Ertalab choy ichib o‘tirgandim. Ayolim kelib yonimga o‘tirdi. Piyolaga choy quyib uzatarkan, asta gap boshladi:
– Dadasi, bugun siz boshqa bir ayolni kechki ovqatga taklif qilishingizni istayman.
Chaynab turgan nonim tiqilib qoldi.
– Tinchlikmi onasi? Qanaqa ayol bilan kechki ovqatga boraman, ko‘rganlar nima deydi, esingni yedingmi? -dedim o‘zimni o‘nglab.
-Men sizni qattiq sevaman, hammadan qizg‘onaman, lekin aniq bilamanki, u ayol sizni mendanda ortiq sevadi va siz bilan bir soniya bo‘lsada birga suhbat qurib, diydoringizga to‘yishni istaydi. Bu inson- sizning onangiz,- dedi ayolim.
Chuqur o‘yga tolib qoldim. “Mana 19 yildirki, onam dadamsiz, birgina ukam bilan qishloqda yashaydi. Uchta bola va ayolimni yaxshi kiyintirib, yaxshi boqaman deb, biror marta tuzukroq onamga e’tibor bermabman. O‘le, eee o‘g‘il bo‘lmay, tur o‘rningdan”, deya o‘zimni o‘zim koyib o‘rnimdan turdim. Telefonimni olib onamga qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni ko‘tariboq, “Tinchlikmi bolam, nima bo‘ldi, buncha barvaqt telefon qilding”, deb qoldilar.
-Onajon, xavotirlanmang. Faqat yomon narsa bo‘lishi kerakmi, saharlab qo‘ng‘iroq qilishim uchun? Sizni sog‘indim, -dedim nafasim qisilib. Onam quloqlariga ishonmadilar shekilli. Chunki bu gapni ancha yillardan ber birinchi marta aytishim edi.
-Bolam gaplaring yoqmayapti. Xuddi o‘limidan oldin vasiyat qiladiganlarga o‘xshab gapirma! Nima bo‘ldi? – deya yana so‘radilar.
-Hech narsa emas, onajon. Maylimi, bugun kechga sizni biror restoranga kechki ovqatga taklif qilsam? Ikkalamiz shu oqshomni birga o‘tkazsak?- Bir oz jim qoldilarda,so‘ng
-“Jon -jon deyman ,bolam” dedilarda, piqillab yig‘lab yubordilar. Kechqurun mashinamni minib, onamning uyi tomon ketarkanman, xuddi uzoq kutgan sevgilisi bilan uchrashuv oldidan hayajonga tushib qoladigan oshiqdek, balki undan xam badtar holga tushib, yuragim tez-tez ura boshladi. Yetib kelib to‘xtaganimda, havo sovuq bo‘lishiga qaramay, onam darvoza oldida kutib turardilar.
-Onajon, nega chiqib oldingiz? Kelib o‘zim olib chiqardim, sovuqda muzlabsiz-ku.
Onam kelib peshonamdan o‘pib so‘rashdilar-da,
– “Bolam, yuragim toqat qilmay chiqib oldim”, dedilar.
Onam xuddi uchrashuvga chiqqandek yasanib olganlar. Holatlarini ko‘rib dam kulgim kelardi, dam o‘zimni yomon ko‘rardim: “Nega shu paytgacha onangni bir marta bo‘lsa-da shunday xursand qilmading”, deb.Mashinaga o‘tirar ekanlar, “Dugonalarimga bugun o‘g‘lim meni restoranga taklif qildi, desam, hammasining menga havasi keldi,” dedilar.
Shahar markazidagi shinamgina restoranga kirdik. Kirar ekanmiz, onam qo‘limdan ushlab olib, viqor bilan, xuddi shaharning birinchi raqamli xonimidek yurib borardilar. Ko‘zlaridagi quvonchni yashirishning imkoni yo‘q edi. Stolga o‘tirar ekanmiz, menyuni olib o‘qidim. Onam ancha ko‘zdan qolibdilar, faqat katta harflarni ko‘ra oldilar, xolos. Sen bolaligingda o‘qishni bilmasding, menyuni men o‘qirdim, sen esa erkalanib biror narsa tanlaguningcha ancha vaqt o‘tardi, endi esa sening navbating kelibdi, dedilar onam, uzoq o‘tmishni eslab. Suhbat qurib uzoq o‘tirdik. Vaqt allamahal bo‘lganini ham sezmabmiz. Qalbimda qandaydir shirin xotiralar, notanish iliqlik jo‘sh ura boshladi. Qanchalar ajoyib kecha bo‘ldi.
“Onajonimni nega shu paytgacha bir marta bo‘lsa-da restoranga taklif qilmabman? Bu shunchalar ajoyib ekan-ku”, deya o‘zimni o‘zim tergay boshladim. Onamni uylariga qo‘yar ekanman,
– “Bolam sen bilan yana o‘sha yerga borishni istayman”, dedilar. -Bajonidil onajon, unda kelayotgan haftada boramiz, dedim.
-Lekin bu safar man to‘layman restoranning pulini, dedilar qaysarlik bilan.
-Mayli onajon, siz nima desangiz shu, dedim.
Uyga qaytganimda ayolimga rahmat aytdim, axir u menga ajoyib bir oqshomni o‘tkazishda katta yordam berdida. Oradan 2 kun o‘tmay saharda ukam telefon qilib,
– “Aka, tez keling, onamning yuraklari xuruj qildi”, deb qoldi. Onamni tirik ko‘rish nasib qilmadi. Borgunimcha jonlari uzilibdi. Ma’rakalardan keyin ukam bir konvert tutqazdi, onam berib qo‘ygan ekanlar. Ochdim. U yerda bir parcha qog‘ozga xat qoldiribdilar: “Bolam, va’da qilganimdek, avvaldan borib restoranga ikki kishilik kechki ovqatni hisoblatib, pulini to‘lab keldim. To‘lov qog‘ozi xam shu yerda. Balki o‘sha kungacha men yetib bormasman. Lekin sen albatta ayolingni olib o‘sha yerga borgin. Ikkalamiz o‘tirgan joyda.”…
ABDURAHIM ALAMOV