Tibbiyot institutida o‘qiydigan bir talaba yigit do‘stlari bilan fakultet oldida turgan edi. Shu payt bir notanish mashina boshqaruvni yo‘qotib, katta tezlikda kelib, yigitni turtib yubordi. Mashina shuncha do‘stlar ichida aynan shu yigitnigina tanlab turtgandek edi, chunki bu halokatdan undan boshqa hech kim lat yemadi. Uni tezda institut klinikasiga olib borishdi. Uni tekshirgan doktorlar buyragidan qon kelayotganini va qon kelayotgan buyrak darhol olib tashlanmasa, o‘limga sabab bo‘lishini aniqlashdi. Shu zahoti talaba yigitga holatni tushuntirishdi. Uning oldida ikki yo‘l turar edi. Yo amaliyotni tanlab, bir buyragidan voz kechish, yo shu holatda qolib, o‘lim xavfini bo‘yniga olish. Shifokorning tavsiyasiga ko‘ra u amaliyotni tanladi. Uning lat yegan buyragini olib tashlashdi. Oradan bir necha kun o‘tdi. Yigit biroz o‘ziga keldi. U xonasida g‘amgin o‘tirgan edi, amaliyotni o‘tkazgan doktor qandaydir tushunarsiz tabassum bilan xonaga kirib keldi-da, salom alikdan so‘ng yigitga «Sen taqdir, qazoi qadar degan narsani eshitganmisan?» dedi.
Yigit: «Ha, doktor, eshitganman», dedi. Shunda doktor unga shunday dedi: «Ochig‘i, men ham bu haqda ko‘p eshitardim, lekin hech ko‘rmagan edim. Lat yegan buyragingni olganimizda uning ichida qandaydir boshqacha to‘qima borligini payqadim. Amaliyot yaxshi kechdi, lekin o‘sha to‘qimaning nima ekanini aniqlash uchun buyragingni laboratoriyaga jo‘natdim. Oradan biroz o‘tib, javob keldi. Qarasam, bu to‘qima saratonning ilk boshlanishi ekan. Tahlil natijalarini o‘rganib chiqsam, saratonning bu turi boshlang‘ich davrida bemorni aslo bezovta qilmas, uni faqatgina oxirgi bosqichidagina aniqlash mumkin ekan».
Talaba yigit: «Doktor, siz aytmoqchisizki, o‘sha mashina aynan meni, aynan shu a’zoimni tanlab urgan. Shundaymi?» dedi.
Doktor: «Ha, shunday. Buni tasodif deb o‘ylaysanmi?» dedi.
Talaba yigit: «Yo‘q, bu albatta taqdir. Allohning qazoi qadari. Allohga hamd bo‘lsin», dedi…
* * *
Agar banda Alloh uning ishlarini qanday tadbir qilishini bilganda edi, U Zot unga uning otasi-yu onasidan mehribon ekanini anglab yetgan bo‘lar edi.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday keladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga asirlar kelishdi. Asirlardan bir ayol bir go‘dakni ko‘rib, uni olib, bag‘riga bosdi va emiza ketdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalariga: «Nima deysizlar, mana shu ayol bolasini olovga tashlaydimi?» dedilar. «Yo‘q! Uni aslo tashlamaydi», deyishdi. Shunda u zot: «Batahqiq, Alloh O‘zining bandalariga buning bolasiga mehribonligidan ko‘ra rahmliroqdir», deganlar».
Robbim, bizdan rahmatingni darig‘ tutma!
GULI LOLA SAHIFASIDAN