Shoir Shuhratning muhabbat mavzuidagi she’rlari tezda tildan-tilga o‘tib har bir qalbning bebaho boyligiga aylandi. Hali-hamon shunday, chunki bu she’rlarda soxtalik yo‘q.Ular ilohiy muhabbatga yo‘g‘irilgan edi.
Shoir tuhmatga uchrab, “xalq dushmani” tamg‘asi ostida qamalib qolganda sud bo‘lishidan oldin kiritilgan xatdan:
“Aziz Shuhrat aka, sizga qilingan tuhmatni boshingizdan olib tashlash uchun bor kuchimni sarflab harakat qilaman. Axir siz pokdil insonsiz. Sizni xamma yaxshi ko‘radi. Men barcha taqinchoqlarimni sotib, oqlovchi oldim. Nasib etsa, sud kuni oqlanasiz. Bizdan xavotir olmang. Tursunoyingiz”
Shu turt qator hamdardlik va ishonchda ulkan muhabbatning moʻjizasi bor. Bu sadoqat malikasi umriga toj bo‘ladigan satrlardir.
Javob xati esa undanda iztirobli va shuning barobarida ehtiromli bo‘lgan: “Oh, mening pokdil Tursunoyim, men uchun bekor sotibsan bebaho taqinchoqlaringni. Aziz kunlarimiz yodgori edi. Bular meni baribir oqlashmaydi.O‘zingni va Fitratni asra”.
1938 yilda Shuhrat Alimov Toshkentdagi 90 maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishga keldi. O‘shanda butun maktab shoir dars berayotgan sinf derazalaridan havas bilan qarab o‘tar, uni hamma katta qiziqish bilan kuzatardi. Ayniqsa, sohibjamollar. Ular orasida cho‘lpon ko‘zli, shirin so‘zli Tursunoy ham bor edi. Ammo.. o‘shanda Shuhrat bu qizga hamma qatori qarardi. Shoir maktabda uzoq ishlamadi. Sababi uni harbiyga chaqirishdi…
Urush tugagach, 1946 yilning 10 yanvarida ularning to‘yi bo‘ldi. U paytda Tursunoy Toshkent tibbiyot institutining uchinchi kursida o‘qir edi. Hayot qiyinchiliklari Tursunoyga o‘qishni davom ettirishiga yul bermadi. Intizor bo‘lib kutgan farzandlari Fitrat tug‘ilgach, olti oy o‘tib, qalbi daryo shoir “xalq dushmani” tavqi la’nat tamg‘asi bilan qamalib ketdi.
O‘sha, Hasti-Imom masjidi yonidagi uylarni, hatto chaqaloqning beshigini tekshir-tekshir qilib ketishganidan so‘ng taqdir Tursunoyning bardoshini sinovdan o‘tkaza boshladi.
“Xalq dushmani”ning xotinini hech qayerga ishga olishmadi. Yozuvchilar uyushmasi “Shuhrat yaxshi odam edi” deb tavsiyanoma bermasligini ochiq-oydin aytdi. Tursunoy to‘rt yil shu nurli iztirob va sog‘inch ichra yashadi. Shuhrat to‘rt yil umrini panjara ortida o‘tkazdi. To‘rt yil vafodorining farishta chehrasini ko‘rmadi. Maktublar bitdi. Ammo birortasida ham “meni kutgin” demadi. Chunki ishonardi. Qorong‘u zulmat ortida, uzoq-uzoqlarda Toshkent degan shahar bor. U yerda eng sof qalbli kishilar yashaydi. U yerda bahor bor, go‘zalliklarini ayamay olamga sochadi. U yerda yaxshi odamlar ko‘p. Ayollar erini yarim pir deb biladi. O‘sha yerda go‘dagini bag‘riga bosib dunyodagi eng sabrli eng bardoshli bir ayol yashaydi. Uning ismi Tursunoy. Shunday go‘zal tuyg‘ulargina shoirga har qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tishga madad bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. Nihoyat, oradan to‘rt yil o‘tdi. Xalqqa qarshi hech bir noo‘rin xatti-harakati borligi aniqlanmagan shoir Shuhrat oqlanib keldi.
Shoir ijodida yaxshi kunlar boshlandi. Taqdir unga quvonchni ham qusha-qusha berdi. Farzandlari Bobur, Xondamir, Zeboxonlar tug‘ildi. Yuzlarida ajinlar, sochlarida oqlar qoldi, xolos.
Shuhrat o‘zidan muhabbatni meros qilib qoldirdi. Sababi, u umrining oxirgi kunlarida ham ulkan sinovdan o‘tdi. O‘n bir yil xastalanib yotdi. O‘sha kunlarda ham bir daqiqa Tursunoy aya shoirdan uzoqlashgani yo‘q. Shoirga eng oliy “Xalq shoiri” unvoni olib kelishganida shoir kasallik bilan kurashayotgandi. Shunda barcha kelganlar qatori shoir o‘zining bemalol qullari bilan Tursunoy ayaning qullarini silab quydi. Shuhratning muhabbat yo‘li ana shunday bo‘lgandi.
Izzat Ahmedovning “Mashhurlar muhabbati” kitobidan.