Hayotimizda eng ko‘p ishoniladigan afsonalardan biri shuki, biz miyamizning atigi 10 foizidan faol foydalanamiz va 90 foizi esa bekor yotadi. Biologik faol qo‘shimchalar va shifobaxsh giyohlarning sotuvchilari, “nevrologiya faniga tayanib”, bizning miyamizda yashirin salohiyat borligini ta’kidlashadi va har-xil kimyoviy usullar bilan o‘z ongimizning quvvatini oshirishga va’da berishadi. Ammo bunday yo‘llar bilan ular faqatgina hamyonimiz hajmini kamayishiga muvaffaq bo‘ladilar, xolos.
So‘rovnomalar shuni ko‘rsatadiki, oddiy xalqning uchdan ikki qismi va o‘qituvchilarning yarmi ushbu afsonaga ishonishadi. 1890 yillarda Amerika psixologiyasining otasi Uilyam Jeyms
shunday so‘zlarni aytgan: “Ko‘pchiligimiz o‘z aqlimizning to‘liq salohiyatidan foydalanmay o‘tib ketamiz ”. Jeyms bu gapni aslida bizni rag‘batlantirish uchun aytgan, miyaning hamma qismlari aktiv modda almashinuvi jarayonida qatnashmasligini ayb sifatida e’tirof etish uchun emas. Ammo bu tushunmovchilik odamlarni ongida anchagacha o‘rnashib qoldi va hozirgi kungacha davom etdi.
Bundan tashqari, olimlar uzoq vaqt davomida miyamizda katta joy egallagan frontal qismi va keng o‘rta qismi qanday vazifalar bajarishini aniqlay olmaganlar. Ushbu sohalar shikastlanganida, hech kimda harakat yoki sezgirlik defisiti paydo bo‘lmagan. Shuning uchun ular miyaning bu sohalari hech qanday vazifani bajarmaydi deb o‘ylaganlar. O‘nlab yillar davomida, miyaning ushbu sohalari jim joylar deb nomlangan, ularning vazifasini anglash qiyin bo‘lgan.
Biz keyin shuni bildikki, ular ijro etuvchi organlar bo‘lib, miyaning boshqa qismlari operasiyasini birlashtirishga javob beradilar. Bu uyg‘unliksiz bizni inson deb atash qiyin bo‘lar edi. Bu qismlarning to‘g‘ri ishlashi abstrakt fikrlash, rejalashtirish, turli hukmlarni taroziga solish va turli xil vaziyatlarga moslashish uchun juda muhimdir.
Miyangizning 9/10 qismi bosh suyagi ichida bekor turadi degan fikrning qanchalik haqiqatdan uzoqligi, miyaning energiya sarfini hisoblab ko‘rganimizdan keyin yaqqol namoyon bo‘ladi. Kemiruvchilar va itlarning miyasi tanada bir kunda ketadigan energiyaning 5 foizini iste’mol qiladi. Maymunning miyasida ushbu ko‘rsatkich 10 foizni tashkil etadi. Katta odamlarda, tana massaning atigi 2 foizini tashkil etadigan miya, kundalik kuydiriladigan glyukozaning 20 foizini iste’mol qiladi. Bolalarda ushbu ko‘rsatkich 50 foizni, chaqaloqlarda 60 foizni tashkil etadi.
Bunday ko‘rsatkichlar odam miyasining umumiy tana hajmiga bo‘lgan nisbati uchun ancha yuqori hisoblanadi. Odamlar miyasining vazni 1,5 kilogrammni, fil miyasi 5 k.g.ni, kit miyasi esa 9 k.g.ni tashkil qiladi. Ammo og‘irlik bo‘yicha solishtirganda odamlarning miyasi boshqa jonzot turlariga qaraganda, o‘ta zich joylashgan juda ko‘p neyron(miya hujayrasi) larga ega. Ushbu o‘ta zich joylashuv bizni aqlli qiladi.
Tana hajmi va primatlar ko‘tarib yura oladigan neyronlar soni o‘rtasida mutanosiblik mavjud. 25 kilogrammlik maymun 53 milliard neyronga ega miyani oziqlantirishi uchun, kuning 8 soatini ovqatlanish bilan o‘tkazishi kerak. Biz, insonlar esa bir yarim million yil avval biz taom pishirish mahoratini o‘rganganmiz. Bu esa energiya tejash masalasida bizga katta ustunlik berdi.
Pishirilgan taom tanamizdan tashqarida deyarlik hazm bo‘lgan holatda -yumshoq bo‘ladi. Oshqozon-ichaklarimiz bunday taomlardan osonroq energiya oladi. Ovqat pishirish bizga ko‘proq vaqt va energiya beradi. Agar biz bundan aksi o‘laroq, oziq-ovqat mahsulotlarini xom iste’mol qilganimizda, 86 milliard zich joylashgan neyronlarni oziqlantira olmasdik. Bizning neyronlarimiz soni esa maymunnikiga qaraganda 40 foiz ko‘proq.
Miyaning oziqlanish jarayoni quyidagicha ishlaydi. Miya kuydirgan kaloriyalarning yarmi hujayralarni o‘z holida saqlab turish uchun sarflaydi. U elektr zaryadini bir holatda ushlash uchun membranalar orasiga natriy va kaliy ionlarini yuborish orqali bunga erishadi. Bularning hammasini uzluksiz amalga oshira olish uchun bu murakkab organ cheksiz energiya iste’molchisiga aylanishi kerak. U bir daqiqada hayratlanarli miqdordagi 3,4 x 10 ^ 21 ATF molekulalarini iste’mol qiladi. Bu yerda ATF tana o‘chog‘ining ko‘miridir.
Barcha 86 milliard neyronlarning dam olish holatida saqlab turish uchun miya, juda yuqori miqdorda energiya xarajat qiladi. Bu degani, asosiy ishni bajaradigan asab tolalariga – aksonlar va sinapslar bo‘ylab signallarni qo‘zg‘atish uchun juda oz miqdorda energiya qoladi.
Bizda bir vaqtning o‘zida neyronlarning ozgina qismi aktiv modda almashinuvida qatnashadi. Agar bunday bo‘lmaganda, neyronlarning hammasi ishlashidan paydo bo‘ladigan energetik yuk butun fikrlovchi organni bir zumda yaroqsiz qilib qo‘ygan bo‘lar endi.
Energiya samaradorligi nima uchun kerakligini hozir tushunib olasiz.
Siyrak kodlash* deb nomlangan jarayon bir vaqtning o‘zida hujayralarning ozgina qismiga signal berishga imkon beradi. Bu jarayonda eng kam quvvat sarflanib, eng ko‘p ma’lumotlar almashinadi. Chunki signallar oz bo‘lsa, ular o‘zlarining tez tarqalishi uchun minglab marshrutga ega bo‘ladilar. Agar ko‘p sonli neyronlar bir vaqtning o‘zida ishlaganida, siyrak kodlash qimmatga tushib ketgan bo‘lar edi.
Eng yomoni, agar ong hujayralarning katta qismi hech qachon aktiv bo‘lmaganda, ular badanimiz uchun ortiqcha yuk bo‘lar edi va evolyusiya ulardan allaqachon voz kechar edi. Eng optimal yechim miyada bir vaqtning o‘zida faol modda almashuvida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan hujayralarning maqbul ulushini topishdir.
Resurslarni tejashga bo‘lgan ehtiyoj, miyaning ko‘pgina ishlarini ong-osti* qismida amalga oshirilishiga sababdir. Bizning muntazam tartibimizda o‘rnatilgan kundalik ishlarning ko‘pchiligini miyamizning ong-osti qismi bajaradi. Shuning uchun ham bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifalarni bajarishga urinish bu – nodonning ishi. Bizning imkoniyatlar bir vaqtning o‘zida ikkita vazifani bajarishimiz uchun ham yetmaydi, 5-6 nafar vazifani bajarish haqida orzu qilmasak ham bo‘ladi. Agar bir vaqtning o‘zida ko‘p ishlarni amalga oshirishga urinsak ularning hech birini to‘liq uddala olmaymiz. Natijada, hech qaysi ish mukammal chiqmaydi.
Bu yerda raqamlar bizga qarshi. Sizning miyangiz shundoq ham aqlli va kuchli. Shunchalik kuchliki, o‘zini shu tarzda ushlab turish uchun unga katta quvvat kerak. Bu organ shu qadar dahoki, unda hattoki energiya tejash rejasi ham mavjud. Shunday qilib, yolg‘on afsonaga ishonib, go‘yoki dangasa miyangizni aybdor qilishga shoshilmang. Ortiqcha aybdorlik miyangiz quvvatini uvol bo‘lishiga olib keladi. Oxir-oqibat, ongingiz kuchini behudaga sarflash nodonlik emasmi?