MUTOLAADAN KEYINGI QAYDLARIM


Fransuz yozuvchisi Edmont Аbu shunday deb yozibdi: «Tsivilizatsiya tarixini olti soʼz bilan ifodalash mumkin: qancha koʼp bilsang, shuncha koʼp qodirsan».
Uilyam Folknerning ushbu soʼzlari qalbimga kuch berdi: “Insonni yengib boʼlmaydi! Yiqilgan boʼlsa, turadi va qaddini koʼtarib oladi, hali!”
Аzim Suyun ham shu matlab bilan nur oʼynayotgan ufqqa umidvor koʼz tikib, nekbin satrlar bitgan:
Men qoʼshnimning bogʼlaridan qarzdorman,
Kezdim, yurtlar togʼlaridan qarzdorman.
Vatandan jon qarzim bordir – har kunim,
Har bir oʼtgan chogʼlarimdan qarzdorman!
Bu – hayotbaxsh nekbinlik. U shundan oziq olib, yillar davomida koʼrkam bir sheʼriyat yaratdi. Unda baxshiyona ohang, sarbast shiddati va oʼtli-haroratli nafas silqib turadi.
Togʼlik insonlar qalbini Rasul Hamzatov kabi katta bir samimiyat va yolqinli muhabbat bilan ochib bergan.
– Hozirgina uzdim tandirdan,
Doʼstday hamroh boʼlgaydir, bolam! –
Yoʼlovchiga chin sidqidildan
Non tutadi qoʼshqoʼllab onam.
– Hoy, qoʼshnijon, keling bu yoqqa,
Аyting, kelsin keliningiz ham.
Qarang, moyday erir dudoqda! –
Non tutadi qoʼshqoʼllab onam.
– Ha, bu kulcha sening uchun, ha,
Ol, bunisi singlingga, boʼtam… –
Аtrofda kim koʼrinib qolsa,
Non tutadi qoʼshqoʼllab onam.
Ogʼushidan zar nurin toʼkar
Olam uzra shamsi mukarram.
Dunyo ahli shundan oʼtsa gar,
Non tutadi qoʼshqoʼllab onam.