SARVAR TO’RAYEV
U kuzni yaxshi koʼrardi. Kuz yomgʼirining yogʼishini, daraxtdagi olovrang soʼnggi yaproqlarni shivirini, oyoq ostidagi barglar shitirini, batamom kuz tabiatining oshigʼi edi. Men uni ”Kuz kuychisi” derdim.
U kuzni doim kutardi, shu bois ham, yozarini aytganida ”Kuzni kutib turaverasizmi?-derdim. U doimgidek samimiy, ”Аlbattada” deb qoʼya qolardi. U hamisha har yili kuzga dadil va ijodiy, hayotiy rejalar bilan peshvoz chiqardi.
Bu yil unday boʼlmadi.
Bu yil kuzida uning oʼrni juda bilinayapti.
Аkam, oxirating obod, joying jannatda boʼlsin!.
Bahrom Normurodov (1981 -2020). Surxondaryo viloyatining Jarqoʼrgʼon tumanida tugʼilgan. «Turkiston» gazetasida, viloyat televideniesida, Termiz davlat universitetida faoliyat koʼrsatgan.
Sen kuzni oʼylab topganingda,
Tangrim, gʼussalarni sevib yashadim.
Sen kuzni yaratganingdan,
Dunyoni bepoyon atadim…
Ertaga tongda kuz kelsa,
Meni gʼaflat bosib qolmay
Yomgʼirlar yogʼsa kutilmaganda.
Ketganlarim qaytishini kutgandek,
Onamni sogʼingandek toʼlib,
Kelsa, koʼzimga bir daryo seli…
Zaʼfaron daraxt shoxlaridagi bargdek,
Titrasam xuddi yer kabi.
Bu visol yoʼli uzun,
Oni yashalmagan kundek,
Bandasiman-umidvorman.
U osmon yoʼllarining tiniq,
Sokin boʼylaridan oʼtsa kerak.
Tong shamollarining erkalashida.
Kuzak koʼzlarini yashirdi mendan,
Men esa u sari borayotirman.
Yomgʼir sochlariga qoʼl sololmagan,
Men esa yuzma-yuz yigʼlayotirman.
Visolga bardoshim yetmaydi bugun,
Nechun toʼlqinlarning rangi zaʼfaron.
Oʼtligʼ nafaslari misoli olov,
Tugub qolmasmikan kelgunicha mart.
O, qanday yoʼllardan qadam bosib men,
Yuragimga taslim kelayotirman.
Qoʼlimda gullarim kuzakka tutib,
Uning koʼzlaridan ketayotirman.
Bogʼ sokin, yoʼl sokin, shitob xislarim,
Koʼzimda ranglari qorishdi dunning.
Havoda osigʼliq turganiday barg,
Zamindan koʼk uza qoʼlimni tutdim.
Tokim tiyramohim panjasi jonsiz,
Faqat koʼzlarida mening aksim bor.
Mening hayotimda kuz buncha uzun,
Men esa sevgimdan ketayotirman.
Xudoyim, ne alvon, ne sirli kuzak,
Sovuq-sorigʼ barmoqlarin oʼpayotirman.
Koʼzlarin koʼrmadim, desam qoʼllari
Titroqdan boʼzlashin sezayotirman.
Kuz ogʼir oyoqlarin sudrab,
Shamolning izmida ketmoqda yupun.
Yoʼlak panjasi-yu tovonlarida
Olov yoqmoqdami nolasi gulgun…
Kuz uzoq qolding, bogʼ aro uzun,
Yuragim kuzakka yetolasanmi?
Vidoligʼ munglarim boʼgʼzimda siniq,
Bugun xayolimdan ketolasanmi?
BAHROM NORMURODOV