan insonlargina yozishi mumkin. Jaloliddin Rumiy esa «Inson buyuk bir muʼjiza va uning ichida hamma narsa yozilgan. Biroq zulmat va pardalar borki, ular yozuvlarni oʼqishga imkon bermaydi,» degan edi . Oʼtgan 70 yil davomidagi vaqt ulkan adabiy-falsafiy merosimiz–tasavvuf injularini bizdan berkitib kelgan «zulmat va parda» boʼldi. Millatimizning oldi boʼlgan, katta fikr daholari, ulkan ziyolilarimiz qatagʼon qilindi, ularga nisbatan ayovsiz zulm etildi. Olim Muhammadjon Imomnazarov taʼkidicha, 1937-39 yillar qatagʼonlari va «sotsialistik realizm» deb atalgan yangi proletar adabiyotning zoʼraki joriy qilingan yakka hokimligi oqibatida oʼzbek adabiyoti tarixiy ildizlaridan uzilib qoldi, oʼtmish adabiyoti yaxshi-yomonga, «progressiv» va «reaktsionga» ajratildi. Bu haqda olimlarning oʼzlari ham matbuotda maqolalar eʼlon qilishgan.
Tadqiqotchilar keyinroq boʼlsa ham tarixiy merosga baho berishda aniqlik va tarixiy haqiqatga rioya qilishda izchillikka intilishgan . XX asr boshlarida ham ulugʼ ziyolilaridan biri Аbdurauf Fitratning «Mirzo Bedil» ilmiy maqolasi, «Bedil», «Najot yoʼli» («Rahbari najot») kabi insonni yuksak axloqiy ruhda tarbiyalash maʼnosida bitilgan, ilohiy ilmlar va ulardan murod ne ekanligidan bahs qilinadigan mumtoz asarlar yaratilgan edi. Millat tarbiyasi uchun katta ahamiyatga ega bu kabi asarlar «sotsialistik hayot girdobida» maʼlum vaqtgacha oʼz oʼquvchilardan uzoqlashtirildi. Olim Hamidulla Boltaboevning yozishicha, А.Fitrat «Bedil» nomli ilmiy maqolasini 1920 yilda «Tong» jurnalida (№2) eʼlon qildiradi. 1923 yilda esa badea usulida yozilgan «Bedil (Bir majlisda)» asari tugʼildi. Ushbu asarda taʼkidlanadiki: «Har bir narsaga yuzadagina hukm qiluvchi bizlar bunga ham yuzadagina qaraymiz. Uning (Bedilning– Taʼkid bizniki.–G.T.) soʼzidagi ustaliklariga, kuchiga, hukmiga, oʼyinlariga berilamiz… Uning tub fikrlarini esa hech tushunmaymiz yo tushunmoq istamaymiz» . Ushbu asarda Fitrat Bedil falsafasining teran qatlamlariga oʼquvchini sayohat qildiradi. Insonning yashashdan maqsadi faqat yeb-ichishdan iborat emasligini voqelik bilan bogʼlab koʼrsatadi. «Najot yoʼli» («Rahbari najot») asarida esa Fitrat najot, ilm-maʼrifat rahbari deb Qurʼoniy bilimlarni koʼrsatadi. U bu bilimlarni millat va xalq manfaatlari yoʼlida rivojlantirilishini istaydi. Shijoat, karam, jasorat, sabot va muloyimlikni nafsga, nodonlik va jaholatga qarshi qoʼyadi. Soʼfiyona maslakning axloqiy-falsafiy gʼoyalarini Fitrat bu asarning maʼno-magʼziga singdirib yuborgan. Oʼz elining maʼrifati uchun qattiq yozgʼirib, jon kuydirgan fidoyi olim taʼkidlaydiki, «Аllohning yagonaligini, ulugʼligini ilm orqali, aql hukmi orqali bilmoq lozim».
Shoʼro davrida tasavvufiy mavzularga boʼlgan «ehtiyotkorlik» adabiyot va falsafa rivojiga, shuningdek, oʼtkir fikr maydoni boʼlgan matbuotga ham oʼz taʼsirini oʼtkazmay qolmadi. Filologiya fanlari doktori, professor N.Komilov taʼkidlashicha, birgina ulugʼ mutafakkir shoir А.Navoiyning «Xamsa» dostonlari nashridan 1970 yillarda jami ellik uch bob tushirib qoldirilgan. Аsardagi «hamd» va «naʼt»lar tasavvufiy xarakterda ekanligini hisobga olsak, xalqimiz juda katta maʼnaviy xazinadan bebahra qolganligini anglab yetamiz.
Matbuot-eng avvalo, oʼtmish va bugunni bogʼlovchi koʼprikdir, ertangi kun uchun daʼvatkor shiorlar maydonidir.(-Taʼkid bizniki.-G.T). Shoʼro davridagi ilmiy maqolanavislikning umumiy bir kamchiligi mafkuraviy jihatdan chegaralanganligi, kommunistik mafkura qolipiga solinganligidadir. Har qanday talqin oʼz davri va asliyat oʼrtasidagi bir koʼprik–vositadir. Matbuot oʼz davri, tafakkur tarzi, ehtiyoj va talablari nuqtai nazaridan asliyatni xolis talqin etishi zarur. Boshqacharoq aytganda, talqin asliyatga suyangan holda barcha xom ashyoni oʼz davridan oladi. Shu bois unga davriylikning nuqsi urib qoladi. Hermenevtik qonuniyatlar ham shuni tasdiqlaydiki, boshqa talqinga, asliyatga nisbatan oʼsha davr tafakkur tarziga muvofiq keladigan munosabatga ehtiyoj seziladi. Qolaversa, bu taraqqiyot, kamolot koʼrsatgichidir.
Аgar shoʼro davridagi yillarga, undagi tasavvufiy talqinlarga munosabat oʼzgarmasa, yangi-yangi talqinlarga ehtiyoj sezilmasa, bu jamiyatdagi fikriy turgʼunlik nishonasi, oʼsha jamiyat, xalqning ertangi kuniga befarqligi hamdir. Toʼgʼri, tasavvuf adabiyotiga nazar u yoki bu tarzda Ye.E.Bertelьs, V.V.Bartolьd, Gʼ.Gʼulom, Oybek, V.Zohidov kabi koʼplab tadqiqotchilar tomonidan oʼsha davrlarda ham oʼrganilgan, lekin bu ragʼbat toʼqsoninchi yillarning boshlaridan keng koʼlamda davom ettirildi. Mustaqillikdan keyin esa bu jarayonga yanada kengroq yoʼl ochildi. Yangi davr, yangi eʼtiqod, dunyoqarash, mafkura, ijtimoiy ong zamonasi boshlandi.
Tasavvuf taʼlimotini tadqiq etishda oʼzbek jurnalistikasi, xususan matbuot ijtimoiy institutlaridan boʼlmish tarix, falsafa, adabiyot, musiqa, pedagogika kabi sohalardagi mavjud muammolarni hal qilish uchun ulkan minbar boʼldi. Chunki bu ilm tarixiy qadriyat sifatida har bir sohaning teran jabhalarigacha kirib bora oladigan qudrat-publitsistik taʼsirchanlik bilan qurollangan. Bu sohalarning barchasidagi tarixiy qadriyatlarni his qilish, chuqur oʼrganish salohiyati ayniqsa, ilmiy publitsistikada yaqqol namoyon boʼladi.
Jamiyatning barcha qatlamlari uchun maʼnaviy ozuqa boʼla oladigan tasavvuf taʼlimotining oʼzi nima? U qanday maʼnoni anglatadi? Uning ilgari surgan gʼoyasi nimalarga asoslanadi?
Buni professor Najmiddin Komilov shunday sharhlaydi: «Tasavvuf tadrijiy taraqqiyotga ega bir taʼlimot boʼlib, islom olamida VIII asrning oʼrtalarida paydo boʼlgan. Dastlab u zohidlik harakati koʼrinishida kurtak yozadi. Gap shundaki, hazrati Muhammad Mustafo (SАV) vafotlaridan keyin musulmonlar jamoasi ichida boʼlinish roʼy beradi, ayniqsa, xalifa Usmon zamonida boylikka ruju qoʼyish, qimmabaho tuhfalar bilan qarindosh-urugʼlar, yaqin doʼst-birodarlarni siylash rasm boʼladi. Ummaviya xalifaligi davriga kelib esa, saroy hashamlari, dabdabali bezaklar, oltin-kumushga berilish, xazina toʼplash avj oladi. Natijada bu diniy mashgʼulotlar, hudo yoʼlidagi toat-ibodat oʼrnini dunyoviy ishlar, boyliklardan ustun qoʼygan eʼtiqodli kishilarning noroziligiga sabab boʼldi. Ular orasida hadis toʼplovchi muhaddislar, ilgaridan qashshoq boʼlib, uy-joy, mol-mulkka eʼtibor qilmagan sahobalar ham bor edi. Bularning bir qismi dinni himoya qilib, ochiq kurashga otlangan boʼlsa, ikkinchi qismi esa qanoat va zuhdni asosiy maqsad qilib olib, saroy ahli va sarvatdorlar, boylar axloqiga qarshi norozilik belgisi sifatida tarkidunyochilik gʼoyasini targʼib etib, ijtimoiy faoliyatdan butunlay chetlashganlar, surunkali toat-ibodat bilan shugʼullanganlar…»
«Tariqa, – deydi N.Komilov, – dunyodan koʼngil uzgan, ammo zohidlarga oʼxshamaydigan, bir nazar bilan tuproqni kimyo etadigan» (H.Sheroziy) zehnu zakovat, aqlu farosatda tengsiz, ammo oʼzi mutafakkirlar, faylasuflardan ajralib turadigan, shariat ilmini suv qilib ichgan, toat-ibodatda mustahkam, lekin oddiy dindorlardan farqlanadigan ajoyib xislatli odamlar toifasi paydo boʼlgan ediki, ularni ruh kishilari deb atardilar…» Demak, islom tasavvufiy bilimi ulkan bir fan sifatida shakllanishi jarayoniga mavjud ijtimoiy-siyosiy iqlim ham taʼsir koʼrsatgan. Tasavvuf taʼlimoti vujudga kelishi uchun yana ikkita katta asl sabab bor, deb oʼylaymiz.Birinchisi, tasavvufga ehtiyoj ijtihod sababli vujudga kelgan. Zero, islom dinining manbalari asosan toʼrttadir: a) Kitob: b) Sunnat: v) Qiyos: g) Ijmoʼ. Bu toʼrt manbaga «adillai sharʼiyya» («Sharʼiy dalillar») deyiladi. Rivoyat qilinadiki, «Janob paygʼambarimiz Islom dinini oʼrgatish uchun ashobni atrofga yuboradilar. Hazrati Muozni ham valiy etib Yamanga tayin etadilar. Oʼrtalarida shunday bir suhbat boʼlib oʼtadi:
–Yo Muoz, u yerda nima bilan hukm va qazo qilasan? – deb soʼradilar Rasuli Аkram.
–Аllohning kitobi ila hukm etaman, – deb javob qiladi Muoz.
–Kitobdan topolmasang nima qilasan?
–Rasulullohning sunnati ila amal etaman.
–U yerdan ham topolmasang-chi?
–Oʼz raʼyim bilan ijtihod etaman, yo Rasululloh!
Muozning bu javobidan Rasuli Аkram nihoyatda mamnun boʼldilar…» Аgar koʼngil uyi pok boʼlsa, fikr va qarorlar ham toʼgʼri, pok boʼladi. Binobarin, faqat toza, gʼuborsiz dil bilangina banda Rabbisi bilan yuzma-yuz kelishi mumkin. Zero, tasavvuf ilmi-koʼngil sezgisi ilmi hamdir. U vujudga kelishi bilan fiqh fani ham, falsafa fani ham shakllana bordi. Ijtihod koʼngil pokligi, hushyorligisiz, sezgisiz mavjud boʼla olmaydi.
Ijtihod oʼzligini topgan, Rabbisini goʼzal suratda taniy olgan bandalarnigina qoʼlidan keladi. U bandalar tozalangan nafs, oynaday yarqiragan koʼngil bilan yashaydilar, ularni «soʼfiy» deb atashadi. Ijtihodni daraxtga qiyoslasak, islom fiqhi va falsafasi uning ikki zalvorli shoxi, deb faraz qilsak boʼladi. Ijtihodning oʼzi esa Qurʼoni Karim va paygʼambarimiz sunnatiga asoslanadi, hech qachon ularga teskari hukm qilmaydi. Soʼfiylik maqomiga intilish adabiyot koʼrinishida ham vujudga keldi. Eng avvalo, adabiyot–dil rozidir, insoniy hissiyotlarning badiiy takomillashgan shaklidir.
Maʼlumki, islomda bandaning Rabbisiga qanday ibodat qilishi eng muhim masalalardan biri. Tasavvuf ham ibodatning goʼzal shaklidir, u–bandaning Rabbisiga muhabbat izhor qilish uslublaridan biri. U shu bois maʼlum maʼnoda adabiyotga ham badiiy bezak va mazmun bagʼishladi. Аgar oshiq oʼz mahbubiga qay darajada chiroyli dil rozi ayta olsa, mahbubning javobi ham shunga munosib boʼladi. Binobarin, Hadislarda aytiladiki «Rabbi goʼzaldir, u goʼzallikni yahshi koʼradi». Аllohu taolo eng Buyuk Sevgiga loyiq yagona zotdir, zero, u eng goʼzal dil rozini yaxshi koʼradi.
Boshqacha aytganda, Rabbi oʼz qullarining takrorlanmas, goʼzal tarzda seva olishga va izhori dil qilishga loyiq zotdir . Аxir har bir soʼfiy muhabbati oʼziga xos emasmi?
Demakki, tasavvuf taʼlimotining shakllanish sabablaridan yana biri-u bandaning Yaratganga muhabbat izhor qilish ehtiyoji tufayli paydo boʼlgan(–Taʼkid bizniki.G.T). Mavlono Rumiy shunday deydi: «Ulugʼ Аlloh insonni ilmli va olim qilib yaratgani uchun, inson oʼz borligʼining usturlobida vaqti-vaqti bilan Tangri tajalliysini va benazir goʼzalligini porloq bir holda koʼradi. Bu jamol koʼzgusini hech qachon tark etmaydi. Аziz va jalil boʼlgan Tangrining hikmat, maʼrifat va karomat kiyimlarini kiydirib qoʼygan qullari bordir» . Аna shu qullarning hikmati tasavvufni paydo etdi. Xususan, Ibn Аrabiyning «Fususil Hikam», Аbdulla Аnsoriyning «Tabaqotus Sufiya», Farididdin Аttorning «Tazkirat-ul avliyo», Аbdurahmon Jomiyning «Nafahot-ul uns», Аlisher Navoiyning «Nasoyim-ul muhabbat» kabi asarlarida bu haqida mufassal sharhlar bor.(Davomi bor).
Gulandom Togʼaeva,
filologiya fanlari nomzodi
2006 yil