O‘ZBEKISTON XALQ ARTISTI ERGASH KARIMOV
HAYoT BO‘LGANLARIDA BUGUN 85 YOSHNI QARSHI OLGAN BO‘LARDILAR.
1935 yil. Ayni kuz mavsumi. Toshkentning sulim mahallasida bir o‘g‘lon dunyoga keldi. Yaxshi insonlarga hamisha ergashib yursin uchun unga Ergash deb nom qo‘yishadi. Bolakay buvisining qo‘lida katta bo‘ladi. 1942 yil. 7 yoshga to‘lganida uni poytaxtdagi 45-sonli o‘g‘il bolalarga moslashtirilgan maktabga o‘qishga berishadi. U bolaligidanoq musiqaga ishtiyoqi baland bo‘lib usadi. O‘sha yillari Respublika “O‘quvchilar saroyi”dagi “drama to‘garagi”ga qatnay boshlaydi. To‘garak rahbari Mirsoat Usmonov o‘sha paytlarda undan zo‘r san’atkor chiqishini bashorat qilib: “Sening kelajaging, albatta, porloq bo‘ladi”, degandi. Ustozlardagi ishonch uni katta sahna maydoni sari undadi. O‘z hujjatlarini 1954 yil Toshkent Davlat san’at institutining aktyorlik fakultetiga topshiradi. Bu dargohda “aktyorlik mahorati” konkursidan uni san’at darg‘alari, O‘zbekiston xalq artistlari Razzoq Hamroyev, Yetim Bobojonov va Nazira Aliyevalar imtihon qilishadi. Ilk qadamlarini zo‘r qiziqish bilan qabul qilgan ustozlar unga oq yo‘l tilashadi. Taqdirning tuhfasini qarangki, bu davrda Rozaxon opa ham o‘z hujjatlarini shu yerga topshirib, katta ball bilan ular ham talabalikka qabul qilinadilar. Muhabbatning ilk qissasi ana shu yerda boshlangan edi aslida:
Kunlarning birida talabalarning “O‘quv teatri”da Amerika yozuvchisi Mark Tvennning “Tom Soyerning boshidan kechirganlari” asari asosida spektakl sahnalashtiriladi. Tom Soyer roli Ergash Karimovga, Bekki degan qizcha roli esa Roza Karimovaga beriladi. Kim bilsin, balkim o‘sha lahzalarda ikkala san’atkorning “yulduzli onlar”i boshlangandir, ehtimol. Balki o‘sha “onlar” ularning ham hayotdagi, ham sahnadagi taqdirlari birga bo‘lishiga ishora bo‘lgandir. Ammo ularning ota-onalari har ikki tomon ham bunga qarshi bo‘lishgan. Katta qarama-qarshiliklar bilan bo‘lsa ham, 1958 yil 4 avgust kuni ularning nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tadi. ZAGS ga trolleybusda borib kelishadi. Va albatta Fuzuliy hazratlari aytganlaridek : “Tikansiz gul, sadafsiz dur, riyozatsiz hunar bo‘lmas, Riyozat chekmaguncha yor vasliga yetib bo‘lmas”.
Roza Karimova hikoyasi:
“Ergash akam bilan birga o‘qiganmiz. Qiyinchilik bilan o‘qishni bitirdik. U kishi guruhimizdagi eng sabrli, qobiliyatli, a’lo baholarga o‘qiydigan, shu bilan birga, juda kamgap yigit edi. Obid Yunusov, Hasan Yo‘ldoshev, To‘ti Yusupova bizdan yuqori kursda o‘qishardi. Har tanaffusda Obid Yunusov bir guruh bolalar bilan bizning xonaga kelardi. Ergash akam yosh laborant va domlalarning qiliqlarini o‘xshatib, parodiya qilib hammani kuldirardi.
1958 yili o‘qishni bitirganimizdan keyin bizni Surxondaryo viloyat teatriga ishga jo‘natishdi. Shu yili oila qurdik. Termizda bir yil ishladik. Bizni bayramlarda uchrashuvlarga jo‘natishardi. Ko‘pincha, musiqiy spektakllar uyushtirganmiz. Chunki drama janridan odamlar zerikib qolishar, “hadeb gap bo‘laveradimi, ashulayam bo‘lsin”, deyishardi. Men ashula aytardim. Kechalari konsertga ketaman, Hadya Yusupovaning “Namoyon qil” qo‘shig‘ini, Tamaraxonimning mashhur ashulalarini kuylardim. Yarim kecha soat to‘rtda kelamanmi, uchda kelamanmi, Ergash akam uxlamay kutib o‘tirardi. U kishi san’atkor bo‘lganlari uchun ham meni tushungan. Boshqa bo‘lsa, ko‘narmidi… Bir yil ishlaganimizdan keyin Ergash akamni radioga taklif qilishdi. Juda kirishimli, odamshavanda inson bo‘lganliklari uchun ham hammani o‘zlaridek yaxshi, deb o‘ylardi. Qayerga bormasin, do‘st orttirardi».
Eng qizig‘i shundaki, ularning to‘ylari taniqli kulgu ustasi Hasan Yo‘ldoshev va uning turmush o‘rtog‘i Nurxon opalarning to‘yi bilan birga bir kunga to‘g‘ri kelgan. Yana ham qizig‘i, ular, ya’ni kelinkuyovlar bir-birlarinikiga borib tabriklab kelishgan. Taqdirning g‘aroyibligini qarangki, har ikki oila ham avvaliga o‘g‘il, keyiniga qiz farzandli bo‘lishadi. Ma’lum bo‘lishicha, Ergash Karimov o‘sha yillari goh Yosh tomoshabinlar teatri, gohida Muqimiy va boshqa teatr sahnalarida spektakllarda qatnashib, epizodik rollar ijro etganlar. “Oq nilufar” spektaklida kursdoshi Hasan Yuldoshev semiz jallod rolini ijro etgan bo‘lsa, Ergash Karimov ozg‘in jallod rolini ijro etgan ekanlar. Tomoshabinlar har ikki san’atkorning chiqishlarini olqishlar bilan kutib olishgan ekan o‘shanda.
Roza Karimova xikoyasini davom ettiradilar:
“Toshkentga televideniyega ishga keldik. Men bolalar bilan bo‘lib, uyda o‘tirdim. Ergash akam televideniyaga kelmasidan ilgari ham postanovkalarda bosh rollarni o‘ynardi. O‘sha davrda televideniyeda “Yoshlik” studiyasi ish boshladi. Elbek Musayev bilan ko‘plab sahifalar ochishdi. Bundan tashqari, yozuvchi Jonrid Abdullaxonov bilan Ergash akam ham aktyor, ham jurnalist sifatida ishladi. Elbek aka bilan yoshlar hayotini, salbiy xarakterli talabalar haqida bir qator ko‘rsatuvlar qila boshladi. Shu orada Ergash akam satira-yumor sahifasini ochdi. Ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Bu sahifa televizion miniatyuralar teatrining boshlang‘ich shakli edi. Ko‘rsatuv xalqqa shu darajada yoqdiki, maktublar oqib kela boshladi. Tomoshabinlarning talablarini inobatga olib, ko‘rsatuv haftada ikki marta beriladigan bo‘ldi”.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmaddan tortib Elbek Musayev, Ne’mat Aminov, Farhod Musajonov, Mirabbos Mirzaahmedov, Hasan Yuldoshev, Ortiq Yusupov kabilar bu dasturga jonkuyarlik qilar edilar.
San’atimiz darg‘asi Razzoq Hamroyev ularning ijrolarini ko‘rib shunday ta’rif bergan ekanlar: “Millionlab muxlislarga ega teleekranning mahoratli sahna ustalari”.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning “Oliq-soliq” miniatyurasini bir esga olaylik: – Bu mitti asarda darg‘alarimiz Gʻani A’zamov, Soyib Xo‘jayev, Omina Fayozova, Baxtiyor Ixtiyorov singari taniqli kulgu ustalari bilan rol ijro etganlar. Bo‘lajak to‘y maslahati. Quda buva rolida Ergash Karimov. Deyarli hamma gapiradi. Ammo quda bo‘lmish sukunatda. Bu so‘zsiz monolog bag‘ridagi bomba endi portlash arafasida. Va nihoyat kutilmagan holat. Ana shunday betakror ijro xalq ko‘nglidan chuqur joy oldi. Bugun
mana shu sahnani necha marotaba qayta-qayta ko‘rsa ham bu tomoshabinning me’dasiga tegmaydi.
Tom ma’nodagi professionalizm mana shu bo‘ladi aslida. Ustoz bir jumlani tez-tez qaytarib turar edilar : – “Odamning yoshi, hayot tajribasi, qancha yil ishlagani-yu, ishlayotgani ikkinchi darajali. Mahoratni hammadan o‘rganish mumkin. Yoshmi, keksami farqi yo‘q”. To‘g‘risi, mana shu gaplari o‘zini yulduz sanab, atigi bir-ikki chiqishi bilan tanilib, bosartusarini bilolmayotgan yoshlar uchun saboq bo‘lsa ajab emas. “Hamma kulgu ustalarini o‘zimga ustoz deb bilaman. O‘rganish yoki o‘rgatish yosh taila – maydi. Agar yaxshi jihatlari bo‘lsa, Mirza Xolmedovu Hojiboy Tojiboyevdan ham, shogirdim Sherali Hojiyevlardan ham o‘rganaveraman” – ushbu so‘zlarni nafaqat san’at, balki har bir ishning boshini tutayotgan inson uchun o‘z yon daftariga yozib qo‘yiladigan so‘zlar emasmi aslida. Ijodkor aslida kayfiyat farzandi. Mana shunday lahzalar, albatta, uning sog‘ligiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Lekin bu davrda “Nashtar” kinojurnali, “ Tabassum” radiojurnallari baribir faoliyat yuritayotgan paytlar edi. Xalq o‘z asl farzandlarini har qanday lahzalarda ham ko‘ngli to‘rida avaylab asrashni biladi. Ular endilikda radioefirlari orqali ham o‘z sevimli aktyorlarini tinglashar edi. Ergash Karimovni yaqindan bilganlar e’tirof etishsa kerak, ular hayotda o‘ta jiddiy va mulohazali inson bo‘lganlar. Hattoki ularga savol berishganda ular shunday javob qilgan ekanlar: – “Hayotning o‘zi jiddiy narsa. Shuning uchun ham komik aktyorga bachkanalik, maynavozchilik, mahmadonagarchilik yarashmaydi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Charli Chaplin, Arkadiy Raykin, Nabi Rahimov, Yusufjon qiziqlarga doim tirjayib yurish yarashadimi? Yo‘q, albatta. To‘g‘ri, ular ham turli qiyofalarda chiqishgan, turli kulgili holatlarga kirishgan, harakatlar qilishgan. Ammo me’yori bilan. Hamma narsada ham me’yor bo‘lgani ma’qul”.
…Albatta, bir necha soatlar va daqiqalar mobaynida butun boshli bir insonning yoki san’at darg‘asining hayot yo‘lini yoritish amri mahol. Inchunun, biz ham ular hayotidagi eng asosiy nuqta yoki shtrixlarga molik jihatlariga to‘xtalib o‘tdik. Zamonlar o‘tib ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodlar ichida “Uchrashuv” yoki “Oliq-soliq” yoinki “Shum bola” filmidagi domla ijrosidagi aktyor kim degan savolga, “U bizning “Teleminiatyuralar teatri”ning betakror san’atkori Ergash Karimov bo‘ladi aslida. Biz bu inson bilan zamondosh bo‘lganmiz, bitta osmon ostida nafas olganmiz deb faxrlansa ajabmas”. Bizni tomosha qilib turgan muxlislar orasida “Ha, endi yozuvchilar yozgandan keyin rolini ijro etadi-da. Artistning vazifasi shu-da endi”, deguvchilar ham ming afsuski, topiladi. Lekin bu siz o‘ylaganchalik osonmas aslida. To‘g‘ri, yozuvchilar ularni qog‘oz sahifalariga terib, ularga taqdim etadilar. Ammo eng og‘ir yumush unga tom ma’noda jon bag‘ishlash. Bu aktyor ijrosi bilan shu asar yo ko‘kka ko‘tariladi yoki tag-tubi bilan yo‘qolib ketadi. Mana sizga chinakam mahorat va professionalizm. Mana shunday ajoyib saodatni taqdir ikki betakror juftlik – Ergash Karimov va Roza Karimovalarga bergan edi. O‘zbek san’ati darg‘asining qoldirgan izlari manguga muxrlangan bo‘lishini istab qolamiz.
“Eng chiroyli juftlik”
O‘sha paytda men “Ikki tiyin” degan intermediyada bosh rolni o‘ynadim va bu juda mashhur bo‘lib ketdi. Ergash aka bilan o‘ynaganrollarimiz hammaga ma’qul bo‘lardi. Chunki repetisiyadan tashqari uyda ham ikkalamiz maslahatlashib, syujetlarni to‘ldirib ishlardik. “Ikki tiyin”da ham o‘zimning hayotimdan olingan voqealar ko‘p. Shu mashhur spektaklni Zulfiya opa ko‘rib, rahbarimiz Ubay Burhonovga qo‘ng‘iroq qilibdi: “Bu aktrisa kim, qaysi teatrda ishlaydi?” deb so‘rabdi. Ubay aka: “O‘zimizning aktrisa, Ergashning ayoli”, degan. Shunda Zulfiya opa “Ikkalasi doim birga rol o‘ynasin, xalqqa juda yoqadi”, debdi. Shundan keyin bizni chaqirtirib, uchrashuv qilishdi. “Saodat” jurnalida biz haqimizda ikki betli maqola suratlarimiz bilan chiqdi. Hali ham shu jurnalni saqlab qo‘yganman. Oxirida Zulfiya opa bizga oq fotiha berib, ijodda ham birga bo‘linglar, deb duo qildi. Ungacha bizning birga rol o‘ynashimiz turli gap-so‘zlarga, ikkilanishlarga sabab bo‘layotgandi. “Nega Ergash faqat xotini bilan chiqaveradi, boshqa aktyorlar bilan o‘ynasin”, kabi. Zulfiya opa rahbarimizga qo‘ng‘iroq qilib, ikkalasi birga chiqsin, bu teatringiz uchun ham yaxshi, degach, gaplar tindi. Ergash aka o‘zbek kulgi san’atiga miniatyuralar teatri janrini olib kirdi va shu maktabni yaratdi. Xullas, yozuvchilar yozdi, biz o‘ynadik. U kishi uchun miniatyura eng birinchi o‘rinda turardi. Xalq nimani qanday qabul qilishini nafaqat bilardi, balki ichki bir tuyg‘u bilan sezardi. Har bir miniatyura joni dili edi. Oilaviy chiqishimizga ham juda qattiq turganlar.
“Men faqat oilam bilan chiqaman. Negaki, miniatyuralar teatri oilaviy ko‘riladigan ko‘rsatuv. Aktyor bugun bittasi bilan chiqsa, ertaga ikkinchisi bilan chiqsa, tomoshabinning ixlosi qaytadi. Oilaviy chiqish esa tomoshabinning ishonchini orttiradi, degan edi. Rahbarimiz Ubay Burhonov ham bu ishga juda jiddiy qarardi, teatrimizni yaxshi ko‘rardi. U kishi ishdan ketgandan keyin boshqa rahbarlar keldi… Miniatyuralar teatri qattiq qarshiliklarga uchradi, tarqab ham ketdi…
Miniatyuralar qayta tiklandi va tarqatildi. Keyin yana rahbarlarimiz uzgardi. Yurtboshimiz rahbarimizdan miniatyuralar teatrini qayta tiklay olasizmi, deb so‘rabdi. Shundan keyin ikki oy ichida mualliflar jalb qilinib, teatrni oyoqqa turg‘izishdi va miniatyuralar yana 3 yil ekranga chiqdi. Keyin adabiy-dramatik eshittirishlar bo‘limiga yana bir badiiy rahbar keldi… Keyin biz haj safariga ketdik, qaytib kelganimiz zahoti Ergash akamni rahbariyat chaqirtirib, ishni eplay olmayotganlikda ayblab, “miniatyuralaringizni tarqatamiz, baribir hech foyda keltirmayapti”, dedi. Umrini miniatyuralar maktabiga bag‘ishlagan odam bu gaplarni ko‘tarolmaydi. Insult kasaliga zamin o‘shanda qo‘yilgan, deb o‘ylayman. Shundan keyin Ergash akamning o‘rniga odam qidira boshlashdi. Xullas, teatr yana ish boshladi. Miniatyura teatri maktabini yaratgan odamni ishdan chetlatib, hatto maslahatlarga ham chaqirmay qo‘yishdi. Ergash akam chaqirishlarini rosa kutgandi… O‘rta Osiyoda miniatyuralar teatri bo‘lmagan. Ergash akam butun bir satirik-yumorist yozuvchilarning boshini birlashtirib, o‘z ortidan ergashtira olgan insondir. O‘zbek san’atining barcha komik aktyorlari – Baxtiyor Ixtiyorov, Husan Sharipov, Hasan Yo‘ldoshev, Xayrulla Sa’dullayev — biz bitta ansambl edik. Hamkasblari Ergash akamni hatto mendan ham qizg‘anishardi.
Farzandlar
Bir o‘g‘il, bir qizimiz bor. O‘g‘lim biz bexabar,o‘rtoqlarining to‘ylariga boshlovchilik qilarkan. Baxtiyor Ixtiyorov to‘yga borsa, o‘g‘lim o‘sha to‘yni olib borayotgan emish. Lekin san’at yo‘lidan ketmadi. O‘g‘lim xorijiy qo‘shma korxonada bosh direktor. O‘g‘limning shunchalik obro‘ e’tiborli bo‘lib yurishida kelinimning ham hissasi katta. Vaqtida ish deb nevaralarimni katta qilishda kelinimga yordam berolmaganimdan afsuslanaman. Kelinim san’atshunoslik institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlaydi. Qizim shifokor. To‘rt nevara, ikki nafar evaramiz bor.
Armonlar
Afsuski, hayot hech kimning boshini silagan emas. Hamma narsaga nina bilan yer qazigandek erishiladi. Armonlarim ushalgan deb ayta olaman, qayerga bormay hamma meni taniydi. Hozir televideniyedan uzoqda bo‘lsak ham, bizni eslashadi. O‘z vaqtida qilingan mehnat hamon mevasini beryapti. Ko‘rsatuvlarimiz efirga berilyapti. Televideniyening hozirgi rahbarlariga buning uchun minnatdorchilik bildiraman. Mehnatimizni yo‘qqa chiqarmoqchi bo‘lganlar, maqsadiga erisholmadi. Katta mashhurlik ham to‘qnashuvlar bilan bo‘ladi. Armonim yo‘q, Ergash akamdan miniatyuralar maktabi qoldi.
Muhabbat Atoning “So‘nmas yulduzlar” kitobidan.
Nasriddin Asriddinov sahifasidan olindi.