ILINJ
So‘nggi umid, eng so‘nggi ilinj,
Bir so‘z bilan uzildi bari.
Qo‘lga ketish chiptasin tutib,
Kor qilmasdan hech qanday o‘tinch.
Hayot qildi o‘zidan nari.
Qotib qolgan nigohni ko‘rib,
Iztirob ham so‘raydi uzr.
Qani bari bekor bo‘lsa-yu,
Zalolatning bag‘ridan yulib
Olgan tojin kiygizsa huzur.
Qarorlarga imzo qo‘yar payt
Sendan ko‘ngil so‘ramas taqdir.
Ildiz otgan sabringni ko‘rib,
Armonlarni etgancha payvand
Istehzo-la qiladi tahqir.
Iymoningni ko‘tarib baland,
Vijdoningga yuqtirmayin gard.
Endi g‘amni quvdim deganda,
Vujudingni etganicha band,
Orsizlarcha yopisharkan dard.
Kundan-kunga yemrilar sabr,
Vaqt yurakka ilgandek ilmoq.
Tutib turar yolg‘iz iroda,
Kimga hikmat, kimgadir jabr
Ko‘ksingga g‘ururni qadamoq.
Taskin topar nogoh shuuring,
Orom berar Haqni o‘ylamoq.
Og‘ir, og‘ir, qanchalar og‘ir,
Tomirlari uzilgan umring
Ozligini sezib yashamoq…
Adolat, deb hayqirar yurak,
Umidlarin uzyapti tilak.
Hech odillik qila olmasang,
So‘nggi so‘zga faqat rostin ayt:
Hayot! Senga o‘zi ne kerak?!
NILUFAR JABBOROVA