KO’NGIL BEKATI

Malohat MIRZAYEVA 1968 yil 4 avgustda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Tibbiyot bilim yurtini tamomlagan. Oilali, besh nafar farzandning onasi. “Ishq ifori” (2017) she’riy to‘plami chop etilgan.

…..
Ko‘klamdayin ko‘rkam baxtdan to‘lishib,
Ishq bilan yashashni o‘rgatay senga.
So‘ng,
Baxmal bog‘larning yelidek shoshib,
Qulochingni yoyib peshvoz chiq menga.
Hayratni chetga qo‘y,
Kelgin yaqinroq,
Ko‘ksimda bir nigoh imlaydi, qara.
Dunyo tashvishidan xoli bu nigoh,
Bu nigoh eng yorug‘, guldek bokira.
Mehrning shu’lasi tushsa ko‘zinga,
Yorishib ketadi kunlaring chaqnab.
Bo‘y yetgan hislarning go‘zal raqsiga,
Nayda kuy chaladi Muhabbat yayrab.
Sen bilan xayolan quraman suhbat,
Afsuski, o‘zimni ovutib mudom,
Ko‘ksimda bir qayg‘u yig‘laydi faqat,
Sen yo‘qsan!
Muhabbat raqsi ham yolg‘on.
Eh, kimning baxti but, kimdir alamda,
Kimlardir kuzatar, kimlardir kutar,.
Mayli olisda bo‘l,
Faqat olamda,
Borligingning o‘zi men uchun yetar.
Tanho sen Hoqonsan ishqim taxtiga,
Sendan o‘zga kimsa sulton bo‘lolmas.
Bir yo‘qlab kelsangu barin haqqiga,
Peshonamdan bitta o‘pib qo‘ysang bas.

DARAXT

Nozikkina nihol edim, qadadilar zaminga,
O‘g‘it berib, suv quydilar mehr bilan ardoqlab.
Quyoshdan nur, yerdan quvvat kirib jonu tanamga,
Kunlar sayin ko‘kka tomon talpinardim yaproqlab.
Ulg‘aydim men erkalanib fasllarning bag‘rida,
Ko‘z o‘ngimda ulkanlashdi bu dunyoning surati.
Moʻjazgina bir o‘rindiq o‘rnatishgach poyimga,
Sekin anglay boshladim men odamlarning siyratin.
Kun kunora makon qildi o‘rindiqni oshiqlar,
To shom qadar o‘tirishar, tugamasdi izhorlar.
Negadir hech o‘ylashmasdi chimildiqni oshiqlar,
O‘tsa hamki qancha qishu qancha yozu bahorlar.
Tanam uzra bog‘lanardi har aldovdan bir tugun,
Qismatimmi guvoh edim qancha yolg‘on-yashiqqa.
Kechagina boshqa sahna ko‘rgan bo‘lsam,
Eh bugun,
O‘sha suluv karashmalab turar boshqa oshiqqa.
Yillar o‘tar o‘rindiqning buyoqlarin o‘chirib,
Endi mening yaproqlarim za’farondir yashilmas.
Ixlosim ham so‘ndi go‘yo, poyginamda o‘tirib,
Muhabbatdan so‘ylaganlar nazarimda oshiqmas.
So‘zlay desam soqov edim, ichga yutdim barini,
Dardlarimning fig‘oni deb shovulladim ertalab.
Bir o‘tinchim, olib keting o‘rindiqni ko‘chirib,
Yoki meni o‘tin qiling ayamasdan boltalab!

TUN

Tun, dardimni tingla cho‘g‘li, otashli,
Ko‘ksimni kuydirar tilib beayov.
Bag‘rim yarolidir, ko‘zlarim yoshli,
Omonat jonimga ming bitta so‘rov.

Mayliga, ruhimni o‘ynasin bebosh,
O‘sha yomg‘irdan so‘ng esgan shabadang,
Yellar hislarimni qilingu talosh,
So‘ng…
Tunning ko‘ksiga yuragim qadang.

Tun.
Yelkanga birpas boshimni qo‘yay,
Yulduzlaring silab tursin sochimni.
Hech qursa men sening mehringni tuyay,
Hech kimsa ko‘rmasin ko‘zda yoshimni.

Siz jiming, yupatmang, ey do‘stu g‘anim.
Yolg‘onga aylandi mehringiz kuyib,
Achchiq alam bo‘ldi ishqdan topganim,
Boshqa nima topdim men yorni suyib.

Qora tun, mahkamroq og‘ushla, mayli,
Singib ketay izsiz bir tuman bo‘lib.
Zulmating ko‘zimga botsin!
Sen faqat.
Izn ber yig‘lashga bir to‘yib-to‘yib.

Qirovli sochimni sila oymomo,
Armonlarim dildan ketsin to‘kilib,
Bevafo topmasin, topmasin illo,
Meni Tun bag‘ringdan ming bor qidirib.

Bisotimda dard mo‘l, bag‘ringda hungrab,
Yig‘layin yurakdan bir to‘yib – to‘yib.
So‘ng.
Tongni kutgancha qolayin uxlab,
Tun, kengish yelkanga boshimni qo‘yib.

Malohat MIRZAYEVA