MALOHAT MIRZAYEVA
ijodi haqida
Inson qalbida son-sanoqsiz kechinmalar va savollar bor. O‘z navbatida o‘zaro munosabatlarning biz ilg‘ab yetmagan nozikligi bor. Eng asosiysi, bu munosabatlarni faqat Allohdan kelgan amr bilangina isloh qilish mumkin. Ammo ijod ahli o‘z holatlarini izhor qilish asnosida dunyoni o‘zgartirish fikridan aslo qaytmaydilar. Lekin rostdan ham bir kun mu’jiza yaraladi. Nimalardir o‘zgaradi. Malohat Mirzayevaning ijodi ana shu o‘lmas mavzularning ajib talqini degim keladi.
Shoiramiz she’rlarida ajoyib kechinmalarni bog‘laydiki, endi uning hayotida juda ko‘p teran bilgilar aniq-ravshan bo‘lib, bo‘y ko‘rsatibdi. Endi shoirlik falsafasi o‘zini tanish maydoniga aylandi. O‘tayotgan umr iqlimi o‘zligini, tuyg‘ularini baholash fasliga almashdi.
Malohat Mirzayeva ijodida o‘zigaxos mayinlik, til boyligi, badiiy detallarga boylik, kuchli hayotiy tajriba ko‘zga tashlanib turadi. Keyingi paytlarda shoira she’riy nafasida yangilikka intilish,o‘zgacha badiiy tashbehlar topish havasi kuchaygani seziladi.Agar qalam egasi bu yo‘lning zahmatlariga chiday olsa,albatta ijodda yuksalish bo‘ladi.
Shu bois o‘z ustingizda ishlashni aslo to‘xtatmang, zero,she’r azobi ishq azobidan ko‘p ham farq qilmaydi. Sizdan bundan keyin nodir topilmalar, ajib tashbehlar ila bitilgan holatlar kitobini o‘qiymiz, deb umid qilamiz. Zero, bunga iloji yetadigan ishqparast shoirasiz, qadrdonim! Shu o‘rinda shoir Shavkat Rahmonning ushbu satrlarini keltirmoqchiman:
“She’r buyuk sevinchdan yoki buyuk fojiadan dunyoga keladi, tanholikda yaraladi, tanholikda o‘qiladi.” Sizning ijodingizda ana shu nekbin tuyg‘ular,olam va odam dardini chuqur his qilish hissi ustivor.Istaymanki,
mahorat va badiiy bilimlaringizni tinmay oshirib borib, o‘z yo‘li va o‘z uslubiga ega ijodkor maqomiga albatta erishasiz.Bu yo‘lda Sizga ulkan omadlar tilayman!
Gulandom Tog‘ayeva,
filologiya fanlari nomzodi
Alangaman, otashman,
Bir zamonlar suydirgan,
Yorongulday nozlanib husnim bilan kuydirgan.
Sizni deya toshlarda ungan o‘sha maysaman,
Siz o‘shasiz, ilkimni yolg‘on bilan to‘ydirgan.
Ko‘kka boqib izlayman bulutlardan aksingiz,
Sho‘r ko‘z yoshim quyilsa toshardi daryo, dengiz.
Sog‘inchlardan sitilgan jonga qildim jabr deb,
Nahotki, nadomat-la ezilmasmi bag‘ringiz.
Kuzning g‘amgin poyiga ishq yoyibdi poyandoz,
Xazonlarda suratim ko‘rdim horg‘in, bepardoz.
To‘zim tilay jonimga, g‘amim yeyar kimim bor,
Sabr qilsam umrimga kelar bahor, kelar yoz.
Qaro tunlar malakday tushingizga kirdim men,
Dilda tug‘yon,
Sezdirmay sokingina yurdim men.
Sahroda yomg‘ir kutib qovjiragan chechakman,
Sizni deya umrimni armonlarga qordim men.
Dastaladim gullarni ishq bog‘idan o‘zimga,
Sizni ko‘rsam, bu dunyo joylanardi ko‘zimga.
Mehringizga zor bo‘lib qayrildi-ku ko‘kayim,
Boqmadim, necha izhor uvol bo‘ldi izimda.
Sarg‘aymagan hislarim, g‘unchalaydi urib nish,
Ko‘nglim yayratar hali muhabbat qilib xonish,
Yengilmayman armonga, kuchlidirman, Harqalay,
Toshni yorgan maysaman, nima bo‘pti kuzu qish!
Alangaman, otashman…
ISHQING DEYA
Sening ishqing deya oqqanda qonim,
Tunim oydin edi,
Tonglarim tiniq.
Visol nash’asidan totganda,
Jonim,
So‘zlaring bol edi, nigohing iliq.
Bo‘ynimdan sitilib ketdi munchog‘im,
Kulbamga sig‘mayman,
Yurak bo‘m-bo‘shday.
Bag‘rim yerga berib yotipman,
Jonim,
Qanotlari singan mayib oqqushday.
Dilimni og‘ritding,
Edim begunoh,
Ranjim ilg‘amading xumor ko‘zimdan.
Qizg‘anding mehringni,
Men esa gumroh,
Seni deb kechibman hatto o‘zimdan.
Gulxan bo‘lib yondim, kul bo‘ldim kuyib,
Ozorli yo‘llarda yiqildim toyib,
Tunda yig‘lardimu men to‘yib-to‘yib,
Tongda uyg‘onardim yana jilmayib.
Ishqim uvol bo‘ldi, ko‘zlarim basir,
Sabrim sig‘dirolmay darz ketdi kosa.
Oydan nur so‘radim,
Maysadan mehr,
Sendan tilamadim ammo, hech narsa.
Muzning o‘tmishi suv, keyini ham suv,
Hissiz oqaverar,
Yo‘qdir harorat.
Endi tushlarimga kirar bir suluv,
Sochlari parishon telba Muhabbat.
16.07.2020.
…….
Mahzun dilginamning diydasi qotdi,
Seni ko‘rgim kelmas tushlarimda ham.
Adog‘siz yolg‘oning yurakka botdi,
Sendan topganimku g‘ussayu sitam.
Shu sovuq simlarda qotsin ovozing,
Eshitgim kelmaydi, yetar afsona.
Ertakdagi gumroh malika o‘zim,
O‘zim ko‘zi o‘yiq mujrim – devona.
Umrimni hisoblar ozorta’b soat,
Go‘yoki, har zarbi yurakka tushar.
Zarbiga dosh bergum,,
Bas!
Qilmam toqat,
Ertak tinglab, umrim o‘tsa besamar.
Izlaringni qumsab bog‘ tomon yurdim,
Shudring yuzlarimni siypalab qo‘ydi.
Yaproqlar yuzida men seni ko‘rdim,
Xirgoyi qilarding ajoyib kuyni.
Shaftoli shoxiga ro‘molim osdim,
Yaproqlarga shaydo chaqnadi ko‘zim.
Sarxush gullarni men bag‘rimga bosdim,
- Men baxtliman, dedim o‘zimga o‘zim.
Men baxtlimanmi?
Norozi bir ingroq turdi yurakda…
SHE’RIYAT
Bu shunday mamlakat!
Dardu hislarim,
Qatralab tomchilar dildan qog‘ozga.
Har satriga nurin berar ko‘zlarim,
Qalamim o‘xshaydi epchil dorbozga.
Bu shunday mamlakat!
Bug‘zimda yig‘i,
Gohida labimda siniq tabassum.
Goh, beayov yaralar dilni so‘z tig‘i,
So‘ng…
She’r tug‘iladi og‘riqli, ma’sum.
Bu shunday mamlakat!
Qo‘ysang jilmayib,
Kuy bo‘lib yangragay aksu sadosi.
Dard cheksang yoshlaring ko‘zni kuydirib,
Bo‘g‘zingni chaqinday tilar safosi.
Bu shunday mamlakat!
Qish, bahorini,
Birdek sevdim, oqin suvida oqdim.
Oxiri, ko‘nglimning dard ohorini,
Yuragim silkitib qog‘ozga qoqdim.
Bu shunday mamlakat!
Gohida xushhol,
Gohida devona izg‘iysan sarson.
Ba’zida yashaysan uning ilkida,
Ba’zan har nafasda beradirsan jon.
Bu shunday mamlakat!
To‘lg‘onib hislar,
Telba qilib qo‘yar dalli ko‘nglingni.
Goho kamalakrang sirli tuyg‘ular
Nur bilan bezaydi o‘ngu so‘lingni.
Bu shunday mamlakat!
Bedor har tuni,
Yulduzi hislaring, oyi muhabbat,
Shundayin o‘lka-ki, berib shu jonni,
Ruhimni poyiga to‘shayin abad!
She’riyat…
Malohat MIRZAYEVA