Gulandom Togʼaeva soʼzi.
Gavhar Matchanova musiqasi.
Yagona ijrosida “Vatan” qoʼshigʼi.
Bagʼrim bersam yerlarga, qizgʼaldoqlar kuch olar.
Dardim aytsam yellarga, dardi yoʼqdan oʼch olar.
Non oqizoq oʼynagan ariqlarning boʼyida,
Yurtim, seni kuyladim yalpizlarning tilida.
Karkas roʼmol oʼragan momolarim sevgan yurt.
Yetti iqlim soʼragan bobolarim sevgan yurt!
Dushman kelsa palaxmon toshi otgan polvonim,
Baland togʼlar boshida naʼra tortgan tarlonim!
Toʼmarisning qalbidan chiqqan choʼgʼsan, olovsan,
Kubrolarning qoʼlida qolgan tugʼsan, yalovsan.
Barchinoylar koʼksida qolgan zebigardonim,
Olmosdan tarozu oz, senga Oʼzbekistonim!
Baxtdan rang olgan shuur, nur tolasan, Vatanim,
Jaloliddin kezgan qir, shalolasan, Vatanim!
Xalqim, desa tanlari titrab turgan bu jonim,
Yurti uchun jon bergan misli Shiroq choʼponim,
Chingizlarning qoʼlida uzilgan dur-marjonim!
Yagonasan, olamda boʼlaylik hoki poying,
Sen-chinor, biz jilvirday yoningda oqqan soying.
Gʼanimni lol qilib oʼt, qaddini dol qilib oʼt,
Qalqondirmiz har nega-dushmanga oʼqu yoying.
Naqarot:
Qoʼlingni och duoga, shukrona ayt, toʼy uchun,
Tiniq osmon, tinch elga bayram uchun, kuy uchun.
Baxtdan rang olgan shuur, nur tolasan, Vatanim!
Bobolarim kezgan qir-shalolasan, Vatanim!…
Gulandom Togʼaeva.
Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Shuhrat” medali sohibasi.