KUYGAN NON


(hayotiy voqea)
Oʼshanda hali bola edim. Onam ishdan horib qaytsa-da, har kech biz uchun non pishirardi.
Bir kuni vaqt allamahal boʼlgan, onaizorim shosha-pisha biz uchun kechki ovqat tayyorlardi.
Bir ozdan keyin u otamning oldiga ovqat va non qoʼydi. Mening ikki koʼzim nonda edi. Kimdir nonning kuyganiga eʼtibor berarmikan, deb kutib turdim.
Lekin otam nonni indamasdan chaynadi va mendan maktabdagi kunim qanday oʼtganini soʼradi. Oʼsha kun unga qaytargan javobimni eslay olmasam ham, ovqatdan keyin volidamning otamga non bir oz oʼtib ketganini ming xijolat bilan aytgani kechagidek qulogʼim ostida.
Otam oʼsha kuni jilmayib turib onamga: “Аzizam, kuygan non menga yoqadi-ku”, dedi.
Uxlashdan oldin otamga xayrli tun tilash uchun uning oldiga kirdim va undan kuygan nonni rostdan ham yaxshi koʼrish-koʼrmasligini soʼradim. Otam meni bagʼriga bosib, qattiq quchoqladi.
“Oʼgʼlim, onang kun boʼyi ishlab, juda charchagan. Bir marta kuygan non yesam, menga biror nima boʼlmaydi. Lekin yomon soʼz onangni qattiq jarohatlagan boʼlar edi”, dedi.
Biz barchamiz xom sut emgan bandalarmiz. Kezi kelganda muhim sanalarni, zarur narsalarni, burchlarimizni esdan chiqarib qoʼyamiz. Shuncha yillar mobaynida oʼrgangan narsam shuki, bir-birimizni kamchiliklarimiz bilan qabul qilishimiz kerak. Chunki hayot afsuslar bilan uygʼonish uchun juda ham qisqalik qiladi.
Doktor Аbdul Qalam,
Hindiston prezidenti
(2002-2007 yillar)
Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi