TOLE’SIZ TOVUQ

Jajjigina kulrang tovuqcha o‘zining katakdoshlari bilan yalanglikda o‘tirar edi. U juda xafa edi:
— Men bechora, baxti qaroman. Xo‘rozlar meni tushunmaydilar, tovuqlar esa meni xafa qilishadi. Katakxonamiz qorong‘u, bir chekkada, bo‘shgina, g‘amgin yer.

Shunday qilib u qattiq iztirob chekib o‘tirar edi. Mana shu onda uning yonidan kattakon oqqush uchib o‘tayotgan edi.
Oqqush tovuqning so‘zlarini eshitib, o‘sha yerga qo‘ndi va dedi:

— Xafa bo‘lma, tovuqcha. Istaysanmi, men seni ajoyib mamlakatga uchib borishing uchun yordam beraman. O‘sha yerda sen baxtiyor yashaysan?

— Yo‘q, — dedi kulrang tovuq. — Bu mumkin emas, — tovuqlar ucha olmaydilar.

— Nima bo‘pti? — javob berdi
oqqush, — men senga uchishni o‘rgataman.

— Yo‘q, — dedi kul rang tovuq. — Mening qanotlarim bu ish uchun juda kichiklik qiladi.

— Tashvish qilma, — xitob qildi qush. — Istaysanmi, men seni belimga o‘tqazib olaman va biz birga uchamiz?

— Yo‘q, — ho‘rsindi kulrang tovuq. — Men u yoqqa uchib borsam, u yerda yashaydigan joyim bo‘lmaydi.

— Tashvishlanma, — oqqush tovuqni umidlantirdi. — Men sening uying bo‘lishi uchun hamma ishni qilaman.

— Yo‘q, — dedi kulrang tovuq. — Men u yerda bir o‘zim nima qilaman? Menga u yerda zerikarli bo‘ladi.

— Tashvish qilma, — jilmaydi
oqqush. — Men senga xo‘roz topishingga yordam beraman.

— Yo‘q, — dedi kulrang tovuq. — O‘sha sen topgan xo‘roz jahldor va zararli bo‘lsa-chi?

— Tashvishlanma, — xo‘rsindi
oqqush. — Men senga shunday yashashni o‘rgatamanki, hayotingda senga faqat ajoyib xo‘rozlar yo‘liqadi.

— Yo‘q, — dedi kulrang tovuq. — Unday xo‘rozlar dunyoda yo‘q.

— Unda bu kuningdan battar bo‘l! — deya baqirib yubordi sabri to‘lgan oqqush va ulkan qanotlarini yoygancha uchib ketdi…

Jajjigina kulrang tovuqcha esa, u yashayotgan dunyoda adolat yo‘q ekaniga, atrofidagilar esa unga juda yomon munosabatda ekanlariga yana bir bor amin bo‘ldi.

Lena Belenkaya asari
Shoolim SHOMANSUR tarjimasi