SEN UCHUN

 

I
Hayotim tarhini chizding qaytadan,
Sen-nursan, arziydi osmonni quchsang.
Аflotun sevgisi emish bu sevgim,
Bir tushsan, qoʼrqaman koʼzimni ochsam.
Sen nursan-samodan suyib elangan,
Men esa bir sirman nurga belangan.
Menmanmi sohilsiz dengizdek oʼtgan,
Senmisan dengizdan uzoqlab ketgan…
ll
Orzuyim-boshim qoʼysam ul goʼzal domonida,
Ne alam, yondim doim men aning hijronida.
Qolsa ham koʼngil ahli abadiy armonida
Ey yurak, boʼlgil faqat shu doʼstning farmonida.
III
Men muhabbat shamʼidin mastu bemorman,
Doʼst koʼzlarining shavqiga zorman.
Ishq sohiblari sharhu masal etdilar-
Ey doʼst, tokay men sizga ozorman !…
IV
Qoʼl uzatsam yetmas yulduzsan,
Zulmat ichra shamga urildim.
Ishq atridan topdimu oʼlim,
Isming aytib qayta tirildim.
Mavjlaringda qolayin mayli,
Koʼzlaringga ketayin choʼkib.
Oʼshanda ham ketgayman oxir
Kamalakdan bir daraxt ekib…
V
Dardlandim, tabibga borayin dedim,
Bir goʼzal yuziga edi dil xumor.
Bir dono holimga kuydi-yu kuldi:-
“Ey nodon,tabibing oʼzi ham bemor”…


XАYRLАSHUV
Bizlar kech uchrashib erta ayrildik,
Senga maʼlum endi yaxshi-yomonim.
Men-da gunohkorman, men-da bir bebaxt,
Kechir va rozi boʼl, qoshi kamonim!
Kechir, atirgulning tikani misol,
Chehrang chamanini koʼp obod qildim.
Doʼstlik davralarin aylabon ishgʼol
Koʼngling gulzorini xarobot qildim.
Chehrang quyosh kabi porlab qiynalar,
Osmon boʼlolmadim ammo men unga.
Yuragimdan uchgan sonsiz turnalar
Yetib kelolmadi sen kelar kunga.
Rozi boʼl va ishon, endi hech qachon,
Muhabbatim haqda ochmasman nek fol.
Men firoq bandidan chiqaruvdim qon,
Sen koʼnglim qonatib topdingmi iqbol?
Rozi boʼl, qalbingning hur bodalarin
Аrzimasam-da lek totganim uchun.
Koʼnglimning ilohiy shabbodalari,
Quyoshdek koʼksinga botgani uchun.
Rozi boʼl, azizim, qaro koʼzligim,
Ishon, bu koʼzlarga endi choʼkmasman,
Dunyoni tund qildi vaslsizligim,
Ishon, koʼz yoshingni endi toʼkmasman.
Kechir,ey baxtlarim tugʼilgan ochun,
Sevgim, qaygʼum uchun, xayr, rozi boʼl.
Va ishon koʼzingga choʼkmoqlik uchun
Minglab qora koʼzdan kechgandim butkul.
Isming dur sochmogʼi uchun lablardan,
Bir bor oʼtli-oʼtli qarashmoq uchun,
Yashab million yillar oʼzga qalblarda
Аyrilganmiz balki uchrashmoq uchun.
Bizlar kech uchrashib erta ayrildik,
Senga maʼlum endi yaxshi-yomonim.
Men-da gunohkorman, men-da bir bebaxt,
Kechir va rozi boʼl, qoshi kamonim!…


Mendan qizgʼanasiz anduhingizni,
Mendan qizgʼanasiz shodligingiz ham
Baxtga chorlab turgan ul ruhingizni,
Yashirib qiynaysiz tunlari, erkam.
Bilmaysiz, yulduz ham koʼkda vaqtincha,
Bir yonib soʼngra u oʼchar abadiy.
Bulbul ham oʼladi gul koʼz ochguncha,
Men ham yer yuzida emasman boqiy.
Mendan qizgʼanasiz anduhingizni,
Dilim kapalagi oʼlar hasratdan.
Shunda ham qizgʼanib shukuhingizni,
Bexabar qolasiz bor haqiqatdan.
Maydi, nega oʼzni tashlamoq gʼamga,
Dil koʼkida mungning buluti nega?
Аchinganim-bir kun jonsiz tanamga
Sevilmagan doʼstlar boʼladi ega.
Shunda ham fahmingiz sezib ololmas,
Yovvoyi dardingiz sira olmas tin.
Koʼnglimdagi oy ham boqiy qololmas,
Bir kun qaygʼu qoplar yuzini butun.
Men faqat oʼksinib-
oʼksinib ketgum,
Sevilmaganimga emas, yoʼq, aslo,-
Umrim,orzum, sevgim yanchilib bitdi-
Men sevmagan doʼstlar oyogʼi aro.
Men faqat oʼksiyman,
oʼksib oʼylayman,
Vaqtim ketar menga kuymaganlarga.
Sogʼinchim, armonim haqda soʼylayman,-
Ularga-umrida suymaganlarga.
Siz-chi qizgʼanasiz daqiqangizni,
Bilmaysiz, men qancha baxtni joʼnatdim,
Bir bor chehrangizga boqmoqlik uchun
Men nechta tikanga bagʼrim qonatdim.
Bir kuni qaytaman kelsa hur soat,
Bir kuni mensiz ham qoladi bu dun.
Baribir suyagim yondirar hasrat,-
Nega men suyganim qizgʼandi koʼnglin?!
Mendan qizgʼanasiz anduhingizni …
Gulandom Togʼaeva

Leave a Reply

Your email address will not be published.