Barchamizdan qolmish bu ko‘hna ravoq,
Barchamizga sevgi ulashmish dunyo.
Boshing uzra kulgan yulduzlarga boq,
Sen ham o‘tkinchisan deb qilar da’vo.
Oy sutday oq kecha. Boqurman Sizga,
Boqurman sizda aks etgan qalbimga.
Agar men o‘tkinchi bo‘lsam ne sabab
Dilim sizga tomon buncha talpingan?!
Boshim uzra kulgan bu sehru fuzun,
Bu yorqin yulduzlar nomingiz yodlar,
Agar men o‘tkinchi bo‘lsam ne uchun
Menga yog‘iladi samoviy xatlar….
Bir ozgina mahzun bo‘ldim, azizim,
Bir ozgina sevgi ko‘rsatdi kuchin.
Balki biz kelganmiz samo bag‘riga
Eng yorug‘ yulduzdek porlamoq uchun!…
Gulandom Tog‘ayeva