Barcha meni
tanigan-bilgan qadrdonlarimga, dugonalarga bag‘ishladim.
*** *****
Sizga qalbim qo‘shib berdim bir shahar,
Mehrlim, mohirsiz,
chapdast, safarbar,
Ming yilda topgan ul do‘stim deganlar,
Qachon telefon qilsin sizni deganlar?!
Ayting endi: “Dilda Majnuncha havo,
Boshimda-chi tojdir odob va hayo”.
Ichdan yig‘lasa ham yuzi kulganlar,
Qachon telefon qilsin sizni deganlar?!
Ilinib yashayman har ne ne’matni,
Dasturxon yozsam ham uning o‘rni bor.
Ming yillar qalbimda yashagan do‘stning
Ismini aytaman tilimda takror.
Balki men kerakman unga shu topda,
Balki dardlariga toparman darmon.
Unga biror tikon sanchilsa agar,
Menga uning zarbi qilichdan yomon.
Mehrlim, bir lahza ishingiz qo‘ying,
Diydor maktubiga qo‘ying dastxatlar.
Dardim aytsam tinglab, darddoshdek suying,
Osmondan yog‘ilsin ilohiy xatlar.
Axir yoningizdan o‘tib boryapman,
Oqsa -ortga qaytmas daryoman, daryo.
Qirg‘oqda qolmang hech guldasta tutib,
Egasiz gullarga egadir dunyo.
Gullar tashlab ketgan qirday yolg‘izman,
Qadrlim, qo‘shiqqa sig‘maydi dardim.
Garchi tuyulsam ham doim so‘ngsiz man,
Bir kun izlasangiz topilmas gardim.
Tongdan oqshomgacha gullar bilanman,
Ko‘nglim ko‘rsin-bahor, gulni deganlar.
Do‘stim, jonim sadqa har so‘zingizga,
Qachon diydorlashsin sizni deganlar?!
*****
SHAROBINGMAN
Sen ichmayin mast bo‘lganing-
shahdu shakar sharobingman,
Zulayhodek tiynati ul
ishqi arzon xarobingman.
Karbalo dashti uza izlama devonavor,-
Men Ajam mulkida bitta ajri yo‘q a’robingman.
Ismingni aytib xush bo‘ldim, aqlidan judo qush bo‘ldim,
Seningdek soqiy qo‘linda qadahda ul tar obingman.
Qalbimda undi kimyolar, ko‘zimdan oqdi daryolar,
Ul daryo suvini tarab, g‘amingda bir mirobingman.
Ko‘zingga termulib tursam, ul tushni menga man etma,
Oh, Adam mulkida Qaysga ko‘ringan hur sarobingman.
Magarki, do‘stu yoringni diydor bozoriga solsang,
Bahosi toshcha ham turmas, soylarda ul serobingman.
Maymanu ismingni aytib, nayga aylandi bu bag‘rim,
Qamishlarga kuy o‘rgatgan oftobzada turobingman.
Eshigingni qars yopganing, yuzimni arzon topganing,-
Nechun menga saboq bo‘lmas, nega hamon sharobingman?!
Ishq-imtihon, bahoyingni Hofizlar ham berolmaslar,-
Devorlarda osig‘ qolgan, ko‘ngli siniq rubobingman!…
13.08.2020 yil.
Gulandom Tog‘ayeva
https://t.me/shoira_Gulandom