SEVIMLI SHOIRIMIZ MАTNАZАR АBDULHАKIMDАN DURDONА SHE`RLАR:

DIYDOR
(Turkum sheʼrlardan parcha)
Bilmadim, aylandi necha bir fasl,
Necha bir asrlar shamoldek yeldi.
Men koʼngilma-koʼngil, naslma-nasl
Seni izlab oʼtmish qaʼridan keldim.
Va bir juft gʼazalga iltijo aylab,
Topib oldim azal va abad ichra.
Bilasan kim seni ketganin joylab,
Qorachiqlarimdan qilmaysan hijrat.
Mana, chaqnayapsan tun bagʼrin oʼyib,
Oʼz baxtingdan oʼzing soʼngsiz hayratda.
Bu baxt bulbullarni lol qilib qoʼyib,
Koʼkda yulduzlarni chah-chah sayratdi.
Qani edi, seni mayin maqtasam,
Boʼlmasa koʼksimda har bir soʼz toshdan.
Yoʼlimga koʼz tutib yashamokdasan
Necha asrlarki oʼn sakkiz yoshda.
Endi tosh soʼzlar ham boshlar-ov
koʼchki
Hayotimga solib tinmas zilzila.
Lekin menga taskin berolmas hech kim
Boshimni bir umr muttasil silab.
Oshigʼing — mangulik seni qiymaydi,
Boʼlgisi yoʼq senga xazon xaridor.
Meni ayov bilmay yomon qiynadi,
Goʼzalliging bilan sening bu diydor.
Diydoring boʼlmasa hayotim barbod,
Diydoring boʼlmasa men zabun kimsa.
Oʼzimni tilayman senga umrbod,
Ildizi yurakda oʼsimligimsan.
Men rashkda qovrilgan magʼrur nolaman,
Menda muhabbat bor, yoʼq menda shafqat.
Seni mangulikdan tortib olaman,
Qancha sevsang, shuncha yashaysan faqat.


Tohir boʼldim, daryolar kelmay qoʼydi,
Majnun boʼldim, sahrolar kelmay qoʼydi,
Qarab qoʼyging qiyolar kelmay qoʼydi,
Zulmatlarga ziyolar kelmay qoʼydi.
Ishqda boʼldim goh gadolar, goh shohlar
Bir soʼz aytding, boʼldim ming dilsiyohlar.
Koʼzyoshimdan ungan mehrigiyohlar
Yashnar desam, javzolar kelmay qoʼydi.
Borliq toʼldi shamolgamas, ohlarga
Ishq dardi yuk bir menmas, koʼp togʼlarga.
Tashrifingdan mahrum boʼlgan bogʼlarga
Shoʼx bulbuligoʼyolar kelmay qoʼydi.
Yuragimda ochdi ming-ming yaro koʼz,
Koʼzlaringdek yoʼkdir koʼzlar aro koʼz,
Ostonamdan oyoq uzding, qarokoʼz,
Dengizlarga daryolar kelmay qoʼydi.
Menmasmidim eng muhtoj, eng keraging,
Kimga aytib, kimdan soʼray daraging.
Kelmay qoʼydi yuragimga yuraging,
Dunyolarga dunyolar kelmay qoʼydi.


Shoir haqida maʼlumot:
MАTNАZАR АBDULHАKIM- 1948 yil 20 fevralda tugʼilgan. Shoirning oʼttizga yaqin sheʼriy, adabiyotshunoslikka oid va tarjima kitoblari nashr qilingan.
U forsiydan Shayx Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud, Mirzo Аbdulqodir Bedil, Munis, Ogahiy, Komil Xorazmiy, Muhammad Yusuf Rojiy, Аhmad Tabibiy, Xoja Аbulvafo Xorazmiy, Shayx Majdiddin Bogʼdodiy; rus tilidan Mixail Dudin, Nikolay Rubtsov, Rasul Hamzatov, Imant Ziedonis, Yevgeniy Yevtushenko, Nikolay Dmitriev hamda turkmanchadan Omondurdi Аnnadurdiev, Goʼzal Zaripova, Itolmas Xudoyberganov, Oytugʼdi Nazarov, Mamatnazar Bobonazarov, Qilichmurod Qaqaboev, Oqmurod Muhadovlarning sheʼrlarini oʼzbek tiliga tarjima qilgan.
1996 yilda “Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan Madaniyat xodimi” unvoni sohibi, 2002 yilda “Ofarin” mukofotining “Yilning eng yaxshi shoiri” nominatsiyasi gʼolibi boʼlgan.
2010 yil 18 sentyabrda vafot etgan.