HAMZA, ISHQ, OLOVLI KULCHA YOXUD TOMOSHABINNI HAMDARDGA AYLANTIRISH SAN’ATI.


Ilk bora “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoniga sazovor bo‘lgan adib, Sho‘rolar tuzumi tomonidan olqishlanib, keyinchalik bir qadar xijolatomuzlik bilan esga olingan yo, aksincha, hadeganda yodga olinmay qo‘ygan siymo – Hamza Hakimzoda Niyoziyning shaxsiyati aslida qanday bo‘lgan? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida O‘zbekiston xalq artisti, atoqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevni muloqotga chorladik.
Mashhur san’at arbobi bilan muayyan mavzu doirasidagina suhbat qurib bo‘lmasligi tayin. Mubohasada bugungi kun teatri, dramaturgiyasi va san’atkorlari xususida ham jiddiy fikr-mulohazalar aytildi. Mulohazalarki, kishini mushohada yuritishga chorlaydi. Shu bois, mavzudagi ba’zi chekinishlarga qaramay, suhbatni boricha e’tiboringizga havola etmoqdamiz.
“HAMZA – ISHQ ODAMI!”
– Bahodir aka, XX asrda o‘zbek mumtoz adabiyoti an’analari davomchisi va ayni paytda yangi davr adabiyoti namoyandasi sifatida tanilgan Hamzaning hayotiy qarashlari borasida oradan qariyb yuz yil o‘tgach, qanday yangi fikrlar aytish mumkin?
– O‘zbek dramaturgiyasi haqida ko‘p yozilgan, bundan keyin ham turli mulohazalar bildiriladi. Gapni ibtidodan boshlasak – o‘zbek dramaturgiyasi asoschisi kim? Bir paytlar bu savolga juda to‘g‘ri javob aytilgan: Hamza Hakimzoda Niyoziy! Rost, bundoq o‘ylab qarasangiz, o‘zbek dramaturgiyasi tarixida Hamzadan kuchliroq dramaturg yo‘qdek… Menga qolsa-ku, birinchi dramaturgimiz deb Hazrat Alisher Navoiyni aytgan bo‘lardim. Uning “Farxod va Shirin” dostonida dramaturgiyaning ilk uchqunlarini ko‘rish mumkin.
Hamzaga qaytsak. Hamma balo shundaki, Hamza ijodini sho‘ro mafkurasiga moslashtirish maqsadida uning ko‘p pyesalari o‘zgartirib yuborilgan. Gʻoyalari buzilib, keng omma, oddiy tomoshabinga ham moslashtirishga urinilgan. Vaholonki, uning dramaturgiyasi ko‘pchilikning duyoqarashidan baland. Bundan anglashiladiki, asarlari o‘zgartirilibdimi, demak, Hamzaning o‘zi ham o‘zgartirib yuborilgan. Mana, bir misol: “Boy ila xizmatchi” pyesasi sahnalashtirilganda Gʻofir shunday deydi: “Qozi domla, xotinim Jamila erga tegmoqchi ekan, tegaveradi, mendan nima istaysiz?!” O‘ylab ko‘ring, qaysi o‘zbek yigiti “Xotinim erga tegaversin, meni tinch qo‘yinglar!” deb aytadi?! Aslida Hamzaning qahramoni “Xotinimning inon-ixtiyori o‘zida”, deydi. Bu bilan u sharq ayolining erki, haq-huquqlarini ko‘rsatgan. Aslida sharq ayoli hech qachon qul bo‘lmagan. Sharq ayoliday ozod ayol bo‘lmagan hech qayerda. Bibixonimdan tortib, boshqa o‘zbek ayollarigacha… Oilada xotin er bilan barobar ro‘zg‘orni boshqargan, ayni paytda hech qachon eridan ruxsatsiz biror ish qilmagan. Yana bir misol: Solihboy, Hamzaning yozishicha, baquvvat, chiroyli, ustiga-ustak yoshroq erkak bo‘lgan. Gʻofirning esa yuzi cho‘tir, husni o‘ziga yarasha, yoshi o‘tinqiragan. Pyesadagi Jamila nihoyatda muhim obraz! U boy-badavlat odamni nazar-pisand qilmaydi, shu cho‘tir, kambag‘al erini unga alishmaydi. Bizda esa shu paytgacha Solihboy xunukroq, keksaroq obraz sifatida tasvirlanadi-da, Gʻofurni ko‘rkam yigitlar o‘ynaydi. Qaysi xotin chiroyli, yoshgina erini tashlab, boy bo‘lsa-da, cholga tegarkan?! Ko‘ryapsizmi, Hamza har bir obrazini puxta o‘ylab yozgan.
– Har qanday buyuk odam, ayniqsa ijodkorning o‘zgacha ruhiy qudrati bo‘ladi. Bu qudrat salbiy ta’sirga egami yoki ijobiymi, yaratuvchimi yo vayron qiluvchi – boshqa masala. Shubhasiz, Hamza Hakimzoda Niyoziy ham kuchli shaxs bo‘lgan. Sho‘rolar davrida nafaqat uning qahramonlari, balki o‘zi ham to‘g‘ri talqin etilmagani haqida gapiryapsiz. Kim edi aslida Hamza? Zo‘rma-zo‘raki “qizil” niqob taqilgan, botinan esa lirik, hissiyotlarga beriluvchan insonmi yoki…
– Bu gap nafaqat Hamzaga taalluqli. Konstantin Stanislavskiy degan rejissyor o‘tgan, bilasiz. Uning hozirda hammaga ma’lum teatr san’atiga oid sistemasi kundalik daftar shaklida, muhimi, shaxsan o‘zi uchun yozilgan. Lekin sho‘rolarga har jabhada bo‘lgani kabi, san’atda ham “bayroq” kerak edi. Ular Stanislavskiyni ham “bayroq”, uning yozganlarini shior-qo‘llanma qilishdi. “Bugun Stanislavskiy sistemasi bo‘yicha o‘ynaymiz”, deyilardi teatrlarda. Stanislavskiy kabi, Hamzadan ham tuzum qurol, namuna sifatida foydalangan. “Shoirmisan? Hamzaday yozasan! Aks holda, bizlardan emassan!” qabilidagi qarash bo‘lgan. Hamza o‘ziga xos etalon, andoza vazifasini o‘tagan. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, undan o‘sha zamon uchun kerakli “trafaret”ni yasab qo‘yishgan.
– Hamzaning ana shu yasama “trafaret”dan farqli tomonlari nimada edi? Biz ko‘rmagan, bilmagan, shu paytgacha ochilmayotgan qanday qirralari bor bu ijodkorning?
– Hamzaning shaxsiyatini u yozgan pyesalarda ko‘rishingiz mumkin. “Paranji sirlari”dagi Norboyvachcha obrazini oling. Bundoq qarasangiz, u o‘ta salbiy qahramonga o‘xshaydi, aslida unday emas. U shunchaki, ishqiboz. Deylik, pichoqning ishqibozi bor, otning ishqibozi bor, gulning ishqibozi bor. U esa go‘zallikning ishqibozi, shaydosi edi. Norboyvachcha Masturaga: “Biz husn gadosimiz, tan gadosi emas. Shu qizning qo‘lidan bir piyola choy ichsam bo‘ldi, qirq kunlik sholipoyamni beraman”, deydi. Hamza siymosi mana shu so‘zlarda, qolaversa, Mullado‘st, Maysara obrazlarida ham sochilib turibdi. Xullas, Hamza – ishq shaydosi, ishqiboz odam!
Yana bir gap. Mana shu qahramonlarning o‘zi, ularning hayoti – Isyon! Isyonkor bo‘lish uchun albatta bayroq ko‘tarib chiqish, tomoqni yirtgudek baqirib-chaqirish, inqilob ko‘tarish shart emas. Haqiqiy inson isyon bilan yashaydi. Lekin bu isyon birinchi navbatda odamning o‘ziga qaratilgan, o‘ziga qarshi bo‘ladi. Navoiyning “El netib topg‘ay menikim, men o‘zimni topmasam” misralari aynan shu – o‘zlikni topish, anglash, o‘zlikka isyon qilish, dard chekishni bildiradi. Bu misralarni shon-shuhrat qozonish ma’nosida emas, aksincha elga qo‘shilish, uning bir bo‘lagiga aylanish ma’nosida tushunish kerak. “Men”ini topgan odamgina elga qo‘shila oladi.
– Bir paytlar “O‘zbek teatrini Hamza qutqaradi”, degan fikrni aytgandingiz. Oradan ancha yil o‘tdi. Zamon o‘zgargandan keyin qarashlar o‘zgaradi, tomoshabinning, o‘quvchining didi o‘zgaradi. Odam o‘zgaradi! Jumladan, Bahodir Yo‘ldoshev… Hozir ham o‘sha fikrdamisiz?
– Yo‘q! Yo‘q, hech narsa o‘zgarmaydi! Hamma gap shunda! Hayot tarzi o‘zgarishi mumkin. Ammo odam o‘zgarmaydi. Tomoshabin o‘zgarmaydi. Uning didi pasayishi yoki ta’bi noziklashishi mumkin. Bir zamon kelib, didi baland tomoshabinlar ko‘payadi yo aksincha… Lekin mohiyatan odam o‘zgarmaydi!
O‘zbek dramaturglari orasida Hamzaga yetadigani bo‘lmagan, hozir ham yo‘q. Albatta, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Qahhor kabi adiblarning dramaturgiyasini ham e’tirof etamiz. Lekin baribir, ular ham Hamzaga yetolmaydi. Biz hali-hanuz Hamza asarlarini munosib darajada sahnalashtira olmaganmiz. U so‘zning qadrini bilgan holda pyeslarini yozgan. Hamzani oxirigacha tushunib yetadigan rejissura hali shakllanmagan bizda.
– Unda o‘zingiz sahnalashtirgan spektakllar haqida nima deyish mumkin?
– Albatta, iloji boricha Hamzaning o‘zini saqlab qolishga harakat qilganman. Pyesalarini sinchiklab, hatto, avaylab o‘rganganman, matnning har bir so‘zini anglab yetishga uringanman. Umuman, hech qaysi obrazga bu – salbiy, bunisi – ijobiy, deb qarab bo‘lmaydi. Hammayam tirik odam. Har birimizning ikkinchi “men”imiz bo‘ladi. Xususan, sizga intervyu berayotgan kaminaning ham, meni savolga tutayotgan “Jahon adabiyoti” jurnali muxbirining ham atrofdagilarga ko‘z-ko‘z qiladigan jihatlari bo‘lganidek, hammadan bekitadigan, fosh qilishni istamaydigan qirralari ham topiladi. Muhimi, har qanday vaziyatda, istalgan davrada odam samimiyligini, haqiqiy qiyofasini yo‘qotmasligi kerak. Rejissyordan esa qahramonlarning aslini, haqiqiy qiyofasini ko‘ra bilish talab etiladi.
“TEATR NIMAGA KERAK?”
– Chetdan qaraganda, zamondosh dramaturglarning pyesasini qo‘yishdan ko‘ra, bu dunyodan o‘tgan mualliflar asarlarini sahnalashtirish osondek tuyulishi mumkin. Sababi, zamondosh muallifingiz jarayonga aralashadi, fikrini aytadi, talabini ilgari suradi… Tarixiy shaxslar bilan esa bunday muammo yo‘q. Balki, bu vaziyatda aksincha, mas’uliyat ko‘proqdir?
– To‘g‘ri, rejissyorlar orasida xuddi shunday gap yuradi: “Iloji bo‘lsa, o‘tib ketgan muallifning pyesasiga qo‘l ur. Qarindosh-urug‘lariyam o‘tib ketgan bo‘lsa, yana yaxshi, bemalol ijod qilishing mumkin”.
Bilasizmi, gap bunda emas. Ko‘pchilik maqsadni to‘g‘ri belgilay olmaydi. Pyesa qo‘yishdan maqsad nima o‘zi? Maqsad anketaga “bu rejissyor falon-falon asarlarni sahnalashtirgan”, degan qaydlarni kiritishgina bo‘lmasligi kerak. San’atda ishq bo‘lishi lozim! Talabalik paytlarimizda “Pyesani qo‘lga olganingda uni tushunishga harakat qil, u bilan do‘stlash, maqsadini tushun, dardini his qil!”, deya uqtirishgan bizga. Teatr nimaga kerak? Uning maqsadi nima? Tomoshabin teatrga zavq olgani, hordiq chiqargani keladi. Lekin biz uni qahramonga hamdard qilishga tirishamiz. Ya’ni, qahramon kulsa –kulishi, yig‘lasa – yig‘lashi, hatto uning sevgilisini ham sevishi kerak! Agar rejissyorning o‘zi muallifga hamdard bo‘la olmasa, aktyorlarni ortidan ergashtirishni uddalarmidi?! Tomoshabinni-chi?! O‘zbeklarda “dardingni olay”, degan ibora bor. Haqiqiy san’atkor birovning dardini ola biladi va shu dard bilan yashaydi ham.
Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Jahonga mashhur qaysi dramaturg hayotiga nazar solmang, har biri bevosita teatrga aloqador bo‘lgan. Masalan, Hamza. U o‘zi sahnaga chiqqan, artistlar tanlagan, ularni o‘qitgan, o‘rgatgan, boringki, grimgacha o‘zi qilgan. Hamzani yaxshi tanigan, birga ishlagan odamlar, masalan, Zamira Hidoyatova, Xolida Xo‘jayevalarning aytishicha, u unniqib ketgan do‘ppisini bostirgancha zalning bir chekkasida o‘tirib, kuni bilan repetisiyalarni tomosha qilarkan. Hamza vafotidan keyin uning pyesalarini qidirib qolishganda, Mannon Uyg‘ur: “Tugunda allaqanday qog‘ozlar ko‘tarib kelganday bo‘lgandi”, deb eslaydi. Shunda chordoqdan belboqqa tugilgan qo‘lyozmalar topilgan ekan. Ular orasidan “Maysaraning ishi”, “Paranji sirlari” pyesalari chiqqan…
Bug‘doy unini kaftida siqib, sifatini aniqlay olmagan odamdan novvoy chiqmaganidek, teatr, artistlar hayotini bilmagan qalamkash haqiqiy dramaturg bo‘lyalmaydi. Drama – dialog yozish degani emas.
– Hamza o‘zbekning hayotini sahnaga olib chiqqan. U o‘zbek xalqining farzandi. Jahon teatrida qanday o‘rni bor bu ijodkorning? Biz uni jahon san’at maydoniga olib chiqa olyapmizmi?
– Biz uni olib chiqishimiz shartmas. U allaqachon dunyoga tanilib bo‘lgan. Hamza Shekspir bilan bir safda turgan dramaturglardan. Faqat biz bundan bexabarmiz. Internetdan bir qidirib ko‘ring, chet elda uni biz o‘ylaganimizdan-da, bizdan-da ko‘proq bilishlariga amin bo‘lasiz. Uning Maysarasi ham, Solihboyu Mullado‘st, boshqa qahramonlari ham xorijiy tomoshabinga yaxshi tanish. Bunday shaxslarga bir millat darajasida qarab bo‘lmaydi, ularga umuminsoniy mezonlardan turib yondashmoq kerak. Alisher Navoiy, Shekspir, Chexovlar kabi Hamza ham umumbashariy ijodkor. Faqat ularning ijodini talqin qilishni o‘rganish kerak. Deylik, Hamza asarlarini to‘g‘ri talqin qilish uchun butun o‘zbek millatini, uning hayotini o‘rganish kerak. Shundagina satrlarda bitilgan yozuvlarga jon kiradi, tasvir o‘quvchining ko‘z oldiga keladi. Mana, biz o‘zimiz, urf-odatlarimizni bila turib, Hamzani tushunmaymiz. Hamzani anglamoqchi bo‘lgan odam o‘zbek she’riyatini, musiqasini bilishi kerak. Ham musiqachi, ham kompozitor bo‘lgan-ku u! “Tanovar”ni bilmasdan turib, Hamza asarlarini sahnalashtirib bo‘lmaydi, Maysarani, Mullado‘stni o‘ynab bo‘lmaydi.
“PIRSIZ YuRMA…”
– Hamza o‘zining yashagan davri jihatidan bizga nisbatan yaqin. Uning asarlarini o‘qish uchun lug‘atga murojaat qilmaymiz, zamonasida ro‘y bergan voqealar, umuman olganda, bizga tanish. Lekin shunda ham bu muallifni oxirigacha tushuna olmasak, uzoq o‘tmish haqida nima deyish mumkin? Aytaylik, Navoiyni qay darajada tushunamiz? Uning sahnada talqin etilgan ijodini-chi?
– “Uzoq o‘tmish” degan tushunchaning o‘zi yo‘q, nazarimda. Insoniyat hayotiga bu tarzda qarashning o‘zi noto‘g‘ri. Faraz qilaylik, bu dunyo, mavjud tamaddun tugab, yangi dunyo paydo bo‘lsagina, “Navoiy yashagan davrda…”, deb gapirish o‘rinli bo‘lardi. Bashariyat uchun 500-600 yil nima degan gap?!
Bir holatga e’tiboringizni qaratsam. Mana, har birimizning ota-onamiz, yaqinlarimiz bo‘ladi. Biz ularning huzuriga boramiz, yo‘qlaymiz, dardlashamiz, kulishamiz, yig‘laymiz. Xullas, hayotimizda ularning o‘z o‘rni, qadri bor. Ammo qadrdonlarimizni maydonda turgan bir haykal sifatida qabul qilmaymiz-ku! Ularni jonsiz haykal sifatida ko‘ra boshladikmi, har qancha ardoqlamaylik, uzoqlashib ketaveramiz. Demak, Navoiyga ham, Shekspirga ham Odam sifatida, yaqinimiz deb qarashimiz kerak. Ular bilan tillashish lozim. Maslahat so‘rash, suyanish kerak ularga, hatto o‘rni kelganda urushib-talashib, e’tirozlarimizni ham bildirsak bo‘ladi. O‘shandagina ular sizga ko‘nglini ochadi. Bo‘lmasa g‘o‘dayib turaveradi, tosh haykalga o‘xshab, siz esa mahliyo bo‘laverasiz, asarlarini ming o‘qing, hech nima ololmaysiz. Biz buyuklar bilan gaplashishni bilmaymiz…
– Siz, shaxsan Siz gaplasha olasizmi ular bilan? Mana, Navoiyni olaylik. Valiy darajasida e’tirof qozongan bu shaxs qanday rol o‘ynaydi hayotingizda?
– Sa’diyning “Be pir marav, ki dar amone,
Harchand Iskandari zamone”,
ya’ni “Garchi Iskandarning zamoni bo‘lsa ham, omonlikda bo‘lay desang, pirsiz yurma”, degan bayti bor, eshitganmisiz? Har birimiz Navoiyni eng oqil maslahatchi sifatida qabul qilishimiz kerak. Uning bir baytini o‘qisangiz, hayotingizdagi bir muammoning yechimini topasiz.
Parim bo‘lsa, uchib qochsam ulusdin, to qanotim bor,
Qanotim kuysa uchmoqdin, yugursam, to hayotim bor –
deydi Hazrat. Odamlarning dardidan qochib qayoqlarga ketay, deb nola qilgan buyuk shoir aslida boshqalarning dardiga malhamdir. Men deyarli har kuni Navoiyga murojaat qilaman, kitoblarini varaqlab, savollarimga javob izlayman. O‘zingizni topmoqchi, anglamoqchi bo‘lsangiz, bu ulug‘ insonning albatta sizga aytadigan gapi bor! Afsuski, biz bu buyuk siymolarga haykalga qaragandek qaraymiz…
“SAN’ATNING O‘ZI MISTIKA!”
– Teatrda, hatto kinoda ham buyuk adiblar asarlariga murojaat qilinganda, ba’zan qandaydir mistik holatlar yuz berishi quloqqa chalingan. Siz ham bunday vaziyatlarga to‘qnash kelganmisiz? Yoki bu shunchaki mish-mishmi?
– Bunaqa vaziyatlar chindan ham uchrab turadi. Shekspirning “Makbet”i, Gogolning “Uylanish”i bunga misol. Shekspir, Gogol va yana bir qator boshqa mualliflarning asarlarini sahnalashtirib bo‘lmaydi o‘zi.
– Nega, sababi bormi?
– Gogolning Kochkaryovi aslida shayton. Shekspir asarida esa alvastilarning siymolari bor. Bulgakovning “Usta va Margarita”si bilan ham xuddi shunday, albatta biror noxush hodisa ro‘y beradi. Aksariyat rejissyorlar bunga jiddiy qaraydi. To‘g‘ri, asarga murojaat qilish mumkin, lekin uni obdon o‘rganmaguncha qo‘l urib bo‘lmaydi. O‘zimizda ham shunday mualliflar bor. Masalan, Mashrab, Uvaysiy asarlariga tegib bo‘lmaydi. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asariga juda ehtiyotkorlik bilan muomala qilish lozim. Unda dunyoning foniyligi, odamning nafsi, olamning komilligi haqida so‘z boradi. Boshqa asarlari haqida ham xuddi shu gapni aytish mumkin. Bunday asarlarni shon-shuhrat, manfaat yo nafs uchun sahnalashtirib bo‘lmaydi! Bu gap umuman san’at olamiga taalluqli. San’atning o‘zi mistika. Unda har bir qadam ehtiyotkorlik bilan qo‘yilishi kerak, har bir ijod mahsulining o‘z o‘rni, hurmati bor. Buni doim esda tutish, shunga qarab munosabatda bo‘lish zarur.
Mana, teatr liboslarini olaylik. Ne-ne buyuk san’atkorlarga xizmat qilmagan ular! Buni qadrlamagan, ehtiyotlamagan teatr xodimi albatta munosib javobini oladi. “Mana bu teatrning fayzi bor, bunisiniki esa yo‘q” yoki “Manavi joyning fayzi ketibdi”, degan gaplar zamirida avvalo buyuk ajdodlar, ularning xotirasi, qoldirgan merosiga bo‘lgan munosabat yotadi. Fayz ketdimi, omad, baraka ketdimi, aybni o‘zingizdan, qadriyatlarning va qadrlanishi lozim bo‘lgan insonlarning hurmatini bajo keltira olmaganingizdan qidiring…
“PREMYERA KUNI SPEKTAKL… O‘LADI!”
– Bir fransuz san’atkori intervyu berarkan, boshidan o‘tgan shunday voqeani hikoya qilib bergandi: “Xitoyga safarimiz chog‘ida yoshi ulug‘ bir qariyaga duch keldim. “Sen kimsan?” deb so‘radi u mendan. Kasb-korimni aytdim. Xitoylik savolini takrorladi. O‘zimni ism-sharifim bilan tanishtirdim. “Yo‘q, SEN kimsan?” yana so‘radi otaxon. Men bu savolga javob berishga ojiz ekanman…” Bahodir aka, SIZ kimsiz
– Siz kimsiz… Yana Navoiyga qaytaman. “El netib topg‘ay menikim, men o‘zimni topmasam…” degan savolni har kuni o‘ziga berib, hanuz shu savolning javobini topolmay yurgan odamman.
Bu savolingizga javob berish… Odamlar bilan muomalada ko‘rinadi bizning kimligimiz. Deylik, men muxbirlarni yoqtirmayman. Spektakl oxirida sahnaga chiqishni yomon ko‘raman. Taqrizlarda qayta-qayta nomim keltirilsa, g‘ashim keladi. Farzandalarimni hadeb mening nomim bilan bog‘lashsa, jahlim chiqadi. Ularning o‘z yo‘li, o‘z taqdiri, o‘z yutuqlari bor. Masalan, onam biror marta spektakllarimni kelib ko‘rmagan. O‘g‘lim falon spektaklni qo‘yibdi yo falon ishni qoyillatibdi, degan gaplar bo‘lmagan oilamizda. Aksincha, san’atkorlar oilasidan chiqqanligim uchun mendan talab ham, mas’uliyat ham ancha katta bo‘lishi ta’kidlanardi. Odam o‘zini kasbiga bag‘ishlashi kerak, tamom! Boshqa barcha soha egalariga ham taalluqli bu gap. Men zavq bilan ishlashni yoqtiraman. Eng yomon ko‘rganim esa – spektakl premyerasi. Yaxshi ko‘rgan odamingiz bilan xayrlashgandek bo‘lasiz. Premyera kuni spektakl o‘ladi!
– Spektaklni keyin yana ishlasa, mukammallashtirsa, to‘ldirsa bo‘ladi-ku, axir! Teatrning kinodan farqi ham shunda…
– Spektakl sahnaga chiqqandan keyin uning katta qismi yo‘qlikka ketadi. Umuman, natijaning o‘zidan ko‘ra, unga qanday erishilgani muhimroq! E’tibor bergan bo‘lsangiz, osh tayyorlagan odam “hidiga to‘yib qoldim”, deydi. Teatrning ham shunday taraflari bor. Eng yaxshi spektakl namoyish qilingandayam uning yigirma foizigina tomoshabingacha yetib boradi, xolos. Qolgani repetisiya jarayonida qolib ketadi. Ilgari, Meyerxold, Stanislavskiylar davrida teatrdagi repetisiyalarga ham chipta sotilgan. Odamlar bu jarayonni tomosha qilgan. Artistlar ham, rejissyor ham zalda o‘tirganlarga ahamiyat bermasdan ishini qilavergan. Sahna maromiga yetmaguncha takror o‘ynalavergan. Ma’qul bo‘lgan joylarida tomoshabinlar qarsak chalib turgan.
– Bizda ham buni joriy qilishga urinib ko‘rmaganmisiz? Tomoshabinlarimiz qabul qilarmikin?
– Tomoshabin-ku qabul qilar, ammo aktyorlarimiz – yo‘q. Ular repetisiyalarda ishlamay qo‘yadi, o‘ynay boshlaydi, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga tushadi. Bunda biror natijaga erishish qiyin. Shundoq ham repetisiya vaqti 2,5 – 3 soat bo‘lsa, haqiqiy jarayon atigi 30-40 daqiqa davom etadi. Qolgan vaqt aktyorni holatga olib kirishga ketadi. Chunki aktyorning xayoli kundalik tashvishlar, oila, bola-chaqa, ro‘zg‘origa oid muammolar bilan band. Bunday holatda san’atkor o‘zini sahnaga to‘laqonli bag‘ishlashi qiyin.
– Istisno aktyorlar bordir?
– Aktyorning o‘zi kam dunyoda.
– Bugungi kunda, demoqchimisiz?
– Yo‘q, umuman. Misol uchun, O‘zbek Milliy teatrining 60 yillik tarixiga nazar tashlang: bu vaqt mobaynida qanchadan-qancha odam kelib-ketmadi. Ammo besh-olti nafar san’atkorgina o‘zidan munosib iz qoldirgan, xolos. Qolganlari – havaskor. Hamma sohada ham haqiqiy mutaxassislar kam bo‘ladi. Yaxshi yozuvchi deysizmi, yaxshi shifokor deysizmi… kam bo‘ladi, juda kam. Ana o‘shalar ko‘pchilikni tortib ketadi, o‘z ortidan ergashtiradi. Aslida dunyoda qobiliyatsiz odamning o‘zi yo‘q. Lekin ana shu qobiliyatni o‘zimiz, maishiy muammolarga – mashina olay, dang‘illama uy solay, farzandimning to‘yini o‘tkazay kabi o‘tkinchi tashvishlarga o‘ralashib, yo‘qotib qo‘yamiz. Odam o‘zligidan kechmagunicha ezgu maqsadlarga erisholmaydi. Piyolani mayda-chuydaga to‘ldirib qo‘ysangiz, unga achchiqqina choy ham, buloq suvi ham quyib icholmaysiz-ku!
“SENGA NIMA YeTISHMAYDI, ODAMZOT?”
– Jahon teatrlari uchun odatiy hol: odamlar oylab qaysidir spektaklni kutadi, haftalab chipta ololmasligi mumkin, qay bir aktyorni sahnada ko‘rish uchun atayin olislardan yo‘l bosib keladi. Bizning teatrlarda esa bunday vaziyatni uchratish mushkulroq. O‘zbek teatri ham shunchalik qadrli bo‘lishi uchun nima qilish kerak? Tomoshabin o‘zgarishi kerakmi yoki rejissyor, aktyorlarmi? Darvoqe, mashhur xonandalar konsertiga chipta topish – amrimahol, odamlar erinmay uzoq viloyatlardan keladi…
– Non bo‘lmasa odam yetti kunda o‘ladi, suv bo‘lmasa – uch kunda, degan gap bor. Inson bulardan ham ko‘proq taassurotga muhtoj. Biz har kuni qandaydir taassurot olishimiz kerak. Samarqand yo Buxoroni tomosha qilaman deb kelgan sayyohlarga qarang. Televizorda ko‘rsa ham bo‘ladi-ku shu obidalarni. O‘sha shahar, o‘sha minora… Faqat taassurot boshqa! Bu tuyg‘u suvdan ham, nondan ham kuchli. Ma’naviy ozuqa moddiydan ustun turadi. Siz aytgan konsertlarga tushayotganlarning ko‘pchiligi san’atkorning ashaddiy muxlisi bo‘lgani uchun emas, azbaroyi taassurot olish uchun, ko‘pchilikdan qolmaslik uchun boradi.
Butun hayoti davomida teatrda Gamlet rolini ijro etgan bir aktyor o‘tgan. “Gamlet”ni o‘zisiz, o‘zini “Gamlet”siz tasavvur qilolmagan san’atkor umri nihoyasida g‘aroyib vasiyat qoldiradi. Vasiyatga ko‘ra, aktyor vafotidan so‘ng shu spektaklda go‘rkovlar bilan bog‘liq sahnaga uning bosh chanog‘i(!) chiqariladi. Va hali ham teatrning rekvizitlar xonasida uning bosh chanog‘i turarkan. Aqlga sig‘dira olasizmi bunaqa narsani?! Mana bu – zo‘r ishtiyoq! Mana bu – haqiqiy ishq!
Endi… bozor talabga qarab bo‘ladi-da. Balki, hozir teatrga ehtiyoj, talab kamdir?! Odamlarning xayoli boshqa narsalar bilan banddir. Bizning mamlakat, shukurki, tinch. Ammo yon-atrofga bir qarang. Bir tarafda giyohvandlik, boshqa yoqda turli kasalliklar, talo-to‘plarni aytmaysizmi… Mamlakatni bulardan muhofaza qilib, qalqon bo‘lib turishning, shu tinchlikni saqlashning o‘zi bo‘lmaydi-ku! Buning uchun qancha kuch, qancha harakat sarflanayotganini ko‘pchiligimiz bilmaymiz.
Odamlar teatrga shunchaki boryapti, intellektini o‘stirish uchun emas, shunchaki… Bugun ko‘pchilikni maishiy turmush masalalari ko‘proq qiziqtiryapti. Qachonki insonni “Men kimman?” degan masala o‘ylantira boshlasa, shunda teatr o‘zgaradi! Hozir dunyoda sport juda rivojlangan. Mashhur futbolchilarni nomma-nom bilamiz. Qarang, jahon stadionlari qishin-yozin liq to‘la. Buni odamlar shunchalik futbolga qiziqqanidan deb bo‘lmaydi. Gap sportda ham emas. Bu – yengil, oson tomosha, o‘ylashga majbur qilmaydigan tomosha. Stadionga borgan odam baqirib-chaqirib xovuridan tushadi, hissiyotlariga erk beradi. Shuning o‘zi insoniyatning qanchalik besaranjom, ziddiyatli dunyoda yashayotganligidan dalolat beradi. Odamzot ana shu tarzda ehtiroslarini tashqariga chiqarib yubormasa, bu qudrat yig‘ilib-yig‘ilib, koinotni ham portlatib yuborishi mumkin.
Darvoqe, futbolda jamoa ikki marta o‘yinni boy bersa, murabbiy o‘zgartiriladi, qayerdan bo‘lmasin, mahoratliroq mutaxassis jalb qilinadi. Lekin men hali biror marotaba teatr rejissyorlarining o‘zgartirilganini eshitganim yo‘q. Aktyorlarning: “Falon mamlakatda mana shunday rejissyor bor ekan, chaqirtiraylik, kelsin shu odam, men ham munosib obraz yaratib, nimadir qoldiray o‘zimdan”, deganini bilmayman. San’atkor sahnaga chiqib nimani qoyil qildim, nega keldim o‘zi bu dargohga, nima o‘ynayapman, qanday matnni yod olyapman, degan savollarni berishi kerak o‘ziga. Lekin bermaydi! Chunki ehtiyoj yo‘q bunga. Dorboz yuqoriga chiqqanda bitta xatoga yo‘l qo‘ysa, yiqilib o‘ladi. Aktyorlar esa har spektaklda o‘nlab xatoga yo‘l qo‘yyapti. Na o‘zi sezadi xatosini, na tomoshabin. Saviya deyarli bir xil, did bir xil…
Eng dahshatlisi bilasizmi, nima? Aktyorning siri qolmagan. Kecha tomoshabin uni to‘yda ko‘rgan, bitta davrada o‘tirgan. Bugun bitta do‘kondan xarid qiladi… Chet elda aktyor biror teatr bilan shartnoma imzolasa, qaysidir ma’noda o‘sha dargohning mulkiga aylanadi. Har joyga borishga, ko‘ngli tusagan ishni qilishga haqqi yo‘q. Ilgari o‘zbek teatrlarida san’atkor bilan tomoshabin o‘rtasidagi masofa saqlanardi. Aktyorlar bozorga borib, to‘rva ko‘tarib yurmasdi, hatto. Faqat tor davralarda o‘tirishardi. Muxlislar ularni ko‘rish uchun teatr atrofida aylanib, yo‘lini poylardi. Shukur aka, Olim aka, Nabi akalarni ko‘rishga mushtoq edi odamlar…
Aktyorlik – nihoyatda oson va shu bilan birga o‘ta mashaqqatli kasb. Faqat bu sohaga qadam qo‘ygan odam TEATR o‘zi nima ekanligini anglab olishi kerak. Afsuski, buning uddasidan chiqadiganlar kam…
– Bahodir aka, aslida suhbatimiz Hamza dramaturgiyasi haqida bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Gap aylanib, boshqa mavzularga oid qiziq, foydadan xoli bo‘lmagan mulohazalaringizdan ham bahramand bo‘ldik. Mavzuimizga oid biz so‘ramagan, Siz aytolmay qolgan fikrlaringiz?
– Hech nimani aytolmadim hisobi. Zero, bunday buyuk insonlar haqida har qancha gapirsak ham, gapimiz adog‘iga yetmaydi. Xullas, hozircha shunisiga ham qanoat qilamiz. Darvoqe, qanoat haqida yaxshi bir fikr borki, uni doim yodimda saqlashga harakat qilaman: “Mana shunday katta koinot falakdagi bittagina olovli kulcha bilan to‘yinib yuradi. Senga nima yetishmaydi, odamzot?..”
Yulduz Hoshimova suhbatlashdi.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 3-son.


Nasriddin Asriddinov sahifasidan olindi.