Konstantin Paustovskiy bilan sayohat
(yozuvchi mehnati haqida o‘ylar)
Karantindan topgan imkoniyatlarimdan biri, vaqtimni o‘z ixtiyorimga topshirishimda bo‘ldi va jiddiyroq mutolaaga kirishayapman. Tobora shu paytgacha o‘qiganlarimni yuzaki hazm qilgandekman, hech qaysi asarni o‘qimaganga o‘xshayman.
Aslida ikki xil o‘quvchi bo‘larkan:
- Kitobxon (bu toifadagilar ko‘p kitob o‘qimaydi, dekin ruhiyatiga yaqin va sanoqli asarlarni sinchiklab, qahramonlar bilan birga yashab o‘qiydi).
- Kitobxo‘r (bu kabilar esa o‘qiydi, ammo uqmaydi va shaxsiy kutubxonasiga tinmay kitob tashmalaydi, o‘qigan asarlari haqda kitobxonlar bilan fikr almashmaydi. Lekin, falon asarlarni o‘qiganman deya maqtanib, yozuvchining umr bo‘yi yozgan romanidan chiroyli bir jumlani keltirish bilan cheklanadi, xolos).
Men ham 2-toifaga kirishimni sezib qoldim. Qo‘limga birinchi bor kitob olgandek “Oltin gul” (adabiy portretlar)ni varoqlashni boshladim.
K. G. Paustovskiy haqida ko‘pchilik bilsa kerak, “Romantiklar”, “Tovlangan bulutlar”, “Kolxida”, “Hayot haqida qissa” kabi bir nechta asarlar muallifi. O‘zbek tilida “Yiroq yo‘llar” va “Oltin gul” (E.Nosirov tarjimasi) asarlari chop etilgan.
Paustovskiy dastlab she’r yozgan va nimadir turtki bo‘lib, yozuvchi bo‘lishga ahd qilgan. She’r yozishdan to‘xtagach o‘n yil hech narsa yozmagan, hattoki kundalik ham qoralamagan. Faqat atrofni, jamiyatni va odamlarni kuzatish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Bu sinchkov kuzatuvlar esa unga juda katta muvaffaqiyat olib kelgan. Natijada bir-biridan samimiy va o‘ta dilgir asarlar yozishga erishgan. U nafaqat o‘z iste’dodini to‘g‘ri yo‘naltira olgan, balki boshqa o‘tkir qalam sohiblarini ham puxta o‘rganib chiqqan va ularga o‘z e’tiroflarni ham bayon etgan.
“Oltin gul” ham ana shu e’tiborlar natijasida maroq bilan o‘qiladigan, xotira-esselarni o‘zida jamlagan kitob. Bu kitob orqali qator adiblar bilan muloqot qilganday bo‘ldim; Chexovning uyida adabiyot haqida suhbat qurib, Mariya Pavlovnaning qo‘lidan qahva ichganday yoki Ivan Bunin bilan bolalikdan birga katta bo‘lgandayman. Yana unda Mopassan, Gogol, Gyugo, A.Grin, M.Gorkiy, M.Prishvinlarning asarlari tahlili, ijod yo‘li va shaxsiyati haqida fikr-mulohazalar keltiriladi. Hech bir manbada uchramaydiga ma’lumotlarni yig‘ish uchun, Paustovskiy atoqli shoir va yozuvchilar, Lermontov, Blok, Eduard Braginskiy, Yuriy Oleshalarning barcha asarlarni puxta o‘rganib chiqadi. Ularning tug‘ilgan joylariga borib, yaqin qarindoshlari bilan suhbat quradi va kutilgan natijadagi asarni o‘quvchilarga havola etadi.
Menga eng yoqqanni Andersenga bag‘ishlangan “Tungi dilijon” essesi bo‘ldi. Unda adib qalamiga mansub, biz o‘qigan (yoki bolalikdan tomosha qilib ulg‘aygan sevimli multifilmlarning,) ertaklarning qanday yaratilganligi va Andersenning qisqacha ijodiy mashaqqati aks etgan: “Andersen o‘rmonda yurib, ertak to‘qishni sevardi. Uning ko‘zi o‘tkir, bamisoli mikroskopday edi. Shu vajdan u bir parcha po‘stloq yoki keksa qarag‘ayga tikilib, shunaqangi narsalarni ko‘rardiki, ulardan osongina ertak to‘qisa bo‘lardi.”
Pushkinning o‘zga xos bir xususiyati bo‘lgan ekan, u asar yozayotganda biror joyi o‘xshamay qolsa, ortiqcha to‘xtalib o‘tirmay, o‘sha yerni ochiq qoldirib, u yog‘ini yozib ketaverarkan. U ilhom deb atalgan ruhiy ko‘tarinkilik yana qalbini zabt etganda o‘sha ochiq qoldirilgan joylarni to‘ldirishga kirisharkan, hech qachon ilhomni zo‘rma-zo‘raki keltirishga intilmagan ekan.
Dostoyevskiy o‘zi haqida, – kambag‘alligimdan shoshilinch yozishga majburman, pul uchun asar yozish uni albatta juvonmarg qilish demakdir, – degan ekan.
Lermontov she’rlarini to‘g‘ri kelgan narsaga yozib ketaverarkan. Yozadigan narsalarining bari uning miyasidan tayyor bo‘lganligi uchun beto‘xtov yozib tashlayvergan ekan.
Tolstoy ilhomni “qaynash” deya o‘ylab, – agar qaynasam tez yozaman, odam qaynamasa borki, unda yozishni yig‘ishtirishi kerak, – deb ta’kidlagan ekan.
Fransuz shoiri Beranje faqat hashaki qafvaxonalardan birida ijod qila olarkan. Erenburg ham qahvaxonada yozishni hush ko‘rarkan, chunki qaynoq olomon orasida yolg‘iz o‘tirsang, albatta hech kim xayolingni bo‘lmasa, jig‘ingga tegmasa, bundan yaxshi tanho ijod qilishlik hech qayerda topilmaydi.
Qisqasi, sevimli adiblarim va ularning asarlari haqidagi qimmatli manbalarni o‘qish juda zavqli kechdi. “Oltin gul”ga hali qayta-qayta murojaat qilsam kerak. Unga sari, ulug‘ ijodkorlarning qanchalik azoblanganini, ne-ne mashaqqatlar bilan yozilgan qalin jildli kitoblarini o‘qib, qo‘lga qalam olishga ham uyalib qolarkansan kishi. Qanchalik mayda ekaningni, ular oldida naqadar ojizlingini va atrof to‘la sen kabi havaskorlarni ko‘rib, nima haqda yozishga ham o‘ylanib qolarkansan.
Nazarimda, mana shunday chin iste’dodlarni kuzatib, jimgina yozganlaringni kulbangdan tashqariga ko‘tarib chiqmasdan, yaxshi kitobxon bo‘lib qolish, eng ma’qul yo‘l bo‘lsa kerak.
Muhammad Siddiq