DURGA AYLANGAN KO‘NGIL

“Sevmas sadafni hech kim durdona bo‘lmaguncha”… Devonai Mashrabning shu satrlari yodimga tushdi. Zero, oshiqlikning zahmatlarini undan o‘zgasi ko‘tara olmaydi. Nurxonbegimning bitiklarini qachon o‘qisam, uning she’riy qahramoni chin dildan sevib, ishq uqubatidan durdonaga aylanibdi,deb o‘ylayman. Endi dunyo uning uchun turli qiyofalarda ko‘rinayapti. Har bir og‘och, har bir gul, tabiat manzarasida ishq suvratini ko‘rayapti. Shu suvratgina uni nafas oldirayapti, yashatayapti. Chunki oshiq qalbining eshigi o‘zi sevgan insonning ko‘ngil uyi tomon ochilgan. Bor hayajon, insoniy iztirob va kechinmalar ana shu chegarada kechayapti. Shoiramizning ijodidagi o‘ziga xos ohang, xalqonalik she’rlarining ta’sirini
oshirgan.
Haqiqiy ijod kishisi chor atrofdagi va yuragida kechayotgan har bir holat va jarayondan ta’sirlanib yashaydi. Tabiiyki, ijod bu ana shu ta’sirlar, kayfiyatlar mahsulidir. Nurxonimning ijodida kuchli sarkazm, epik kayfiyat sezilib turibdi. She’rlarda ishlatilgan tashbehlar tubida hayotiy tajribalar, qalb kechinmalari mushohadasi bilan birga insonning o‘z-o‘zi bilan suhbati yashiringan. Ko‘p qatlamli tashbehlar epik tafakkurga yo‘l ochadi. Biz o‘rganib qolgan, munisgina qalbning qiyofasida ulkan bir isyonlar yashaydi. Nazarimda, ushbu she’rlar muallif qalbdagi chuqur vulqonlardan, olamni anglashdagi baland sezimlardan darak. Nurxonbegimga ijodda bardavom bo‘lishini tilab qolaman. Chunki sevmoqning hududi yo‘qdir, ammo insonning go‘zal tuyg‘ulari sayqal topishi uchun hamisha ham qulay ijodiy muhit tug‘ilavermaydi. Bu juda kamyob holat. Ijodkor singlimga tuyg‘ular serqatlamligi va kechinmalar rang barangligi, ilhom qudrati ila ijod
qilishdan aslo to‘xtamang, degim keladi.
Gulandom Tog‘ayeva,
filologiya fanlari nomzodi,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

NURXON ELMIRZAYEVADAN GO‘ZAL KO‘NGIL DURDONALARI
*
Kuz iztiroblari
(Turkumdan)
Sen ketgan yo‘llarni xazonlar bosdi,
Qorlar, yomg‘irlar, so‘ngra saraton.
Va yana xazonlar… mening dilimni
Qop-qora gumonlar cho‘lg‘adi yomon.
Sen ketgan yo‘llarda yig‘ladi sog‘inch,
Xazonlar ustiga armonlar tomdi.
Xotirangdan o‘zga topolmay ovunch,
Qalbim hijronlarda qovrildi, yondi.
Sening nigohingdan jonlanar edim,
Yasharar edim men qarashlaringda.
Hatto, o‘zing sezmas ishqni tuyardim,
Bugun ado bo‘ldim talashlaringda.
Kel, jonim, yonimga uchib kel tezroq,
Meni do‘zaxlardan olmoq uchun kel.
Yo‘lingga ginalar solmasin tuzoq,
Kelajakni tutib qolmoq uchun kel.
Men esa, yoningda yashayin yana,
Gul bo‘lay, ko‘karay, xandon etaylik.
Ayriliq, azoblar bo‘lsin begona
Hijronni o‘tmishga zindon etaylik.
Kuylaylik muhabbat kuyin baralla,
Eng so‘nggi dardgacha jo‘shib aytaylik
Qolmasin dillarda gumonlar zarra,
Mayli, yolg‘onni ham qo‘shib aytaylik.
Faqat, tezroq kelgin ertaga qo‘ymay,
Ishqingga tumanlar o‘zin osmasin.
Qara, tugayapti so‘nggi saraton,
Yana bog‘imizni xazon bosmasin.
Yo‘llar
Shu yo‘llar yaqin bo‘lsayu
Yurib-yurib tolsa oyoqlar,
Ammo yurakkinang tolmasa!
Shu yo‘llarda do‘stlar, yaxshilar
Uchrab qolsa bo‘lsang shod, shodon
Va o‘sha kun botmasa sira.
Diydoriga to‘ysang sirlashib,
Shiviringga yaproqlar guvoh
Bo‘lsa faqat, lek dushman emas!
Shu yo‘llarda yaxshilik tuysang,
Tuysang ezgu, go‘zal hislarni…
Bu lahzaga rashk qilsa osmon
Va yig‘lasa uvvosin solib.
Soyabonni topolmay qolsang
Va otilsang pinjiga do‘stning!
Bunday serzavq, go‘zal pallada
Tuysang faqat diydorning ta’min!
****
Kelgan edim
Nigohingni nurlatgani kelgan edim,
Xayolingni hurlatgani kelgan edim,
Yuragingni gurlatgani kelgan edim,
Kelgan edim barchasini dilga tugib,
Vah, g‘animlar yo‘l boshida qo‘ydi yiqib.
Ko‘zni yumsam vujudimda yolqin eding,
Goho otash eding, goho salqin eding,
Quyosh eding, ko‘kdagisi talqin edi,
Shu quyoshni qo‘ygan edim bilmay yutib,
Vah, g‘animlar yo‘l boshida qo‘ydi yiqib.
Endi aning olovlari qalbim yoqar,
Gunohkori o‘zingsan deb kunda chaqar,
Yo meni kul qilgaydir yo tanda oqar,
Kul bo‘lmakka roziydim gulxanda yoqib,
Vah, g‘animlar yo‘l boshida qo‘ydi yiqib.
Holimga boq, na gulxan, na tutundirman,
Na kundaman va yoki na o‘tindirman,
Anglaganim, faqat sen-la butundirman,
Butun bo‘lmay bo‘laklarda ketdim yitib,
Vah, g‘animlar yo‘l boshida qo‘ydi yiqib.
Mashrab aytgan kuyni kuylab borodurman,
O‘z-o‘zimga yig‘lab, so‘ylab borodurman,
Yorilsam ham Xudoyimga yorodurman,
U yo‘lgacha chok-chok ko‘nglim titib-titib,
Vah, g‘animlar yo‘l boshida qo‘ydi yiqib.
Sog‘insang gar sharros yoqqan yomg‘ir menman,
Navoman men, ko‘ngling bosgan chog‘ir menman,
Tog‘larga boq, dardi undan og‘ir – menman,
Og‘ir boshim yelkang uzra borar ketib,
Vah, g‘animlar yo‘l boshida qo‘ydi yiqib.
Nigohingni nurlatgali kelgan edim…
*****
Quchog‘imni keng ochdim – kengdan keng iz qoladi,
Torga tordir bu dunyo, o‘zi yolg‘iz qoladi.
Dedilar: «Hoy hushyor bo‘l, bir kun tashvish qoladi.
Dedim: «Buyurmish Tangrim: Ummon bo‘l, bo‘lma to‘lqin,
To‘lqinlar kelib ketar, faqat dengiz qoladi».
O‘z tinchini ep bilib, bekingan kimga kerak,
Qo‘l uzatsang tutolmay, tepingan kimga kerak,
Kuz kelganda bel bog‘lab, ekingan kimga kerak,
Ekolsang bahorda ek, hosilli kuz qoladi,
To‘lqinlar kelib-ketar, faqat dengiz qoladi.
Qaqragan har zaminga yomg‘irdayin darkor bo‘l,
Qaqshagan har mazlumga malham bo‘lgin, mador bo‘l,
Qo‘shning yotsa beorom, qo‘shilib sen bedor bo‘l,
Evaziga mahsharda jannat qarshi oladi,
To‘lqinlar kelib-ketar, faqat dengiz qoladi.
Kaftingni donga to‘ldir, qornin to‘yg‘azsin qushlar,
Ajratmagin qarg‘ami va yoki bulbul, xushla.
Ko‘zni yumgin, ko‘rmagin kimlar noningni tishlar,
Yo‘qsa shayton gij-gijlar, savobing oz qoladi,
To‘lqinlar kelib ketar, faqat dengiz qoladi.
Tinchim tinch bo‘lmadi hech, shundan quvonch, baxt topdim,
Yomg‘ir bo‘lib, qaqragan ko‘ngillar sari chopdim,
Kaftimdan kim beozor, kim cho‘qib rohat topdi,
Ko‘zni yumdim – kimlardir yuzga tarsak soladi,
To‘lqinlar kelib-ketar, faqat dengiz qoladi.
Zor dillarni hammadan ortiq suygan, o‘shaman,
Ohlariga jonimni qalab qo‘ygan, o‘shaman,
Bir dodiga bag‘rimni ming bor o‘ygan o‘shaman,
O‘zgalarni sevmasam mendan ne iz qoladi,
To‘lqinlar kelib ketar, faqat dengiz qoladi.
Dema Nurxon, charchadim dengiz bo‘lmoq osonmas,
Birov tosh otib ketar, yo baqirar – mezonmas,
Javohiring terishib, pullasharlar arzonmas,
Olsa olsin bemalol, borki kimdir oladi,
To‘lqinlar kelib ketar, faqat dengiz qoladi!
Tangrim o‘zing siylading, bag‘rim hikmatga to‘ldir,
Sukunatim sen uchun, mayli zulmatga to‘ldir,
Sassiz munojot aylay, shovqinim o‘zing o‘ldir,
Yo‘qsa mening to‘lqindan nima farqim qoladi,
To‘lqinlar kelib-ketar, faqat dengiz qoladi!
Nurxon Elmirzayeva