VATAN HAQIDA QO’SHIQ

Gulandom Tog‘ayeva so‘zi.
Gavhar Matchanova musiqasi.
Yagona ijrosida “Vatan” qo‘shig‘i.

Bag‘rim bersam yerlarga, qizg‘aldoqlar kuch olar.
Dardim aytsam yellarga, dardi yo‘qdan o‘ch olar.
Non oqizoq o‘ynagan ariqlarning bo‘yida,
Yurtim, seni kuyladim yalpizlarning tilida.

Karkas ro‘mol o‘ragan momolarim sevgan yurt.
Yetti iqlim so‘ragan bobolarim sevgan yurt!
Dushman kelsa palaxmon toshi otgan polvonim,
Baland tog‘lar boshida na’ra tortgan tarlonim!

To‘marisning qalbidan chiqqan cho‘g‘san, olovsan,
Kubrolarning qo‘lida qolgan tug‘san, yalovsan.
Barchinoylar ko‘ksida qolgan zebigardonim,
Olmosdan tarozu oz, senga O‘zbekistonim!

Baxtdan rang olgan shuur, nur tolasan, Vatanim,
Jaloliddin kezgan qir, shalolasan, Vatanim!
Xalqim, desa tanlari titrab turgan bu jonim,
Yurti uchun jon bergan misli Shiroq cho‘ponim,
Chingizlarning qo‘lida uzilgan dur-marjonim!

Yagonasan, olamda bo‘laylik hoki poying,
Sen-chinor, biz jilvirday yoningda oqqan soying.
Gʻanimni lol qilib o‘t, qaddini dol qilib o‘t,
Qalqondirmiz har nega-dushmanga o‘qu yoying.
Naqarot:
Qo‘lingni och duoga, shukrona ayt, to‘y uchun,
Tiniq osmon, tinch elga bayram uchun, kuy uchun.
Baxtdan rang olgan shuur, nur tolasan, Vatanim!
Bobolarim kezgan qir-shalolasan, Vatanim!…

Gulandom Tog‘ayeva.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibasi.

Leave a Reply

Your email address will not be published.