OSHIQ DIL VASFI YOXUD MASHRAB GʻAZALIGA SHARH

Bu tani hokiyniyu ruhi ravonni na qilay?!
Bo‘lmasa qoshimda jonona bu jonni na qilay?!
Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak,
Ibrohimdan qolg‘on ul eski do‘konni na qilay?!
Urayinmi boshima sakkiz behishtu do‘zaxin,
Bo‘lmasa vasli menga, ikki jahonni na qilay?!
Arshning kungurasin ustiga qo‘ydim oyog‘im,
Lomakondin xabar oldim,bu makonni na qilay?
Zarraye nuri quyoshdan bu jahon ichra tamom
Oshkora bo‘lmasa, sirri nihonni na qilay?!
Bir xudodin o‘zgasi barchasi g‘alatdur, Mashrabo,
Gul agar bo‘lsa qo‘lumda, ul tikonni na qilay?!-
Shoir Boborahim Mashrabning ushbu o‘tlig‘ satrlari har bir o‘qigan g‘azalxon qalbiga otash cho‘g‘lar soladi.
Bobokalon shoir Boborahim Mashrab 1640 yili Namangan diyorida tavallud topdi. Uning hayoti qanchalik mushkulotlarga to‘liq bo‘lmasin,she’rlari uni elga tanitdi, uning porloq nomini abadiylashtirdi.
“Shahidi Karbalo bo‘lgan”, Majnundan nazar topgan”, oliy ma’nodagi qalandar shoirni o‘tgan asrda o‘z bahosini bermasdan,haddan ortiq ehtiyotkorlik bilan so‘zladilar. Mashrabni hayotligida esa “dinsiz”, “dahriy” deb e’lon qilishdi. Yo‘q, u dahriy emas edi. Uning olovnigor yuragi, tepkilarga to‘la, zarblardan tarang she’riyati hech qanday qafaslarga sig‘magudek zalvorli edi. Mashrab darajasigacha ko‘tarilgan kishi o‘z isyoni haroratida qodiri mutlaqni tanish vositalarinigina emas, uning o‘zga sirlari bilan ham hamdamlashadi.
Bu tani hokiyniyu ruhi ravonni na qilay?!
Bo‘lmasa qoshimda jonona bu jonni na qilay?!
Tan Ruh borligi uchun qadrli. Ruh esa yor bilan vasl qurmas ekan,”puchak pulga” teng bo‘lib qoladi. Yorsiz bu jahonning dil-siyohliklari,taxbatahliklari, kulgu-g‘amlari hech narsadir.
Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak,
Ibrohimdan qolg‘on ul eski do‘konni na qilay?!
Bu bayt mutaassiblar uchun shoirni kofir atamoqqa yaxshi bahona bo‘lganligi aniq. Ammo oynaga yaxshiroq qarasak-chi? Tasavvuf olamida yor haqqi oliy, boda haqqi oliyga bo‘lgan bepoyon ishq timsoli. Agar yor va mahbuba ishqi bo‘lmasa Yerda ibodat etiladigan, yorga munojot etiladigan har qanday Ka’ba eski do‘kondir. Xuddi ana shu timsol bilan quyidagi baytni ham to‘g‘ri sharhlash mumkin:
Urayinmi boshima sakkiz behishtu do‘zaxin,
Bo‘lmasa vasli menga, ikki jahonni na qilay?!
Agar yor bo‘lsayu vasli bo‘lmasa, oshiq uchun jahon (foniy va bu dunyo ham mislsiz sitamdir,davosi bo‘lmagan og‘riqdir. Ba’zida oshiq yor vasliga tezroq yetishuviga gumon bilan qarydi, axir yor vasliga hamma oshiqlar ham yetisha olmaydi-ku, kimlardir abadiy hijronga mahkum. Hijron va shubhaga sabab firoqning yetti pardali bo‘lishidir. Firoq qiynoqlaridan ezilgan, ammo ruhi tetik, umidga to‘lgan oshiq o‘ziga tasalli ham topadi:
Zarraye nuri quyoshdan bu jahon ichra tamom
Oshkora bo‘lmasa, sirri nihonni na qilay?!
Rostdan ham marvarid chig‘aon ichidagina qadrli. Agar sir oshkor bo‘lsa, unga intilish, poyiga yiqilish hissi ham so‘na boshlaydi. Mashrab bu qadar kuchli timsol va iboralar topgani, devonaligining sababi ham keyingi baytda ochiladi:
Bir xudodin o‘zgasi barchasi g‘alatdur, Mashrabo,
Gul agar bo‘lsa qo‘lumda, ul tikonni na qilay?!-
Bulbul(oshiq), Gul(yor) ga yetishmoq uchun munojot etadi. Gul Bulbulga tikan sanchar ekan, tikan zarbi qanchalik ulug‘ bo‘lsa, Bulbulning munojoti ham shunchalik sohirlashib boradi. Axir Gul tikanlarini sanchayotganida Bulbulga yaqinlashadi! Bu baxt emasmi? Bu visolning bir ko‘rinishi, mujdasi emasmi? Bulbul Gulga yetishgan bo‘lsa, tikon, ya’ni kulfatlar, dunyo ranj-alamlari Oshiqqa bilinmaydi. Aksincha, hijron tugayotganidan dalolatday tuyuladi.
Gʻazalning eng muhim bayti ushbudir:
Arshning kungurasin ustiga qo‘ydim oyog‘im,
Lomakondin xabar oldim,bu makonni na qilay?!
Oshiqlikdan maqsad, o‘zini tanimoq, yor bilan vasldir. Lomakon-bu cheksizlik,arsh-bu yorning o‘rni, makoni, bunga yetishmoq g‘oyat dushvor. Oshiq lomakondan joy olganini bilibgina qolmaydi, balki boshdan kechiradi, nurning sohibi bo‘lib, dunyo kezinadi. Bu g‘azal orqali shoir insonning qismati oriflik bo‘lishi lozimligini tushuntiradi. Oshiq tug‘yon bilan o‘ynashadi, dardi malham izlaydi. Shoir sharq adabiyotining eng muhim, badiyan yo‘nalishlaridan biri-tasavvufning yor, boda kabi unsurlaridan unumli, mohirona foydalanadi. Mashrabning adlparastligi uni Qalandarlik darajasiga ko‘tardi. U chin ma’noda oshiq bo‘lib ranj chekdi, ana shu boy iztiroblar uni el uchun sevimli Boborahim Mashrab qildi. Zero, ishqdan murod ham aslida shu, ya’ni Insonning Kamolotidir.

Gulandom Tog‘ayeva, filologiya fanlari nomzodi

Leave a Reply

Your email address will not be published.